Kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishidagi islohotlar va erishilayotgan natijalar koʻrsatyaptiki, Oʻzbekiston juda qisqa davrda ayni yoʻnalish boʻyicha dunyoga namuna boʻla oladigan darajadagi milliy tajriba yarata oldi. Pirovardida anʼanaviy ijtimoiy yordam berish yondashuvidan farqli oʻlaroq, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunarga oʻqitish va manzilli koʻmaklashish vositasida barqaror daromad manbaini yaratishga asoslangan taj­riba orqali kambagʻallikni keskin kamaytirishga erishdi.

Ushbu tajribaning, u orqali qisqa fursatda katta natijaga erishishning siri nimada? Bu savolga javobni ayni yoʻnalish boʻyicha xalqaro andoza sifatida koʻrsatiluvchi Xitoy tajribasiga qiyosan, iqtisodiy nuqtayi nazardan koʻrib chiqsak, maqsadga muvofiq boʻladi, nazarimda.

Davlat boshqaruvi va iqtisodiy islohotlarni baholashda siyosiy maqsad va ijtimoiy natijani farqlash zarur. Qarorning qabul qilinishi hali uning samarali amalga oshirilganini anglatmaydi. Islohotning ahamiyati, avvalo, ishlab chiqarish samaradorligi, aholining daromad olish imkoniyatlari va ­ijtimoiy xavflardan himoyalanish darajasida namoyon boʻladi. Xitoy hamda Oʻzbekiston tajribasi ushbu bogʻliqlikni turli tarixiy va iqtisodiy sharoitlarda kuzatish imkonini beradi.

Mao Szedun, Den Syaopin va Si ­Szinpin davrlari davlatning iqtisodiyotdagi vazifalari, ragʻbatlantirish usullari va ijtimoiy siyosat vositalari oʻzgarib borgan bosqichlardir. Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi islohotlarni ular bilan bogʻlashda tashqi oʻxshashliklardan koʻra iqtisodiy imkoniyatlar, boshqaruv sifati va aholi farovonligi oʻrtasidagi munosabatlar asosiy mezon boʻladi.

Iqtisodiy oʻsish bilan kambagʻallikning qisqarishi oʻrtasidagi munosabat daromadning qanday taqsimlanishiga ham bogʻliq. Ishlab chiqarish hajmi kengayishi yangi ish oʻrinlari, mehnat unumdorligi va aholi daromadi orqali ijtimoiy natijaga aylanadi. Biroq taʼlim, sogʻliqni saqlash, infratuzilma va moliyaviy resurslarga kirish imkoniyati cheklangan guruhlar oʻsish samarasidan toʻliq foydalana olmasligi mumkin. Shuning uchun umumiy iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish bilan ehtiyojmand oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlashni birgalikda koʻrib chiqish zarur.

Qiyosiy baholashda tarixiy sharoit va statistik mezonlarning farqi saqlanishi kerak. Xitoyning 2012-2020-yillardagi tanlangan kuzatuvlari va Oʻzbekistonning 2021-2025-yillardagi milliy kambagʻallik koʻrsatkichlari mamlakatlarning ichki dinamikasini ifodalaydi.

Mao Szedun boshchiligida 1949-yilda Xitoy Xalq Respublikasining tashkil topishi davlat suverenitetini tikladi, mamlakatni birlashtirdi. Markazlashgan siyosiy tizim, yer munosabatlari oʻzgartirilishi, boshlangʻich taʼlim va sogʻliqni saqlash mamlakatning ke­yingi iqtisodiy taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatdi. Sanoat bazasini yaratish, savodxonlikni kengaytirish va asosiy ijtimoiy xizmatlarni hududlarga yetkazish davlatning ustuvor vazifalariga aylandi. Biroq mazkur jarayonni faqat ijobiy natijalar orqali tavsiflash tarixiy manzarani biryoqlama qiladi.

Mao davri boshqaruv modelining institutsional asosini resurslarni markazlashgan tarzda taqsimlash va jamoaviy safarbarlik tashkil etgan. Bu mexanizm ustuvor tarmoqlarga resurslarni yoʻnaltirish imkonini bersa-da, qaror qabul qiluvchi markaz bilan mahalliy ishlab chiqaruvchi oʻrtasida axborot asimmetriyasini kuchaytirdi. Ijrochining fao­liyati haqiqiy samaradorlikdan koʻra reja bajarilgani haqidagi hisobot orqali baholansa, koʻrsatkichlarni sunʼiy yaxshilash ragʻbati paydo boʻladi. Shu sababli maʼmuriy nazorat kuchliligi iqtisodiy muvofiqlashtirish samaradorligiga avtomatik ravishda teng emas.

