Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan tezkor o‘rganish ishlari olib borildi. Joyiga chiqqan mutaxassislar tomonidan xabarda ko‘rsatilgan hududda reklama banneri mavjud emasligi aniqlandi.

Shu bilan birga, viloyat ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, banner joriy yilning 29 aprel kuni o‘rnatilgan va shu kuniyoq olib tashlangan.

Qonunchilikka muvofiq, jumladan, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga binoan tashqi reklamani moddiy-madaniy meros obyektlariga joylashtirish taqiqlanadi. Shuningdek, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hozirda Raqobat qo‘mitasi tomonidan reklama buyurtmachisi, tayyorlovchisi, tarqatuvchisi va tadbir tashkilotchilariga nisbatan qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Yakunlariga ko‘ra, holatga huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.

Qo‘mita barcha tadbir tashkilotchilari va reklama sohasi vakillarini amaldagi qonunchilik talablariga, ayniqsa madaniy meros obyektlari hududidagi cheklovlarga qat’iy rioya etishga chaqirdi.