Qidiruvdagi shaxs firibgarlik sodir etishda ayblanmoqda. U gʻayriqonuniy harakatlarni sodir etgach, jinoiy javobgarlikdan qutulib qolish umidida Oʻzbekiston Respublikasi hududini tark etgan va uzoq vaqt xorijda yashirinib yurgan.
Tezkor ahamiyatga molik maʼlumotlar bilan doimiy ayirboshlash, xorijiy hamkorlar bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish hamda oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qidiruvdagi shaxsning manzili aniqlandi. Amalga oshirilgan hamkorlikdagi saʼy-harakatlar natijasida zarur protsessual tadbirlar uyushtirilib, soʻngra uni milliy qonunchilik talablariga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarish taʼminlandi.
Ushbu natija Interpol kanallari orqali amalga oshirilayotgan xalqaro politsiya hamkorligining yuksak samaradorligidan, shuningdek, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan shaxslarning joylashuvini aniqlash hamda ularni qaytarish masalalarida Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining xorijdagi vakillari oʻrtasidagi samarali yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikdan dalolat beradi.
Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xalqaro qidiruvga berilgan shaxslarning turgan joyini aniqlash va ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun mamlakatga qaytarish ishlarini izchil davom ettirmoqda.
Mamlakat tashqarisida yashirinishga urinish odil sudlovdan qochib qutulish imkonini bermaydi. Xalqaro politsiya hamkorligining zamonaviy mexanizmlari qidiruvdagi shaxslarni, qaysi davlatda boʻlishidan qatʼi nazar, topish va qaytarishni taʼminlab, sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini taʼminlaydi.
Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi