Iqlim oʻzgarishi, energiya resurslari qimmatlashuvi hamda aholi sonining barqaror oʻsishi sharoitida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish masalasi endilikda anʼanaviy yondashuvlar doirasida hal etilishi mumkin emas.

Bu jarayonlar agrar tarmoqni texnologik jihatdan yangilash, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va ishlab chiqarishni sanoat bosqichiga olib chiqishni taqozo etmoqda.

Amaldagi “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi qonun sohaning huquqiy bazasini mustahkamlab, energiya auditi va energiya menejmenti tizimlarini joriy etishning huquqiy asoslarini belgilaydi.

Prezidentimizning 2025-yil 8-oktyabrdagi “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sohada muhim oʻzgarishlarni belgilab berdi. Mazkur hujjatga koʻra, issiqxonalar uchun yer, mol-mulk va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foiz kamaytirildi. Meva-sabzavot mahsulotlarining minimal eksport narxlari bekor qilindi.

Endilikda eksport narxlari tashqi bozordagi talab va taklif asosida shakllanadi. Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etgan xoʻjaliklarga qoʻshimcha qulayliklar yaratilishi koʻzda tutilgan. Tijorat banklari tomonidan issiqxonalarni aylanma mablagʻ bilan taʼminlash uchun kreditlar ajratish va mavjud kreditlar muddatlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha mexanizmlar soddalashtirilgan.

Yurtimiz sharoitida energiya tejamkor issiqxonalar tashkil etish masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yaxshi ayonki, qish va erta bahor mavsumlarida aholini sifatli sabzavot va poliz mahsulotlari bilan taʼminlash yuqori energiya sarfini talab qiladi. Ayni paytda anʼanaviy issiqxona xoʻjaliklarida qoʻllanilayotgan isitish tizimlari, asosan, tabiiy gaz va qattiq yoqilgʻiga tayangan holda ishlaydi. Bu esa, bir tomondan, ishlab chiqarish xarajatlari ortishiga, ikkinchi tomondan, atrof-muhitga salbiy taʼsir kuchayishiga olib kelmoqda.

Masalan, mavjud hisob-kitoblarga koʻra, oʻrtacha 600 kvadrat metrli issiqxonani anʼanaviy usulda isitish jarayonida 10 kun mobaynida yuzlab kilogramm miqdorida karbonat angidrid atmosferaga chiqariladi. Bu esa nafaqat ekologik muammo, balki kelgusida mahsulotning eksport imkoniyatlariga ham salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omil hisoblanadi. Chunki jahon bozorida tobora “yashil mahsulot” standartlari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirishda energiya samaradorligi masalasi markaziy oʻringa chiqmoqda. Bugungi kunda issiqxona biznesida umumiy xarajatlarning qariyb yarmi energiya resurslariga toʻgʻri kelishi bu sohada texnologik yangilanishlar zarurligini yanada kuchaytiradi. Agar energiya sarfi kamaytirilmasa, mahsulot tannarxini pasaytirish, raqobatbardoshlikni oshirish va eksport hajmini kengaytirish amalda qiyinlashadi.

Soʻnggi yillardagi dunyo amaliyoti koʻrsatmoqdaki, issiqxona xoʻjaliklarida yuqori samaradorlikka erishishning asosiy yoʻli — muqobil energiya texnologiyalarini joriy etish. Xususan, rivojlangan davlatlarda issiqlik nasoslari texnologiyasi keng qoʻllanilayotgan innovatsion yechim sifatida eʼtirof etilmoqda. Mazkur texnologiya anʼanaviy isitish tizimlaridan tubdan farq qilib, yoqilgʻini yoqish orqali emas, balki atrof-muhitda mavjud energiyani qayta taqsimlash orqali ishlaydi.

Issiqlik nasoslarining asosiy ustunligi ularning yuqori energiya samaradorligi bilan izohlanadi. Amaliyot koʻrsatmoqdaki, bunday tizimlar 1 kilovatt elektr energiyasi sarflab, 3-5 kilovattgacha issiqlik energiyasi hosil qilish imkoniyatiga ega. Bu koʻrsatkich anʼanaviy elektr isitish tizimlariga nisbatan bir necha barobar yuqori samaradorlikni anglatadi.

