Xalqaro olimlar jamoasi million kishining genomi haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib, inson shaxsining beshta asosiy xususiyati bilan bog‘liq 1260 ta mustaqil genetik variantni aniqladi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, shaxsning individual xususiyatlariga nafaqat tarbiya, tajriba va atrof-muhit, balki genlar ham ta’sir ko‘rsatadi, deb xabar berdi naked-science.ru.

Inson shaxsining asosiy xususiyatlarini tavsiflash uchun psixologlar “katta beshlik” deb ataladigan modeldan foydalanadi. Uning fikricha, inson shaxsi beshta umumiy va nisbatan mustaqil xususiyatni o‘z ichiga oladi: ekstraversiya, xayrixohlik, vijdonlilik, neyrotizm (salbiy hissiyotlarga moyillik) va tajribaga ochiqlik. Model insonda beshta sifatning har biri qanchalik kuchli ifodalanganligini ko‘rsatadi.

Har bir chiziqning ikkita qarama-qarshi qutbli shartli shkalasi bor. Masalan, ekstraversiya shkalasining bir bir boshida muloqot qilishni yaxshi ko‘radigan, oson tanishib oladigan va turli davralarda bajonidil vaqtini o‘tkaza oaldigan odam turibdi deylik. Boshqasida esa aksincha, – yolg‘izlikda o‘zini qulay his qiladigan, tinch muhitni afzal ko‘radigan va ko‘p muloqotdan tezroq charchaydigan kishi mavjud. Aslida bu ikki holat o‘rtasida ko‘plab oraliq variantlar mavjud.

Boshqa xislatlar bilan ham shunday bo‘ladi. Bir kishi juda tartibli va intizomli bo‘lsa, boshqasi ko‘pincha o‘z-o‘zidan harakat qiladi. Kimdir stressga xotirjam chidasa, kimdir ko‘proq xavotirlanadi va noxush voqealarni uzoqroq boshdan kechiradi. Biri doimiy ravishda yangi taassurotlar va g‘oyalar izlaydi, boshqasi esa tanish muhit va odatiy tartibni afzal ko‘radi.

Shuning uchun har bir odamda beshta xususiyatning o‘ziga xos birikmasi hosil bo‘ladi. U bir vaqtning o‘zida yuqori vijdonlilik, o‘rtacha ekstraversiya va past neyrotizmga ega bo‘lishi mumkin. Aynan shunday birikma shaxsning individual xususiyatlarini tavsiflashga yordam beradi.

Ma’lumki, bu xususiyatlar tajriba, tarbiya, atrof-muhit ta’sirida o‘zgarishi va yosh o‘tishi bilan barqarorlashib borishi mumkin. Bunga genetika ham sezilarli hissa qo‘shadi, deb hisoblanadi.