Umuman, mahallada yoshlar bandligiga jiddiy e’tibor berilyapti. Xususan, yoshlar yetakchisi “qizil” toifadagi navqiron avlod bilan individual ishlash natijasida ularning 4 nafariga yumush topildi. Yana 2 nafariga imtiyozli kredit va 1 nafariga yer ajratilib, ijtimoiy moslashuvi uchun ko‘maklashildi. Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”dagi bir talabaning to‘lov kontrakti to‘lab berildi. Mahalladagi 320 dan ortiq yigit-qiz turli sport va fan to‘garaklariga jalb etilgan. Bir nuroniyga 10 nafar yoshni biriktirish tizimi jinoyatchilikning oldini olishda natija bermoqda.
Mahallaning intiluvchan yoshlaridan yana biri Sherzod Tojimurotov hokim yordamchisi ko‘magi bilan 50 million so‘m imtiyozli kredit oldi. Bu pulga yangi mebel sexini ishga tushirdi. Natijada qo‘shimcha 2 ta ish o‘rni yaratilib, yoshlar bandligiga munosib hissa qo‘shildi.
Hokim yordamchisi tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijasida doimiy daromadga ega bo‘lmagan 236 fuqaro aniqlandi. Ularning 102 nafari turli korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 88 fuqaroga jami 120 million so‘mdan ziyod, yana 45 fuqaroga esa 450 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Bunday imkoniyatdan 5 ta yirik tadbirkor ham foydalanib, salkam 360 million so‘m imtiyozli mablag‘ olgan. Natijada mahallada 22 ta mikroloyiha ishga tushirilib, 6 ta yangi yakka tartibdagi tadbirkor va
2 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etildi, 12 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Mahallada xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlab, ijtimoiy faolligini oshirish borasida ham diqqatga sazovor ishlar qilinmoqda. Jumladan, ishbilarmon ayollardan biri Malika Yo‘ldosheva non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexini ishga tushirdi.
— Joriy yil boshida 265 ta xonadon uchun individual reja ishlab chiqilib, ehtiyojmand xotin-qizlarga manzilli yordam ko‘rsatildi. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz 29 ayolning 17 nafari ish bilan ta’minlandi. Yana 7 nafari tikuvchilik kurslarida o‘qitildi. Ruhiy qo‘llab-quvvatlovga muhtoj 32, jarrohlik amaliyotiga muhtoj 1 va huquqiy yordam so‘ragan 57 ayolga ko‘mak berildi. Bitta ayol 10 million so‘m kredit olib, tadbirkorlikni boshladi, — deydi Qizilcholi mahallasi oqsoqoli G‘ofur Erimbetov.
Hududdagi 12 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mahallaning asosiy iqtisodiy o‘sish drayveridir. Soliq xodimi sa’y-harakatlari bilan salkam 380 million so‘m mol-mulk va yer solig‘i yig‘ilib, mahalla budjetiga tushgan 10 foizi hudud infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirildi.
Amudaryo tumanidagi Farovon mahallasidagi hokim yordamchisi Muqaddas Beknazarova boshchiligida aholining daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha tizimli va manzilli ishlar qilinmoqda. Bu borada, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u berilyapti.
— Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida fuqarolarning murojaatlari, tadbirkorlik qilish istagi va ehtiyojlari chuqur tahlil qilindi. Shu asosda aniq manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Biznes bosh¬lash istagida bo‘lganlarga biznes reja tuzish va hujjatlarni rasmiylashtirishda yaqindan yordam ko‘rsatildi. Natijada 58 fuqaroga imtiyozli kreditlar ajratilib, ularning barchasi soliq.uz elektron platformasi orqali rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilib, bandligi ta’minlandi, — deydi Muqaddas Beknazarova. — Shuningdek, yoshlar va xotin-qizlarga tikuvchilik, chorvachilik, issiqxona xo‘jaligi, savdo, parrandachilik va xizmat ko‘rsatish kabi serdaromad sohalarni rivoj¬lantirish bo‘yicha kreditlar ajratilib, ko‘plab oilalarning moliyaviy barqarorligi ta’minlanyapti. Bandlikni ta’minlash yo‘nalishida aholi, ayniqsa, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitishga jiddiy e’tibor qaratilgan. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 31 fuqaro, jumladan, 5 yosh kasb-hunar kurslarida o‘qitildi. Ayni payt¬da aholiga kooperatsiyaning afzallik¬lari va davlat subsidiyalari haqida keng qamrovli ma’lumotlar berib borilyapti.
Yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar joylarda yangi biznes subyektlari paydo bo‘lishiga mustahkam zamin bo‘lyapti. Masalan, ushbu mahallada yashovchi yosh tadbirkor Jahongir Rahimboyev davlat ko‘magidan unumli foydalanib, veterinariya dorixonasi ochdi. Aholi ehtiyojini puxta o‘rganib ish boshlagan tadbirkor hozir chorvadorlarga zarur dorilar va ozuqa qo‘shimchalarini uzluksiz yetkazib bermoqda. Kelgusida xizmat turlarini yanada kengaytirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan.
Tashabbuskor yoshlardan yana biri Yorqinoy Yerimbetova yakka tartibdagi tadbirkor sifatida tikuvchilik sexi ochdi. Bugungi kunda samarali faoliyat yuritayotgan sexda xotin-qizlar uchun milliy va zamonaviy kiyimlar, to‘y liboslari bichib-tikilmoqda. Yorqinoyning kelajakdagi rejalari katta. U uskunalar xarid qilish orqali mahalladagi ishsiz ayollarni doimiy ish bilan ta’minlashni niyat qilgan.
— Mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni manzilli qo‘llab-quvvatlash tizimi e’tiborga molik. Hududdagi jami 998 ta oila to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, 54 tasi ijtimoiy reyestrga kiritilgan. Shulardan 23 tasi davlat ta’minotidagi, 25 tasi kambag‘al va 6 tasi kambag‘allik chegarasidagi oila, — deydi “Farovon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahodir Bekberganov. — Reyestrga kiritilgan barcha oilalarning sharoitini hisobga olib individual dastur ishlab chiqilgan. Shu asosda bugungacha 35 fuqaroning muammosi ijobiy hal etildi. Shuningdek, kambag‘al oilalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3 fuqaroga asbob-uskuna xarid qilish uchun salkam 15 million so‘m ssuda berildi.
Mana shunday tizimli va keng qamrovli ishlar natijasida Farovon mahallasida kambag‘allik darajasi 2,5 foizga tushirildi. Bu ko‘rsatkich shunchaki statistika emas, balki odamlarning hayotdan rozi bo‘lib, ertangi kunga ishonch bilan intilayotganining amaldagi ifodasidir.
Amudaryo tumanidagi Oqoltin ovulida yil boshida yoshlar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Jarayonda jami 2305 yigit-qizning ijtimoiy holati o‘rganildi.
83 nafari ishsiz ekani aniqlandi. Ular hududdagi 4 ta korxona va tashkilot rahbarlariga biriktirildi. Har biri uchun maqsadli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ishli qilindi. Shuningdek, yana 3 yosh hududdagi boshqa rahbar xodimlarga biriktirilib, otaliqqa olindi.
— Yoshlar bandligini ta’minlashda dehqonchilik uchun yer ajratish amaliyoti yaxshi samara beryapti. Jumladan, ovul hududidagi “Saragul Yo‘ldosheva” fermer xo‘jaligidan elektron auksion platformasi orqali ochiq savdoga chiqarilgan 42 sotix yerni ishsiz yoshlardan biri Oydinoy Tursunboyeva yutib olgan edi. Hozir bu yerda sabzavot va poliz ekinlari yetishtirib, oilasi budjetiga qo‘shimcha daromad keltirmoqda, — deydi mahalla yoshlari yetakchisi Sardor Quraboyev. — Ushbu amaliyot hududlardagi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Darhaqiqat, yerga egalik qilayotgan yigit-qizlar mehnat bozoridan o‘z o‘rnini axtarishga majbur bo‘lmaydi. Aksincha, o‘zi yangi qiymat va mahsulot yaratuvchi mulkdorga aylanadi. Bu jarayon yoshlarda yerga mehr uyg‘otib, mustaqil hayotga qadam qo‘yish uchun moliyaviy poydevor yaratadi. Shu bois, ushbu yo‘nalishdagi ishlar uzluksiz davom ettirilib, 14 ta fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan maydonlari hisobidan ishsiz 80 yoshning har biriga 10 sotixdan yer berildi.
Yoshlarni biznesga jalb etish orqali ulardagi boqimandalik kayfiyati yo‘qolib, ijtimoiy mas’uliyat hissi ortadi. O‘z mehnati bilan daromad topayotgan yosh avlod vakillari mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlovchi eng faol qatlamga aylanadi.
Bugun Amudaryo tumanida yoshlar ana shunday faol, ijtimoiy mas’uliyatni his etadigan avlod bo‘lib kamolga yetmoqda.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri