Yakkasaroy tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi Ravshan Sultonxoʻjayev ishtirokida saf yigʻini boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda tumanda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda fuqarolar osoyishtaligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbir yakunida jasorat va insonparvarlik namunasini koʻrsatgan fidoyi insonlar munosib taqdirlandi.

Xususan, Boʻrijar kanalida choʻmilish vaqtida choʻkayotgan 13 yoshli Muhammadning hayotini saqlab qolgan Yakkasaroy tumani IIO FMB post-patrul xizmati inspektori Rasul Joʻrayevning mardligi va tezkorligi alohida eʼtirof etildi. Shuningdek, qutqaruv jarayonida bevosita yordam koʻrsatgan fuqaro Zuhriddin Eshquvvatovning ham jasorati yuksak baholandi.

Inson hayotini saqlab qolish yoʻlidagi fidokorona harakatlari va qahramonligi uchun Rasul Joʻrayev hamda Zuhriddin Eshquvvatovga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi Ravshan Sultonxoʻjayev va Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova tomonidan tashakkurnoma, pul mukofoti hamda esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda inson hayoti eng oliy qadriyat ekani, bunday jasorat va fidoyilik jamiyat uchun ibrat boʻlishi alohida taʼkidlandi.