Yurtimizda ham mazkur texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, Toshkent shahridagi “Texnopark” tomonidan taklif etilayotgan innovatsion issiqxona yechimlari bu yoʻnalishdagi ilk muhim qadamlardan biri. Ushbu loyihalar doirasida issiqlik nasoslariga asoslangan energiya tejamkor tizimlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Sinov loyihalari natijalari mazkur yondashuvning samaradorligini tasdiqlamoqda. Jumladan, 130 va 260 kilovatt quvvatga ega issiqlik nasoslari orqali olingan amaliy koʻrsatkichlar tizimning barqaror ishlashini hamda energiyadan foydalanish samaradorligi yuqori ekanini koʻrsatdi. Bu esa texnologiya faqat nazariy emas, balki amaliy jihatdan ham oʻzini oqlayotganini anglatadi.

Shu bilan birga, masalaga kengroq yondashish talab etiladi. Issiqlik nasoslari joriy etilishi faqat energiya tejash bilan cheklanib qolmaydi. U mahsulot tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash, eksport salohiyatini oshirish va ekologik xavfsizlikni kuchaytirish kabi qator strategik vazifalarni hal etish imkonini beradi.

Boshqacha aytganda, bu texnologiya agrar sohadagi oddiy modernizatsiya emas, balki tizimli oʻzgarishlarni anglatadi. U qishloq xoʻjaligini anʼanaviy usullardan ­industrial va innovatsion bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Shu bois, innovatsion issiqxonalarni rivojlantirish masalasi nafaqat alohida xoʻjaliklar manfaati, balki milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik muvozanatni taʼminlash nuqtayi nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.

Biroq har qanday texnologiyaning samaradorligi uning nazariy afzalliklari emas, balki iqtisodiy natijalari bilan baholanadi. Shu sababli issiqlik nasoslariga asoslangan innovatsion issiqxonalarning joriy etilishi qanchalik maqsadga muvofiq ekanini aniqlash uchun, avvalo, xarajatlar va foyda oʻrtasidagi mutanosiblikni chuqur tahlil qilish talab etiladi.

Issiqxona xoʻjaliklarida xarajatlar tarkibi tahlil qilinganda, energiya resurslari asosiy ulushni egallashi maʼlum boʻladi. Amalda bu koʻrsatkich 40-50 foizgacha yetishi mumkin. Demak, energiya samaradorligini oshirish orqali umumiy tannarxga taʼsir qilish imkoniyati juda katta. Anʼanaviy tizimlarda isitish uchun tabiiy gaz yoki koʻmirdan foydalanilishi doimiy ravishda oʻzgaruvchan va koʻp hollarda oʻsib boruvchi xarajatlarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, taʼminotdagi uzilishlar ishlab chiqarish jarayoniga toʻgʻridan toʻgʻri xavf tugʻdiradi.

Issiqlik nasoslari qoʻllanilgan holda esa ushbu muammolar sezilarli darajada kamayadi. Bu texnologiya yoqilgʻiga bogʻliqlikni bartaraf etadi va elektr energiyasi orqali barqaror ishlashni taʼminlaydi. Muhimi, tizimning yuqori samaradorligi tufayli sarflanayotgan elektr energiyasi anʼanaviy elektr isitish tizimlariga nisbatan bir necha barobar kam boʻladi. Bu esa ekspluatatsiya xarajatlari qisqarishiga olib keladi.

Amaliy hisob-kitoblar koʻrsatmoqdaki, issiqlik nasoslari joriy etilgan issiqxonalarda isitish xarajatlari umumiy hisobda 40-60 foizgacha kamayishi mumkin. Bu koʻrsatkich, albatta, har bir loyihaning texnik parametrlari, iqlim sharoiti va boshqaruv samaradorligiga bogʻliq holda oʻzgarishi mumkin. Biroq umumiy tendensiya — xarajatlarning sezilarli qisqarishi barqaror ravishda kuzatiladi.

Iqtisodiy samaradorlikni baholashda yana bir muhim omil — investitsiyaning qaytish muddatidir. Issiqlik nasoslari asosidagi tizimlarni joriy etish uchun dastlabki sarmoya anʼanaviy qozonxonalarga nisbatan yuqoriroq boʻlishi tabiiy. Chunki bu yerda yuqori texnologik uskunalar, avtomatlashtirish tizimlari va energiya boshqaruvi yechimlari talab etiladi. Biroq bu farq uzoq muddatda oʻzini oqlaydi.

Hisob-kitoblarga koʻra, bunday loyihalarning oʻzini oqlash muddati oʻrtacha 2-4 yilni tashkil etadi. Bu esa agrar sektor uchun nisbatan qisqa davr. Chunki qishloq xoʻjaligidagi koʻplab investitsion loyihalarda bu muddat ancha uzoq — 5-7 yilgacha choʻzilishi mumkin. Demak, issiqlik nasoslari qoʻllanilishi nafaqat xarajatlarni kamaytiradi, balki investitsiyalarning samaradorligini ham oshiradi.

Shu bilan birga, iqtisodiy samaradorlikni faqat energiya xarajatlari orqali baholash toʻliq tasavvur bermaydi. Innovatsion issiqxonalarda ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashtirilishi, mikroiqlimning barqaror taʼminlanishi va inson omili qisqarishi natijasida hosildorlik ham oshadi. Amaliyotda bu koʻrsatkich 20-25 foizgacha yetishi mumkin. Bu esa daromadning koʻpayishiga, shu orqali investitsiyalarning tezroq qaytishiga xizmat qiladi.

Mazkur texnologiyaning yana bir muhim iqtisodiy afzalligi mahsulot tannarxi pasayishidir. Energiya xarajatlari qisqarishi, resurslardan samarali foydalanish va hosildorlik oshishi natijasida yetishtirilayotgan mahsulot tannarxi anʼanaviy issiqxonalardagiga nisbatan oʻrtacha 25-30 foiz arzonlashishi mumkin. Bu esa ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash bilan birga tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshiradi.

Eksport nuqtayi nazaridan bu omil muhim ahamiyatga ega. Chunki xalqaro bozorlarda raqobat faqat sifat bilan emas, balki narx orqali ham belgilanadi. Agar mahsulot arzon va bir vaqtning oʻzida ekologik toza boʻlsa, uning eksport imkoniyatlari sezilarli darajada kengayadi.

Ekologik omil bu yerda alohida taʼkidlashga loyiq. Anʼanaviy isitish tizimlarida yoqilgʻi yoqilishi natijasida atmosferaga katta miqdorda zararli gazlar chiqariladi. Issiqlik nasoslari bunday chiqindilarni deyarli nol darajaga tushiradi. Bu esa nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki xalqaro ekologik standartlarga javob berish nuqtayi nazaridan ham muhimdir.

Bugungi kunda koʻplab rivojlangan davlatlarda “yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosiy ustuvorlikka aylanmoqda. Yevropa Ittifoqi kabi bozorlarda mahsulotning “karbon izi”ga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Demak, kelgusida eksport geografiyasini kengaytirish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar ana shunday talablarga moslashishi shart. Issiqlik nasoslari esa bu yoʻnalishdagi muhim instrument sifatida namoyon boʻladi.

Mazkur jarayonlarning davlat siyosati bilan uygʻunligi ham diqqatga sazovor. Soʻnggi yillarda yurtimizda energiya samaradorligini oshirish va “yashil” texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, energiya tejamkor texnologiyalarni qoʻllayotgan xoʻjaliklarga soliq imtiyozlari, subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish mexanizmlari joriy etildi.

Shuningdek, issiqxona xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qabul qilingan qarorlar doirasida soliq yukini kamaytirish, eksport tartiblarini liberallashtirish va moliyaviy resurslarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish choralari belgilandi. Bu esa innovatsion texnologiyalarni joriy etishni iqtisodiy jihatdan yanada jozibador qiladi.

Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari xususiy sektor uchun strategik yoʻnalish koʻrsatkichi vazifasini oʻtaydi. Bu esa energiya samaradorligiga asoslangan ishlab chiqarish modellari kelgusida ustuvor tarzda rivojlantirilishini anglatadi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur sohadagi investitsiyalar nafaqat bugungi sharoitda, balki uzoq muddatli istiqbolda ham yuqori samara berish salohiyatiga ega.

Shu bilan birga, masalaga real yondashish talab etiladi. Har qanday texnologiya kabi issiqlik nasoslari ham mutlaq ideal yechim emas. Ularni joriy etish jarayonida texnik, moliyaviy va tashkiliy muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Agar issiqxona konstruksiyasidagi izolyatsiya talab darajasida boʻlmasa yoki uskuna quvvati notoʻgʻri tanlangan boʻlsa, kutilgan samaradorlikka erishish qiyinlashadi. Bu esa ayrim hollarda texnologiyaning oʻziga nisbatan notoʻgʻri xulosalar chiqarilishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun innovatsion yechimlarni joriy etishda tizimli yondashuv, mutaxassislar ishtirokida toʻgʻri loyihalash va sifatli servis xizmatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Umuman olganda, issiqlik nasoslariga asoslangan issiqxonalar iqtisodiy, ekologik va texnologik jihatdan samarali yechim sifatida shakllanmoqda. Biroq ularning haqiqiy samarasi faqatgina toʻgʻri boshqaruv, puxta hisob-kitob va davlat siyosati bilan uygʻun holda joriy etilgandagina namoyon boʻladi.

Innovatsion texnologiyalar joriy etilishi har doim ikki tomonlama jarayon hisoblanadi. Bir tomondan, u yuqori samaradorlik va yangi imkoniyatlarni taqdim etsa, ikkinchi tomondan, notoʻgʻri yondashuv yoki yetarli tayyorgarlik mavjud emasligi ushbu imkoniyatlarni toʻliq roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qilishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, issiqlik nasoslariga asoslangan issiqxonalarni joriy etish masalasini faqat afzalliklar nuqtayi nazaridan emas, balki mavjud risklar va cheklovlar bilan birgalikda baholash maqsadga muvofiq.

Avvalo, eng asosiy muammolardan biri dastlabki investitsiya hajmi nisbatan yuqoriligidir. Innovatsion isitish tizimlari, avtomatlashtirish vositalari va zamonaviy infratuzilmani yaratish anʼanaviy issiqxonalarga qaraganda koʻproq sarmoya talab etadi. Bu esa, ayniqsa, kichik va oʻrta fermer xoʻjaliklari uchun muayyan moliyaviy toʻsiqlarni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois, mazkur texnologiyalarni ommalashtirishda davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarining samaradorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ikkinchi muhim jihat — energiya taʼminoti barqarorligi masalasidir. Issiqlik nasoslari elektr energiyasiga bogʻliq boʻlgani sababli elektr taʼminotidagi uzilishlar butun ishlab chiqarish jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Agar anʼanaviy tizimlarda yoqilgʻini zaxira qilish imkoniyati mavjud boʻlsa, elektr energiyasida bunday imkoniyat cheklangan. Shuning uchun mazkur texnologiyalarni joriy etishda zaxira elektr manbalari, jumladan, quyosh panellari yoki dizel generatorlar bilan integratsiyalash masalasi alohida eʼtibor talab qiladi.

Uchinchi omil inson kapitali va texnik kompetensiyalar bilan bogʻliq. Issiqlik nasoslari oddiy qozonxona tizimlaridan farqli oʻlaroq, muayyan bilim va koʻnikmalarni talab etadi. Tizimni toʻgʻri boshqarish, diagnostika qilish va profilaktika ishlarini amalga oshirish uchun malakali mutaxassislar zarur. Aks holda, texnologiyaning samaradorligi pasayishi, hatto ishdan chiqishi kuzatilishi mumkin. Bu esa innovatsiyaga nisbatan ishonch susayishiga olib keladi.

Toʻrtinchi jihat — loyihalash bosqichida yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan xatolardir. Amaliyot koʻrsatmoqdaki, issiqlik nasoslari samaradorligi faqat uskuna sifatiga emas, balki butun tizimning toʻgʻri tashkil etilganiga bogʻliq. Agar issiqxona konstruksiyasidagi issiqlik izolyatsiyasi yetarli darajada boʻlmasa yoki uskuna quvvati notoʻgʻri hisoblangan boʻlsa, kutilgan natijaga erishish qiyinlashadi. Bunday hollarda energiya tejalishi oʻrniga, aksincha, qoʻshimcha sarflar yuzaga kelishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, eng xavfli ssenariylardan biri texnologiyani fragmentar tarzda joriy etishdir. Yaʼni issiqlik nasoslari oʻrnatiladi, lekin issiqxona konstruksiyasi, avtomatlashtirish tizimi va energiya boshqaruvi kompleks tarzda yangilanmaydi. Bunday yondashuvda tizimning umumiy samaradorligi keskin pasayadi va texnologiya oʻzini oqlamaydi. Bu esa bozorda notoʻgʻri tasavvurlarni shakllantiradi.

Demak, innovatsion issiqxonalarni joriy etishda eng muhim talab — kompleks yondashuv. Yaʼni uskuna tanlashdan tortib, loyihalash, qurilish va ekspluatatsiyagacha boʻlgan barcha bosqichlar oʻzaro uygʻun holda amalga oshirilishi lozim.

Shu bilan birga, mazkur jarayonni kengroq iqtisodiy kontekstda koʻrib chiqish muhimdir. Innovatsion issiqxonalarni rivojlantirish nafaqat alohida xoʻjaliklar samaradorligini oshiradi, balki butun tarmoqning sanoatlashuviga xizmat qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, yangi qiymat zanjirlarini shakllantirish, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.

Bu yerda lokalizatsiya masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Ilgari issiqxona texnologiyalari asosan xorijdan import qilinar, bu valyuta chiqimlari ortishi va tashqi bozorlarga bogʻliqlik kuchayishiga olib kelardi. Bugungi kunda esa mahalliy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali ushbu muammoni bartaraf etish imkoniyati paydo boʻlmoqda.

“Texnopark” tomonidan issiqlik nasoslari va issiqxona uchun zarur qator komponentlarni mahalliylashtirish bu yoʻnalishdagi muhim qadam hisoblanadi. Bu nafaqat mahsulot tannarxini pasaytirish, balki servis xizmatlarini tezlashtirish va texnologik mustaqillikni taʼminlash imkonini beradi. Mahalliy ishlab chiqarishning rivojlanishi yangi ish oʻrinlarini yaratish, muhandislik salohiyatini oshirish va innovatsion ekotizimni shakllantirishga ham xizmat qiladi.

Mazkur texnologiyalarning eksport salohiyati yuqori baholanmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining iqlim sharoiti oʻxshash ekanini hisobga olsak, energiya tejamkor issiqxona yechimlariga talab mintaqada ortib boradi.

Bu esa Oʻzbekiston uchun nafaqat ichki bozorni taʼminlash, balki yuqori texnologik mahsulotlarni eksport qilish orqali qoʻshimcha valyuta tushumlarini shakllantirish imkonini beradi.

Shu oʻrinda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratish lozim. Innovatsion issiqxonalarni rivojlantirish faqat iqtisodiy samaradorlik emas, balki strategik xavfsizlik masalasidir. Oziq-ovqat mustaqilligini taʼminlash, tashqi bozorlarga bogʻliqlikni kamaytirish va aholini barqaror ravishda sifatli, arzon mahsulotlar bilan taʼminlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri. Issiqlik nasoslari esa aynan shu vazifalarni amalga oshirishda muhim ­instrument hisoblanadi.

Umuman olganda, innovatsion issiqxonalarni joriy etish yurtimiz qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berayotganini taʼkidlash oʻrinli. Bu jarayon anʼanaviy usullardan sanoat va texnologik yondashuvlarga oʻtishni anglatadi.

Shu bilan birga, mazkur transformatsiyaning muvaffaqiyati faqat texnologiyaning oʻziga emas, balki uning qanchalik toʻgʻri va tizimli joriy etilishiga bogʻliq.

Issiqlik nasoslariga asoslangan innovatsion issiqxonalar shunchaki yangi texnologiya emas. Bu qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash, energiya samaradorligini oshirish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiluvchi kompleks iqtisodiy yechimdir. Uning samarasi esa faqatgina toʻgʻri strategiya, puxta hisob-kitob va davlat hamda xususiy sektor oʻrtasidagi samarali hamkorlik orqali toʻliq namoyon boʻladi.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar

masalalari qoʻmitasi raisi,

iqtisodiyot fanlari doktori,

professor