Dastlab “ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi mohiyatiga toʻxtalsak. Oddiy aytganda, bu tadbirkorlarga qarzdorlik, soliq yoki boshqa iqtisodiy majburiyatlarini muayyan shartlar asosida yengillashtirish, qayta tiklash va faoliyatini davom ettirish imkonini beruvchi mexanizmdir. Kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻllanilayotgan ushbu yondashuv joriy yilning 31 dekabriga qadar davom etadi.
Bunda iqtisodiy amnistiya eʼlon qilingunga qadar yuzaga kelgan
soliq qarzi (bundan penya mustasno) 2026 yil 31 dekabrga qadar toʻliq toʻlanganda,
ushbu qarzdorlik boʻyicha hisoblangan penya hisobdan chiqarilib, ular bilan bogʻliq
ijro ishlari tugatilishi belgilangan. Shuningdek, avval taqdim etilgan soliq hisobotlariga
soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda tuzatish kiritilib, qoʻshimcha hisoblangan
soliq summasi 2026 yil 31 dekabrga qadar toʻliq toʻlanganda, ushbu summaga nisbatan
penya hisoblanmaydi. Qolaversa, tadbirkorlik subyektlari soliqlar va yigʻimlarni
toʻlash uchun toʻlov topshiriqnomasini bankka taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan
ozod qilinadi. 2026 yil 1 yanvarga qadar shakllangan
baʼzi qarzdorliklar ham hisobdan chiqariladi.
Yaʼni davlat tadbirkorga
mavjud qarzdorliklarni bartaraf etish, xatolarni oʻz vaqtida aniqlab, tuzatish uchun
vaqt va imkon beryapti. Qarzdorlik hisobiga yigʻilgan penya va eski jarimalarni
yengillashtiryapti. Avval shunday xato va kamchiliklar, bajarilmagan majburiyatlar
biznes egasi oyogʻiga tushov, keyingi faoliyatiga toʻsiq boʻlib kelgan. Endi tadbirkor
belgilangan shartlarni bajarib, xatolarni mustaqil tuzatishi uchun imkoniyat berilyapti.
Hech qanday jarima va jazolarsiz, shunchaki kamchilikni bartaraf etish imkoniyati.
Bu, ayniqsa, kichik va oʻrta biznes uchun katta qulaylik. Chunki endi ish
boshlagan tadbirkor har doim ham bexato ishlay olmaydi, kamchiliklarga yoʻl
qoʻyishi tabiiy. Buning uchun uni darhol jazolash esa faoliyatini toʻxtatib
qoʻyishi hech gap emas. Bunga koʻp bor guvoh boʻlganmiz. “Ikkinchi imkon”
mexanizmining asosiy maqsadi tadbirkor faoliyatini qonuniylashtirishga
koʻmaklashishga qaratilgan. Faqat buni suiisteʼmol qilish emas, unumli
foydalanish kerak.
Ana endi “ikkinchi
imkon”ning boshqa bir mohiyati haqida soʻz yuritsak. Davlatimiz rahbari bilan
boʻlib oʻtgan oltinchi ochiq muloqotdan keyin buni har bir tadbirkor oʻz
tanasida turlicha his etdi, tushundi va tahlil qildi. Mening talqinimcha,
ikkinchi imkon bu — shunchaki maʼjoziy maʼnodagi tushuncha emas. Buning ortida
yillar davomida orttirilgan tajriba, ishonch va erishilgan natijalar turibdi.
Ortda qolgan oʻn yil haqiqiy tadbirkorlik muhitini yaratib, bugun yurtimiz
iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qoʻshayotgan 1 million 200
mingdan ziyod ishbilarmondan iborat katta kuchni shakllantirdi. Ana endi mana
shu kuch orttirgan tajriba va amaliyoti bilan biznesning yangi davriga kirib
bormoqda. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, tadbirkorlarimiz “biznesni
boshlash” bosqichidan “kapitalni koʻpaytirish” bosqichiga oʻtyapti. Buning
uchun ularga yangi imkon, yirik imtiyozlar taqdim etilyapti.