1958-yilda boshlangan “katta sakrash” va xalq kommunalari siyosati iqtisodiy imkoniyatlar bilan maʼmuriy maqsadlar oʻrtasidagi nomuvofiqlikni keskinlashtirdi. 1966-1976-yillardagi “madaniy inqilob” esa taʼlim, mutaxassislar faoliyati va ins­titutsional barqarorlikka ogʻir zarar yetkazdi. Xitoyning 2021-yilgi rasmiy tarixiy rezolyutsiyasi ham bu davrdagi jiddiy xatolarni tan oldi. Jahon banki tadqiqotlari islohotlar arafasidagi qishloq kambagʻalligi merosini ana shu muvaffaqiyatsiz ­siyosatlar bilan bogʻlaydi.

Bu tajribaning institutsional talqini davlat salohiyatining ikki jihatini ajratishni talab etadi. Resurslarni safarbar qilish imkoniyati muayyan vazifaga mablagʻ va mehnatni yoʻnaltirishni anglatadi. Moslashuvchan boshqaruv xususiyati esa notoʻgʻri qarorni aniqlash, ishonchli axborot olish va siyosatni qayta koʻrib chiqish imkoniyatida namoyon boʻladi. Birinchi jihat ikkinchisi bilan toʻldirilmasa, xato siyosatning koʻlami ham kengayishi mumkin. Demak, ekspert bahosi, mahalliy tashabbus va natijalarning xolis tekshirilishi davlat boshqaruvi sifatining tarkibiy shartlaridir.

Mao davrining Oʻzbekiston uchun ahamiyati uning iqtisodiy modelini takrorlashda emas. Bu tajriba ijtimoiy maqsadlar qanchalik yuksak boʻlmasin, ularni amalga oshirish vositalari ishlab chiqarish ragʻbatlari va inson manfaatlariga mos boʻlishi kerakligini koʻrsatadi. Kambagʻallik dasturida kredit ajratish yoki oilani roʻyxatdan chiqarishning oʻzi yakuniy natija sanalsa, real farovonlik eʼtibordan chetda qolishi mumkin. Demak, har bir maʼmuriy vazifa uy xoʻjaligining barqaror daromadi va xizmatlardan foydalanish imkoniyati bilan tekshirilishi lozim.

Den Syaopin bilan bogʻliq 1978-yildan boshlangan islohotlar Xitoyda iqtisodiy boshqaruvning ragʻbatlar tizimini oʻzgartirdi. Denning mavqeini odatdagi prezidentlik davri bilan tenglashtirish toʻgʻri emas: u partiya va davlat siyosatining yetakchi yoʻnalishini belgilagan arbob edi. Islohotlarning oʻzagi bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy qilish, tashqi iqtisodiy aloqalarni ochish va amaliy natijani siyosat samaradorligining mezoniga aylantirishdan iborat boʻldi.

Qishloq xoʻjaligida oilaviy pudrat tizimi xoʻjaliklarning ishlab chiqarish natijasidan manfaatdorligini kuchaytirdi. Yerning toʻliq xususiylashtirilishisiz ham foydalanish va hosildan daromad olish shartlari oʻzgarishi mehnat ragʻbatiga taʼsir koʻrsatdi. Jahon banki tahlilida bu mexanizm qishloq daromadlari oʻsishi va islohotlarning dastlabki bosqichidagi kambagʻallik qisqarishining muhim omili sifatida koʻrsatiladi. Uning iqtisodiy mazmuni mulk huquqining nomigagina emas, amalda kim qanday qaror qabul qilishi va natijadan qanday foyda olishiga eʼtibor qaratishdir.

1980-yilda Shenchjen, Chjuxay, Shantou va Syamen maxsus iqtisodiy zonalari tashkil etilishi tashqi kapital, texnologiya va eksport bozorlariga chiqish uchun tajriba maydonlarini yaratdi. Hududiy tajriba mamlakat boʻylab birdaniga bir xil tartib joriy qilish xavfini kamaytirdi. Muvaffaqiyatli yechimlarni kengaytirish, samarasizlarini esa qayta koʻrib chiqish imkoniyati paydo boʻldi. Shu jihatdan, Den yondashuvi qatʼiy tayyor sxemadan koʻra oʻrganishga asoslangan boshqaruv sifatida talqin qilinishi mumkin.

Xitoy islohotining meʼmori deya tan olingan Den Syaopin iqtisodiy siyosatining eng kuchli jihatlaridan biri ochiqlik, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish orqali chet el kapitalini jalb qilish boʻldi. Chunki bu orqali yuz millionlab odamlar kambagʻallikdan qutuldi.

Biroq maxsus zona tashkil etishning oʻzi iqtisodiy muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Uning samarasi transport, energiya, malakali ishchi kuchi va tashqi talabga ulanish imkoniyatiga bogʻliq. Imtiyozlar umumiy biznes muhitidagi kamchiliklarni yashiradigan vositaga aylansa, investitsiya imtiyoz tugashi bilan bosh­qa hududga koʻchishi mumkin. Demak, hududiy tajribadan olinadigan asosiy saboq soliq yengilligining hajmi emas, raqobatbardosh ishlab chiqarish ­sharoitlarini shakllantirishdir.

Den davrida boshlangan oʻzgarishlar ke­yingi rahbarlar davrida davom ettirildi. Jahon banki va Xitoyning hamkor tadqiqoti ushbu davrda xalqaro 1,90 dollar chegarasi boʻyicha kambagʻallar soni qariyb 800 mil­lionga kamayganini qayd etadi. Bu tarixiy hisob eski xalqaro mezonga tegishli, uni hozirgi chegaralar bilan aralashtirish yoki butun natijani faqat Den yoxud Si faoliyatiga yozish unchalik adolatdan boʻlmaydi. Natija iqtisodiy oʻsish, tarkibiy siljishlar va bir necha avlod davomida yuritilgan siyosatlarning yigʻindisidir.

Si Szinpin 2012-yilda davlat rahbarligiga kelganidan keyingi bosqichda kambagʻallikni qisqartirish uy xoʻjaligi darajasidagi aniq ehtiyojlarni aniqlash bilan kuchaytirildi. Davlat intizomi va korrupsiyaga qarshi siyosat, qishloqlarni rivojlantirish hamda yuqori sifatli oʻsish masalalari boshqaruv kun tartibida muhim oʻrin egalladi. Manzilli yondashuv umumiy iqtisodiy oʻsish imkoniyatlaridan yetarli foydalana olmayotgan guruhlarga qoʻshimcha yordam berishga qaratildi.

Xitoyning 2021-yilgi maʼlumotiga koʻra, 2020-yil oxiriga kelib, amaldagi milliy qish­loq mezoni boʻyicha 98,99 million kishining kambagʻallikdan chiqishi taʼminlangan, 832 kambagʻal uyezd va 128 ming qishloq tegishli ­toifadan chiqarilgan. Bu koʻrsatkich mamlakatda barcha shakldagi ehtiyoj yoki nisbiy kambagʻallik tugaganini ang­latmaydi.

 Biroq bu koʻrsatkich alohida dasturning sababiy taʼsirini mustaqil ravishda isbotlamaydi. Sababiy baholash uchun das­tur qamrovi, xarajatlar va uy xoʻjaliklari natijalarini taqqoslash imkonini beruvchi mikromaʼlumotlar zarur. Rasmiy chegaradan chiqish natijasining barqarorligi esa mehnat daromadi, ijtimoiy xizmatlar va iqtisodiy shoklarga chidamlilik orqali baholanadi. Shu maʼnoda, manzilli yordamning yakuniy vazifasi maʼmuriy roʻyxatni qisqartirishdan kengroqdir.

1-jadval uch davrni soddalashtirilgan “davlatdan bozorga” harakati sifatida tushuntirish yetarli emasligini koʻrsatadi. Xitoyda davlatning roli saqlangan, ammo iqtisodiy subyektlarga beriladigan ragʻbat va siyosatni amalga oshirish vositalari oʻzgargan. Shuning uchun qiyoslashda davlat ishtirokining faqat hajmini emas, uning qanday vazifani bajarayotganini aniqlash muhim. Infratuzilma yaratish bilan korxonaning har bir ishlab chiqarish qarorini maʼmuriy belgilash iqtisodiy jihatdan turli taʼsirga ega.

Davlat salohiyati, bozor ragʻbatlari va ijtimoiy himoyani oʻzaro toʻldiruvchi institutlar sifatida baholash mumkin. Infratuzilma xususiy investitsiya xarajatlarini kamaytiradi, barqaror iqtisodiy qoidalar tadbirkorning uzoq muddatli qarorlariga asos yaratadi, ijtimoiy himoya esa aholining islohotlarga moslashish imkoniyatini kengaytiradi. Ularning biridagi zaiflik boshqalarining samarasini cheklaydi. Masalan, moliyalashtirish mavjud boʻlib, elektr taʼminoti va sotish bozori yetarli boʻlmasa, kreditning barqaror daromadga aylanish ehtimoli pasayadi.

Mazkur mantiq Oʻzbekiston islohotlarini tahlil qilish uchun ham qoʻllanadi. Bunda mamlakatlarning siyosiy tizimi, iqtisodiyot koʻlami, demografiyasi va tashqi bozorga chiqish xarajatlari turlicha ekanini eʼtiborga olish zarur. Oʻxshashlikni rahbarlar shaxsiy uslubi bilan birga muammo, vosita va oʻlchanadigan natija oʻrtasidagi bogʻlanishdan izlash ham ilmiy jihatdan asoslidir.

Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2017-yildan boshlangan islohotlarning dastlabki huquqiy doirasi Harakatlar strategiyasi bilan belgilandi. Keyinchalik 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi va yangidan ishlab chiqilgan 2026-2030-yillarga moʻljallangan “Oʻzbekiston — 2030” strate­giyasi iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy siyosat va boshqaruvni yangilash vazifalarini davom ettirdi. Ushbu hujjatlarni natijaning oʻzi sifatida emas, davlat siyosatining ustuvorliklari va ijro yoʻnalishlarini belgilovchi manba sifatida koʻrish lozim.

Eng muhim iqtisodiy oʻzgarishlardan biri 2017-yil sentyabrdagi valyuta bozorini liberallashtirish boʻldi. Jahon banki bahosida valyuta kurslarini birlashtirish, savdo va narxlar tartibini yumshatish hamda 2019-yildan soliq stavkalarini qisqartirish bozor iqtisodiyotiga oʻtishning tayanch yoʻnalishlari sifatida qayd etiladi. Tadbirkor uchun buning mohiyati xorijiy valyuta, import uskunasi va tashqi savdo hisob-kitoblariga kirishdagi maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytirishdan iborat edi.

Iqtisodiy ochiqlikning ijtimoiy mazmuni mehnat munosabatlaridagi oʻzgarish­larda ham namoyon boʻldi. Xalqaro mehnat tashkiloti 2021-yilgi paxta yigʻim-terimida tizimli bolalar mehnati va majburiy mehnat tugatilganini, terimchilarning 99 foizi ixtiyoriy ishlaganini maʼlum qildi. Bu natijani maʼmuriy safarbarlikdan erkin mehnat munosabatlariga oʻtishning muhim dalili sifatida qayd etish lozim.

Jahon banki tadbirkorlik muhiti boʻyicha yangi roʻyxatdan oʻtgan bizneslar soni 2016-yildagi qariyb 33 mingdan 2022-yilda 93 mingga yetganini koʻrsatadi. Ushbu maʼlumot iqtisodiy faollik kengayganini bildiradi, lekin roʻyxatdan oʻtgan korxona bilan muvaffaqiyatli ishlayotgan korxonani tenglashtirish mumkin emas. Islohot natijasini toʻliqroq baholash uchun biznesning yashab qolishi, ish haqi, unumdorligi va rasmiy bandlik yaratishi ham kuzatilishi kerak.

Prezidentimizning 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Inson” markazlari orqali xizmatlarni muvofiqlashtirishning huquqiy asosini yaratdi. Bunda oilaning ­muammosi faqat daromad yetishmasligi bilan cheklanmasligi muhim: nogironlik, parvarish ehtiyoji, zoʻravonlik xavfi yoki hujjat ­muammosi alohida xizmatni talab qiladi. Pul yordami bilan professional ijtimoiy xizmatning birlashtirilishi fuqaroni bir idoradan boshqasiga yuborish xarajatlarini kamaytirishi mumkin.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivoj­lantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari ­boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mahallalarda tadbirkorlik, bandlik va kambagʻallik masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etishga asos yaratdi. Ushbu institutning iqtisodiy mantiqi umumiy davlat dasturini oilaning aniq ehtiyoji bilan bogʻlashdir. Uning samarasi ajratilgan mablagʻdan koʻra ishga joylashish, barqaror daromad va yordamga ehtiyojning kamayishi bilan baholanishi lozim.

2-jadval maʼlumotlariga koʻra, 2021-2025-yillarda kambagʻallik darajasi 11,2 foiz ­punktga kamaygan. Boshlangʻich darajaga nisbatan qisqarish (17 − 5,8) / 17 × 100 = 65,9 foizni tashkil etadi. 2024-2025-yillardagi pasayish esa 3,1 foiz punktdir.

Kambagʻallik koʻrsatkichidagi pasayishni islohotlar davrida kuzatilgan natija sifatida qayd etish asosli, ammo uning barchasini muayyan institut taʼsiriga teng­lashtirish metodologik jihatdan notoʻgʻri. Uy xoʻjaligi daromadi mehnat haqi, tadbirkorlik tushumi, pul oʻtkazmalari va ijtimoiy transfertlardan shakllanadi, xarid qobiliyatiga esa narxlar taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun kambagʻallikning qisqarishini daromad manbalari boʻyicha tahlil qilish zarur. Keyingi vazifa chegaradan yuqoriga koʻtarilgan oilalarning ishsizlik, kasallik yoki narx shok­lari taʼsirida qayta kambagʻallashish xavfini kamaytirishdan iborat.

3-jadvalning asosiy vazifasi katta raqamlarni yonma-yon qoʻyish emas, har bir natijaning qamrovini aniqlashtirishdir. Xitoy qatorida odamlar soni, Oʻzbekiston qatorida esa aholi ulushi keltirilgan. Bundan tashqari, kuzatuv davrlari ham turlicha. Shu sababli bir mamlakatda kambagʻallikning mutlaq kamayi­shini boshqasining foiz koʻrsatkichi bilan solishtirib, qaysi siyosat kuchliroq ekanini aniqlab boʻlmaydi. Bunday xulosa uchun bir xil metodologiya, davr va boshlangʻich sharoitlarni hisobga oluvchi tahlil kerak.

Dastur samaradorligini baholashda uch turdagi maʼlumotlarni ajratish lozim. Resurs koʻrsatkichi qancha mablagʻ sarflanganini, bevosita natija qancha odam xizmat yoki moliyalashtirish olganini, yakuniy natija esa oilaning real daromadi va mustaqil bandligi qanday oʻzgarganini bildiradi. Birinchi ikki koʻrsatkich tezkor boshqaruv uchun zarur, ammo ular uchinchisining oʻrnini bosa olmaydi. Masalan, koʻp kredit berilishi uning daromad keltirganini oʻz-oʻzidan isbotlamaydi.

Mahalla dasturlari natijadorligini yordam olgan oilalar holatini 12 va 24 oydan keyin qayta kuzatish orqali baholash maqsadga muvofiq. Real daromad, bandlik davomiyligi, qarz yuki va ijtimoiy yordamga qayta murojaat qilish holati birgalikda oʻrganilishi kerak. Dasturga kirishdagi farqlarni hisobga oluvchi taqqoslash guruhlari taʼsirni aniqlashni yaxshilaydi. Shaxsiy maʼlumotlarni himoyalagan holda umumlashtirilgan natijalarni eʼlon qilish va mustaqil tekshiruv oʻtkazish maʼmuriy hisobot bilan haqiqiy farovonlik oʻzgarishini farqlash imkonini beradi.

Xitoy va Oʻzbekiston tajribasini bogʻlaydigan asosiy jihat iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish bilan davlatning ijtimoiy masʼ­uliyatini birlashtirishdir. Den davridan olinadigan saboq ishlab chiqaruvchi manfaatdorligi va bozorga kirish sharoitining ahamiyatidir. Si davridagi manzilli siyosat umumiy oʻsish chekkada qoldirgan oilalar bilan alohida ishlash zaruratini koʻrsatadi. Mao davri esa katta davlat maqsadlari ishonchli axborot va xatoni tuzatish imkoniyatisiz ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini eslatadi.

