Farmon bilan oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini “5T - taʼlim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish” tamoyili asosida rivojlantirish, shuningdek, yuqori salohiyatli oliy taʼlim tashkilotlarini xalqaro miqyosda raqobatbardosh va iqtidorli yoshlar uchun ilmiy-intellektual markazlarga aylantirish koʻzda tutilmoqda. Ushbu yondashuv oliy taʼlim muassasalari faoliyatini kompleks rivojlantirishga qaratilgan.

Ilgari oliy taʼlim muassasalari faqat taʼlim berish bilan cheklangan. Talabaning maʼnaviy holati (tarbiya), olimlarning izlanishlari (tadqiqot) va eng asosiysi, oʻsha ilmiy kashfiyotlarni ishlab chiqarishga joriy qilib, daromad topish (tijoratlashtirish) kabi masalalar birmuncha chetda qolayotgan edi. Albatta, ushbu masalalarni tizimli tashkil etish va takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Endilikda yangi tizim orqali oliygohlar oʻzi yangilik yaratadigan, uni bozorga olib chiqadigan va shu orqali oʻzini oʻzi moliyalashtira oladigan yaxlit innovatsion markazga aylanadi. Taʼlim-tarbiya tamoyili talabani nafaqat bilimli, balki masʼuliyatli, vatanparvar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol topishiga xizmat qilsa, ilmiy tadqiqotlar sanoat, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va shu kabi koʻplab sohalarda yangilik yaratadi. Ilmiy ishlanmalarning tijoratlashtirilishi tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi, bitiruvchilar bandligini taʼminlash kabi masalalarga munosib yechim boʻladi.

Meʼyoriy hujjatga koʻra, “U10 — Oʻzbekistonning global ilgʻor universitetlari” dasturi joriy etiladi va uning doirasida oliy taʼlim tashkilotlariga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi. Milliy tadqiqot universiteti maqomi davlat ilmiy dasturlari doirasida ilmiy klaster tashkil etish loyihasi boʻyicha oʻtkaziladigan tanlovlarda gʻolib boʻlgan 10 ta oliygohga beriladi.

2030-yilgacha 10 ta oliygohni global reytinglarga kiritish maqsad qilingan. Bu boradagi ishlarni Germaniya, Xitoy va Rossiya tajribasi asosida tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Misol uchun, Germaniyada “Mukammallik tashabbusi” dasturida 11 ta, Xitoyda “Oliy darajadagi universitet” dasturida 147 ta, Rossiyada “Pyat sto” dasturida 21 ta oliygoh global reytinglarga tay­yorlangan. Mazkur klasterlar oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, nufuzli xorijiy universitetlar va sanoat korxonalari hamkorligida shakllantiriladi hamda har biri 150 milliard soʻmgacha moliyalashtiriladi. Ilmiy klaster loyihalari xalqaro TOP-300 reytingiga kirgan oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tanlov asosida saralanadi. Bunda professor-oʻqituvchilar salohiyati, ilmiy baza, xalqaro reytinglardagi oʻrin hamda moliyaviy ishtirok darajasi asosiy mezon sifatida belgilanadi. OTMlardagi tadqiqotlar yangi bilimlar, texnologiyalar va innovatsion yechimlarni yaratishga xizmat qiladi. Bu esa iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshiradi. Talabalarning ilmiy salohiyati yuksalishi, kelgusida koʻplab sohalardagi muammolarga innovatsion yechim topishga koʻmaklashuvchi loyihalar yuzaga kelishiga turtki beradi. Shuningdek, bu loyiha nafaqat OTMlarni rivojlantirishni koʻzda tutadi, balki ilm-fan va intellektual salohiyat rivojiga ham turtki beradi. Katta ilmiy maktablar yuzaga kelishiga zamin yaratadi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini baholashning yangi — milliy reyting tizimi joriy etilishi koʻzda tutilmoqda. Reyting natijalariga koʻra, oliygohlarni moliyaviy ragʻbatlantirish mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda aynan qaysi mezonlarga tayaniladi degan haqli savol tugʻilishi mumkin. OTMlarda tashkil etilgan oʻquv jarayoni, ilmiy salohiyat, xalqaro aloqalar samarasi, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi oʻrni kabi koʻrsatkichlarga eʼtibor qaratilishi taʼkidlanmoqda. Taʼlim muassasasida bilim berish sifati qanchalik yuqori boʻlsa, unga berilgan baho ham shunga yarasha boʻladi. Qolaversa, universitet bitiruvchilari tez ish topib ketsa va ilm-fanda oldinda boʻlsa, oʻsha oliygoh davlat tomonidan koʻproq moliyaviy ragʻbatlantiriladi. Shunga mos ravishda moliyalashtirish ham differensial tarzda amalga oshiriladi.

