Ushbu tashabbus doirasida Chilonzor tumani Beshyog‘och mahallasida aholi va shahar mehmonlari uchun yangi dam olish maskani barpo etilmoqda. Loyiha Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilmoqda.
Loyihaning umumiy maydoni 23 ming kvadrat metr (2,3 gektar) bo‘lib, shundan 18 700 kvadrat metri sun’iy ko‘l uchun ajratilgan. Ko‘lning suv sig‘imi qariyb 37 400 kub metrni tashkil etadi.
Loyiha doirasida hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, 150 tup yangi daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, dam oluvchilar uchun umumiy uzunligi 4 600 metr bo‘lgan piyodalar va veloyo‘laklar, 2 ta favvora hamda boshqa zarur infratuzilma tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Loyihaning o‘ziga xos me’moriy yechimlaridan biri ko‘l hududida o‘rnatilishi rejalashtirilayotgan 30 metr balandlikdagi aylanuvchi arkali ramziy darvozadir.
Ushbu inshootning me’moriy konsepsiyasini shakllantirishda italiyalik mutaxassislarning dastlabki takliflari ham o‘rganilgan. Mazkur g‘oyalar mahalliy mutaxassislar tomonidan qayta ishlab chiqilib, hududning o‘ziga xos xususiyatlari va loyiha talablariga moslashtirildi.
Loyihachi “Lider Prof Proyekt” MChJ mutaxassislari tomonidan arkali inshootning murakkab konstruktiv va mexanik yechimlarini ishlab chiqishda xorijiy, jumladan, xitoylik mutaxassislar bilan texnik hamkorlik imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, dastlabki loyiha yechimlarida arkali inshoot ichida ikkita lift joylashtirish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Yangi maskanning "Magic City" va "Milliy bog‘'ga tutash joylashuvi uni nafaqat yaqin mahallalar aholisi, balki poytaxtning boshqa hududlaridan keluvchi fuqarolar va sayyohlar uchun ham jozibador dam olish manziliga aylantirishi kutilmoqda. Loyiha foydalanishga topshirilgach, ushbu maskanga kuniga 3 ming nafargacha tashrif bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi dam olish hududi aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, oilaviy hordiq chiqarishi, sayr qilishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Loyihani amalga oshirishda, eng avvalo, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Sun’iy ko‘l, yashil hududlar, zamonaviy me’moriy yechimlar va sayr yo‘laklarini o‘zida birlashtirgan ushbu maskan Toshkentning navbatdagi jozibador go‘shalaridan biriga aylanishi kutilmoqda.