Özbekiston Prezidenti matbuot kotibi Şerzod Asadov forumning oçilişidagi nutqida Prezidentlar Şavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning özaro işonç va döstlikka asoslangan muntazam muloqoti mamlakatlarimiz örtasidagi köp qirrali hamkorlik, jumladan, media va kommunikatsiyalar sohasidagi aloqalar rivojiga kuçli surʼat bağişlayotganini taʼkidladi.

Sönggi yillarda Özbekiston axborot makonida keng kölamli özgarişlar amalga oşirildi. Bugungi kunda mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalarining 67 foizi nodavlat sektorga töğri keladi, internetdan foydalaniş darajasi 94 foizga yetdi. Raqamli kontent işlab çiqariş kölami kengaymoqda, Markaziy Osiyoda birinçi milliy mediabank işga tuşirildi.

Şu bilan birga, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanişi professional media hamjamiyati oldiga yangi vazifalarni qöymoqda. Axborotning işonçliligini taʼminlaş, jurnalistlarning masʼuliyatini oşiriş, feyklar va dezinformatsiyaga qarşi kuraşiş tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Axborot xurujlari va yolğon xabarlar mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz örtasida işonçsizlik va kelişmovçiliklarga sabab bölmasligi kerak. Aksinça, söz va axborot özaro anglaşuv, hurmat va döstona aloqalarni mustahkamlaşga xizmat qilişi zarur.

Kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yönalişlari qatorida qöşma taʼlim dasturlari va stajirovkalarni taşkil etiş, faktçeking sohasidagi hamkorlik, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar böyiça loyihalarni amalga oşiriş, şuningdek, ikki mamlakat tahririyatlari örtasidagi bevosita aloqalarni mustahkamlaş alohida örin tutadi.

"Işonçim komil, forum yangi ğoyalar, amaliy taşabbuslar va qöşma medialoyihalarni ilgari suriş uçun muhim muloqot maydoniga aylanadi", dedi Şerzod Asadov.