Ochiq muloqot
davomida ilgari surilgan takliflar, qoʻshimcha imtiyozlarni eshitib nihoyatda
toʻlqinlangandim. Keyinroq Prezidentimizning tegishli farmoni bilan ularning
qonuniy mustahkamlanganidan yanada quvondim. Bugun ana shu imkoniyatlarni
tahlil qilar ekanmiz, ulardan toʻgʻri va oʻz oʻrnida foydalanish har qanday
tadbirkorlik subyektini yanada rivojlantirishiga amin boʻlamiz. Menga qolsa,
har bir imtiyoz biznes egalariga berilayotgan juda katta va beminnat koʻmakdir.
Bu yilgi
uchrashuvdagi eng katta yangiliklardan biri tadbirkorning oyogʻiga tushov
boʻladigan asosiy masala — tekshiruvlar tizimining yanada yengillashtirilgani
boʻldi. Yaʼni farmonga koʻra, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har
qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy eʼlon qilindi. Jinoyat ishi
doirasida, inson sogʻligʻiga taʼsirini oʻrganish va mehnat qonunchiligiga rioya
etilishi kabi ayrim turdagi tekshiruvlarni istisno qilmaganda, endi
tadbirkorning eshigini istalgan davlat idorasi taqillatib kelib, tekshira
olmaydi. Moratoriy davrida shunday huquqbuzarlikka yoʻl qoʻygan shaxslar hatto
belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Bu imkoniyat kichik biznes
vakillariga berilayotgan boʻlsa-da, umumiy tadbirkorlik muhiti rivojida katta
oʻrin tutadi.
Bizniki kabi yirik ishlab chiqaruvchilar uchun ham tekshiruvlar boʻyicha
yaxshi yangiliklar qoʻllanilyapti. Masalan, endi oʻrta va yirik tadbirkorlar
oʻz korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan oʻtkazganida xulosani soliq
organiga taqdim etadi va soliq idorasi uni tan olishi kerak. Muhimi, aniqlangan
kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi va ushbu davr uchun
soliq organi tekshiruv oʻtkazmaydi. Davlatimiz rahbari hozir 51 ta idora
moliyaviy jarima qoʻllash vakolatiga ega ekani, ammo jarima mablagʻ yigʻish
uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi
kerakligini taʼkidlagani bejiz emas. Chunki jarimalarning bir qismi davlat
idorasiga tushgani uchun tekshiruvlar sonini oshirish holatlari ham uchragan.
Shu bois, endilikda barcha turdagi jarimalar miqdori oʻrtacha 2 barobar
kamaytirilgani biz tadbirkorlar uchun katta qulaylik, qoʻshimcha imkoniyat
boʻldi.
Farmon bilan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar haqida uzoq gapirish
mumkin. Bu yilgi ochiq muloqot oldidan ishbilarmonlarning takliflar bildirish
jarayonlaridagi faolligi davlatimiz rahbari tomonidan ularning koʻpi
ragʻbatlantirilganida ham aks etdi. Hatto baʼzi imtiyozlarni oʻzimiz ham
kutmagandik.
Kichik
tadbirkorlik subyekti 10 milliard soʻmgacha kredit olishida garovning 30
foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, yana 15 foizini
banklar oʻz zimmasiga olishi, eksportyorlarning xorijiy brendmeyker olib kelish
xarajatining yarmi toʻlab berilib, tashqi bozorlarda milliy brendlarni targʻib
qilish, ularni xalqaro talablarga moslashtirishga 50 ming dollargacha subsidiya
ajratilishi, kelgusi yildan tadbirkor va davlat oʻrtasidagi nizolarni koʻrishda
“tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” tamoyili joriy qilinib, biznes egasining
aybdorligi sudda isbotlanmaguncha, u aybsiz deb hisoblanishi va jarima hamda
boshqa taʼsir choralari qoʻllanilmasligi — bularning barchasi shunchaki
imtiyozlar emas, tadbirkorga berilayotgan ulkan ishonch va
qoʻllab-quvvatlovdir.
Ayniqsa, “sukut — rozilik” tamoyili joriy etilayotganidan quvondim. Endi
tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining 50 foizi “sukut — rozilik” tamoyiliga
oʻtkazilyapti. Bu davlat idoralariga murojaatlar bilan bogʻliq. Agar yoʻllangan
arizalar belgilangan muddatda koʻrib chiqilmasa, avtomatik ravishda tadbirkor
foydasiga hal qilingan hisoblanadi.
Bu biz uchun ayni
muddao boʻldi. Chunki ish boʻyicha davlat xizmatlaridan koʻp foydalanamiz va
koʻplab murojaatlar qilishimizga toʻgʻri keladi. Afsuski, baʼzi hollarda
arizamizga qonunchilikda belgilangan vaqtda javob ololmaymiz, oylab kutish
holatlarimiz boʻladi. Natijada ortiqcha vaqt sarflab, qayta murojaat qilishga
majbur boʻlamiz. Chunki masalaga aniqlik kiritishimiz, yechimini qilishimiz
kerak.
“Sukut — rozilik”
tamoyili ana shu jarayonni tartibga soladi. Endi tegishli davlat idoralariga
yoʻllagan murojaatimiz oʻz vaqtida koʻrib chiqilmasa yoki qonunda belgilangan
muddatlarda javob ololmasak, bu rozilikni bildiradi hamda vaziyat bizning
foydamizga hal boʻladi.
*
* *
Koʻplab davlatlarda boʻlamiz, tadbirkorlar bilan suhbatlashamiz. Doim bir
narsaga amin boʻlamanki, yurtimizda biznes sohasiga berilayotgan bu darajadagi
imkoniyat va imtiyozlarni jahonning boshqa davlatlarida kuzatmadim. Nima uchun
bugun tadbirkorlarimiz faqat rivojlanish, dunyo bozoriga faol chiqish haqida
oʻylayapti, aniqrogʻi, oʻylay olyapti? Chunki ularning oyogʻiga tushov
boʻladigan katta muammolar, qoʻrquv va ishonchsizlik yoʻq. Aksincha, yanada
keng sharoit, koʻproq imtiyozlar yaratib berilyapti.
Zargarlik
korxonamiz 2021-yilda tashkil etilganida investitsiya miqdori 3 million dollar
boʻlgan. Hozir savdo aylanmamiz 10 million dollarga yetdi. Oʻnlab turdagi
tayyor zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarib, eksport qilamiz. 150 ga yaqin
kishini ish bilan taʼminlaganmiz.
Bu rivojlanishlar
oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Avvalo, sohaga eʼtibor, qolaversa, qoʻshimcha imtiyozlar
sabab ishlab chiqarish quvvatlarini doimiy oshirib boryapmiz. Birgina soliq
imtiyozlarining oʻzi faoliyatimiz rivojida katta oʻrin tutadi. Bugunga qadar
QQSning 85 foizini qaytarib berish imtiyozidan foydalanib kelyapmiz. Qolaversa,
biz zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar mol-mulk va yer soligʻidan ozod
qilinganmiz.
Umuman, imkoniyat va imtiyozlar juda katta. Ammo bu
imkoniyatlar tadbirkorni sunʼiy qoʻllab-quvvatlash, istalgancha faoliyat
yuritishiga yoʻl ochib berish uchun berilmayati. Aksincha, maqsad biznes
egalari faoliyatini qonuniylashtirish orqali yanada rivojlanishga keng yoʻl
ochishga qaratilgan. Ulardan faqat toʻgʻri va oʻz oʻrnida foydalanishimiz
kerak.
Sayfullo SOBIROV,
“Sofizar” qoʻshma korxonasi rahbari