Shu munosabat bilan bugun Bobur Ismoilovni Bojxona qo‘mitasi shaxsiy tarkibiga tanishtiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Qo‘mita Raisi A.Mavlonov dastlab o‘tgan yilning 26-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va ko‘p millatli Xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida berilgan vazifa va topshiriqlarning bojxona idoralaridan ijrosiga e’tibor qaratdi.
Boisi, ayni shu Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yangi bosqichga olib chiqish zarurligi alohida qayd etilgan edi. Buning uchun barcha muhim davlat idoralarida, jumladan bojxona tizimida ham bevosita komplayens va ichki nazoratga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosar lavozimi joriy etilgan edi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning iqtisodiy ochiqligi va tashqi savdo hajmi keskin o‘sib bormoqda.
Raqamlarga e’tibor qaratsak, oxirgi besh yil ichida, respublikaning tashqi savdo aylanmasi salkam 1,7 barobarga oshdi, chegara bojxona postlari orqali harakatlangan transport vositalari soni 2,3 barobarga ko‘paydi, yo‘lovchilar oqimi esa 3,7 barobarga o‘sgan.
Bunday ulkan hajmdagi ish jarayonida inson omilini kamaytirish, bojxona rasmiylashtiruvida shaffoflikni ta’minlash va har qanday korrupsion holatlarning oldini olish — soha oldidagi eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
Bu esa yangi tayinlangan o‘rinbosarning o‘z faoliyatida asosiy e’tiborni tizimda korrupsiyaning oldini olish, bojxona xodimlarining odob-axloq qoidalariga rioya etishini nazorat qilish, tizimdagi xavf-xatarlarni oldindan tahlil qilish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslikka qaratishi zarurligini taqozo etadi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Komplayens xizmati rahbari E.Yuldashev ishtirok etdi.