Oʻzbekiston uchun birinchi amaliy yoʻnalish tadbirkorlik yordamini bozor talabi bilan bogʻlashdir. Har bir oilani kredit orqali tadbirkorga aylantirish universal yechim boʻla olmaydi. Ayrim fuqaro uchun malaka va yollanma ish, boshqasi uchun parvarish xizmati, yana biri uchun uskunaga yoki savdo kanaliga kirish muhimroq. Dastur oilaning imkoniyatiga mos tanlansa, yordamning qarzga aylanish xavfi kamayadi. Tadbirkorlik siyosatida teng raqobat, shartnoma ijrosi va barqaror tartiblar moliya­viy imtiyozlar bilan bir qatorda baholanishi kerak.

Ikkinchi yoʻnalish mahalliy tajribalarni tekshiriladigan shaklda tashkil qilishdir. Masalan, bir necha tumanda kasbga oʻqitish va ish beruvchi bilan amaliyot das­turini sinab, natijani oʻxshash sharoitdagi boshqa tumanlar bilan solishtirish ­mumkin. Bunda ishtirokchilarni tanlashdagi farqlar ham hisobga olinadi. Samarali natija koʻrsatgan dasturlar keyin kengaytiriladi. Maqsad Xitoydagi hududiy tajriba mantigʻini Oʻzbekistonning institutsional sharoitiga moslashtirishdir, aynan bir xil boshqaruv modelini koʻchirishni nazarda tutmaydi. Keyingi paytlarda Oʻzbekis­ton ­Prezidenti Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida xuddi ana shu yoʻnalishlarga urgʻu bergani tasodif emas.

Uchinchi yoʻnalish iqtisodiy islohotlarning oʻtish xarajatlarini ijtimoiy himoya bilan yumshatishdir. Narx yoki tarif oʻzgarishidan zarar koʻruvchi oilaga oʻz vaqtida yordam berilmasa, uzoq muddatli samaradorlik qisqa muddatli farovonlik yoʻqotishlari bilan toʻqnashadi. Shu bois, yordamning manzilliligi bilan birga qamrovi, yetarliligi va murojaat qilish imkoniyati ham muhim. Mehnatga layoqatsiz shaxsning himoyasi uni tadbirkorlikka jalb etish shartiga bogʻlanmasligi kerak.

Mamlakatimiz rahbari islohotining yana bir kuchli jihati shundaki, Oʻzbekiston iqtisodiyotida kechayotgan tarkibiy transformatsiya — iqtisodiy liberallashuv, ­kreativ iqtisodiyotning institutsionallashuvi, turizmning yangi oʻsish drayveriga aylanishi hamda xizmatlar sektori kengayishi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik borgan sari kuchaydi. Chunki anʼanaviy iqtisodiyotning oʻzi bilangina yuqori oʻsishga erishib boʻlmaydi. Imom Buxoriy majmuasi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ishga tushirilishining oʻziyoq mintaqa ziyorat turizmi landshaftini butunlay oʻzgartirdi.

Xitoyning uch buyuk dargʻasining islohotlar taʼlimotini Oʻzbekiston yetakchisi yuritayotgan iqtisodiy siyosat yanada boyitadi. Oʻz xalqi erkin va baxtli hayot kechirish uchun kafolat boʻlib xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, islohotlarning barqaror natijasi davlatning ijro salo­hiyati, iqtisodiy ragʻbatlar va insonning himoyalanganligi oʻrtasidagi muvozanatga bogʻliq. Shavkat Mirziyoyev davridagi ochiqlik, mehnat munosabatlari va ijtimoiy xizmatlar islohotlarini shu yaxlit mezon orqali baholash mumkin. Keltirilgan statistika kambagʻallik kamayganini koʻrsatadi. Kelgusi vazifa erishilgan darajani saqlash, unumdor bandlikni kengaytirish va oilalarning qayta kambagʻallashish xavfini kamaytirishdan iborat.

Nurislom TOʻXLIYEV,

Akademik