—   Ilgari bir trillionga yaqin pul ilmiy tadqiqot uchun ajratilar edi, — deydi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor

Rajabov. — Tahlillarga koʻra, ushbu mablagʻning 42 foizi iqtisodiy, gumanitar sohadagi tadqiqotlarga berilgan. Farmon bilan 2027-yildan boshlab davlat ilmiy dasturlari doirasida ilmiy tadqiqot loyihalarini tanlab olish va moliyalashtirishning yangi tartibi joriy etiladi. Unga koʻra, moliyalashtirish hajmining 50 foizdan kam boʻlmagan qismi ustuvor yoʻnalishlardagi ilmiy tadqiqot loyihalariga yoʻnaltiriladi. Suv resurslaridan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligi, sanoatni rivojlantirish, sunʼiy intellekt, metallurgiya, tibbiyot, energetika sohalari mamlakatimizda eng ustuvor yoʻnalishlar sanaladi. Shu yoʻnalishda aniq natija beradigan tadqiqotlarga koʻproq eʼtibor qaratiladi.

Meʼyoriy hujjat bilan davlat oliygohlarida grant asosida tahsil olayotgan talabalar uchun byudjetdan ajratilayotgan mablagʻ miqdorini aniqlashning yangi mexanizmlarini joriy qilish koʻzda tutilgan.

— Grant asosida oʻqiyotgan talabalar uchun mablagʻ miqdorini aniqlashda professor-oʻqituvchilar yuklamasi, taʼlim sohasi murakkabligi va moddiy-texnik bazasi, taʼlim sohasi ustuvorligi, ilmiy tadqiqotga yoʻnaltirilganligi, taʼlim tashkilotining hududiy mansubligi kabi omillar hisobga olinadi, — deydi S.Rajabov. — Buni soddaroq qilib tushuntiradigan boʻlsak, avvallari davlat granti asosida oʻqiydigan talabalar uchun davlat tomonidan hamma oliygohga deyarli bir xil mablagʻ ajratilar edi. Masalan, texnika, tibbiyot yoki ijtimoiy yoʻnalishdagi universitetlar bir xil mablagʻga ega boʻlardi. Endilikda bu tartib oʻzgaradi. Agar universitet laboratoriyalari zamonaviy, professor-oʻqituvchilar salohiyati yuqori va oliygoh reytingi baland boʻlsa, oʻsha OTMga grant asosida oʻqiydigan bir talaba uchun koʻproq pul ajratiladi. Yaʼni mablagʻ toʻgʻridan toʻgʻri sifatga qarab beriladi. Bu oliygohlarni oʻzaro raqobat qilishga majbur etadi.

Shuningdek, olimlarning loyihalariga davlatdan pul ajratish butunlay ochiq va shaffof boʻladi. Bunda ilmiy loyiha uch bosqichli ekspertizadan oʻtkaziladi. Birinchisi, ilmiy-texnik kengash, ikkinchisi, sunʼiy intellekt va albatta, xalqaro ekspertlar kengashi orqali oʻtadi. Ilgari ilmiy loyihalarga mablagʻ ajratishda inson omili yuqori boʻlgan, endi esa  bunga chek qoʻyiladi. Sunʼiy intellekt loyihaning haqiqiy yangiligini, koʻchirilmaganligini, eng muhimi, iqtisodiyotga qanchalik foyda keltirishini xolis va shaffof baholab beradi. Bu mablagʻlarning asosiy qismi ustuvor sohalarga yoʻnaltirilishiga imkon yaratadi. 

Farmonda 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab taʼlim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar taʼlimning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish toʻgʻrisidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etilishi belgilangan. Xoʻsh, bakalavriatni xorijiy tilda tamomlaganlardan magistratura va doktorantura uchun til sertifikati soʻramaslik tartibi amaliyotda qanday ishlaydi?

— Agar talaba bakalavr bosqichini ingliz yoki boshqa xorijiy tilda oʻqib tugatgan boʻlsa, keyingi bosqichda, yaʼni magis­tratura va doktoranturaga qabul jarayonida undan til bilish sertifikati talab qilinmaydi, — deydi S. Rajabov. — Misol uchun, ilgari Toshkent xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti kabi oliygohlarni bitirganlar ham magistraturaga hujjat topshirayotgan paytda ulardan sertifikat talab qilinardi. Agar talaba toʻrt yil davomida bakalavrda barcha darslarini ingliz tilida oʻqigan, imtihonlarni shu tilda topshirgan boʻlsa-yu, magistratura bosqichida tahsil olishi uchun undan yana til bilish sertifikati talab etilsa, bu u uchun ortiqcha qogʻozbozlik, sarsongarchilikni yuzaga keltirishi tabiiy. Yangi tartib orqali ortiqcha ovoragarchilikka chek qoʻyilmoqda.

Xorijlik talabalar uchun ajratiladigan grantlar qanday taqsimlanadi degan savol tugʻilishi tabiiy.

Mamlakatimiz oliygohlarning global reytinglarda munosib oʻrin egallashi oliy taʼlim tizimi nufuzini oshirib, chet el fuqarolarining Oʻzbekistonga taʼlim olishga intilishiga sabab boʻlmoqda. Joriy oʻquv yilida xorijlik talabalar soni 23 mingga yetgani Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimining mavqei va nufuzi yildan yilga oshib borayotganidan dalolatdir. 

Meʼyoriy hujjatda 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qoʻshimcha tariqasida “Study in Uzbekistan” (“Oʻzbekistonda taʼlim ol”) platformasi orqali qabul qilishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilyapti. Har yili 500 nafargacha boʻlgan iqtidorli chet el fuqarosiga oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi “Yangi Oʻzbekiston stipendiyasi” dasturi amalga oshirilishi belgilangan.

Bu bizga nima beradi?

Mutasaddilar fikricha, mamlakatimizga taʼlim turizmi orqali katta miqdorda xorijiy valyuta kirib kelishini taʼminlaydi. Chet ellik talabalar koʻpayishi oliygohlarimizning xalqaro reytinglardagi oʻrnini keskin koʻtaradi. Eng muhimi, universitetlarimiz ochiq raqobat maydoniga chiqib, jahon taʼlim bozorida oʻz oʻrnini topishni oʻrganadi. Qabul jarayonlarining soddalashtirilishi xorijlik abituriyentlarga qator imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Mamlakatimizning taʼlim xizmatlari xorijiy talabalarga taqdim etilarkan, oʻz-oʻzidan oʻquv dasturlari jahon andozalariga mos ishlab chiqiladi. Xalqaro raqobat OTMlarda oʻqitish sifati yaxshilanishi, mamlakatning xalqaro taʼlim maydonida oʻrni mustahkamlanishiga xizmat qiladi. 

Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi tashkil etilib, taʼlim tizimida yagona raqamli ekotizim shakllantirilishi nazarda tutilayotgani innovatsiya, samaradorlik, raqobatbardoshlikning oshishiga zamin yaratishi bilan ahamiyatli. 

Farmon bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga qator qoʻshimcha vakolatlar berilib, oliy taʼlim muassasalarining mustaqilligi va boshqaruv samaradorligi oshirilmoqda. Jumladan, qabul jarayonlarini tasdiqlash, rektor va rahbar kadrlarni tayinlash, akademik jarayonlarni tartibga solish kabi vakolatlar vazirlik zimmasiga yuklatiladi. Bu vakolatlar oliygohlarning masʼuliyatli va mustaqil boʻlishiga zamin yaratadi.

— Maqsadimiz oliy taʼlimni davlat byudjetiga qarab oʻtiradigan tizimdan mustaqil faoliyat yuritadigan, oʻzi mablagʻ topadigan, eng muhimi, mehnat bozoriga toʻliq tayyor, raqobatbardosh kadrlar yetishtirib beradigan asosiy kuchga aylanishidir, — deydi S. Rajabov. — Biz faqatgina diplom olgan bitiruvchilarni emas, balki yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantiradigan mutaxassislarni tayyorlashni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz.

Farmon ijrosi natijasida oliy taʼlim tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga ­koʻtarilib, ilm-fan va innovatsiyalar iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylanadi.

 

Risolat MADIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri