Ushbu an’anaviy xalqaro tadbir «Inson huquqlari bo‘yicha
xalqaro paktlarning 60 yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi
deklaratsiyaning 40 yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot
yo‘lida global sheriklik» mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilmoqda.
Forumda 200 nafardan ortiq xalqaro, mintaqaviy,
xorijiy va milliy tashkilot vakillari off-layn va on-layn
formatda ishtirok etmoqda. Jumladan, 10 ta xalqaro tashkilot, 8
ta mintaqaviy tashkilot, 8 ta xorijiy davlatning inson huquqlari
bo‘yicha milliy institutlari, 30 nafardan ziyod inson huquqlari
bo‘yicha yetakchi milliy hamda xorijiy ekspert, tadqiqot markazlari, fuqarolik
jamiyati va ommaviy axborot vositalari, biznes doiralar vakillari qatnashmoqda.
Inson huquqlari
bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov
Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi ishtirokchilariga samimiy
va astoydil minnatdorchilik bildirdi. Raislik qiluvchi an'anaviy tarzda har
ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida inson
huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish va
samarador yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob,
qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylanganiga e'tiborni qaratdi.
Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi
ana shu ezgu an’ananing mantiqiy davomidir. Bu galgi Forumni o‘tkazish uchun o‘ziga xos
tarixiy asoslar bor. Avvalo, joriy yilda Fuqarolik va siyosiy huquqlar
to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar
to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganiga 60 yil to‘ladi. Rivojlanish huquqi
to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinganining 40 yilligi nishonlanadi. Bundan tashqari, bu yil Inson
huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganiga
ham 30 yil to‘ladi.
Bugun insoniyat murakkab va bir-biri bilan chambarchas
bog‘langan global sinovlarga duch kelmoqda. Ayniqsa, sun'iy intellekt va yangi
raqamli texnologiyalarning jadal rivoji inson hayoti uchun ulkan imkoniyatlar
bilan bir qatorda yangi huquqiy va axloqiy xavf-xatarlarni ham yuzaga
chiqaryapti.
Shu bois inson huquqlarini himoya qilishning universal
tizimini zamonaviy voqyeliklar asosida takomillashtirish bugungi kunning eng
dolzarb vazifalaridan biridir. Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand
forumining dasturi ham aynan shu maqsadga qaratilgan.
Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila
Narbaeva, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikeri Nuriddin Ismoilov, shuningdek, BMTning
O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl so‘zga chiqdi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker
Tyurkning tabrik so‘zini Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo
mintaqaviy bo‘limi vakili vazifasini bajaruvchi Ennio Boati hamda
Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi Prezidenti Mirjana Spoljaris tabrigini
mazkur xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyodagi
mintaqaviy delegatsiyasi rahbari Biljana Milosevic o‘qib
eshittirdi. Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh
direktori Tedros Adxanom Gebreyesus va YeXHT Demokratik institutlar va
inson huquqlari byurosi direktori Maria Telalianning video-murojaati namoyish
etildi.
Dasturga ko‘ra, birinchi kun Forumning 2 ta yalpi
majlisi va parallel tarzdagi 7 ta sho‘ba sessiyasi Toshkent shahrida
bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi kuni yakunlovchi yalpi majlis Samarqandda o‘tkazilib,
unda Forumning Yakuniy hujjati qabul qilinadi.
Forum Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar
vazirligi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari
Boshqarmasi, YeXHT, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi hamda Xalqaro taraqqiyot va
adolat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ishtirokchilar geografiyasini inobatga olgan holda,
Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi ishi 3 tilda, ya'ni o‘zbek
tilida hamda BMTning 2 ta rasmiy tili – ingliz va rus tillarida olib
borilmoqda. Forum ishi rasmiy axborot kanallari, OAV, onlayn platformalar va ijtimoiy
tarmoqlar orqali keng yoritiladi.
Inson huquqlari
bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy
markazi matbuot xizmati.