Inson hayoti, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarning samarali faoliyatisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Ayni paytda Oʻzbekistonda ilm-fan sohasida 6000 dan ziyod ayol faoliyat yuritmoqda. Oliygohlarda tahsil olayotgan qizlar soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etyapti. Stajyor-­tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning ham 61 foizi xotin-qizlardir. Bu esa yurtimizda ularning ilm-fan rivojidagi oʻrni, innovatsion gʻoyalari hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishdagi ahamiyati oshayotganini koʻrsatadi. Mazkur hamkorlik ilm yoʻlidagi xotin-qizlarni yanada ruhlantirib, xalqaro doirada nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida keng koʻlamli biznes-forum, shuningdek, Oʻzbekiston — Malayziya fan, taʼlim va madaniyat koʻrgazmalari tashkil etildi. Mazkur platformalar turli hududdan borgan oliy taʼlim muassasalari vakillariga ilmiy salohiyati, innovatsion ishlanmalari va taʼlim imkoniyatlarini Malayziya auditoriyasiga keng namoyon etish imkonini berdi.

Koʻrgazmalar davomida ikki davlatning boy tarixiy merosi, milliy qad­riyatlari va oʻziga xos madaniyatini aks ettiruvchi rang-barang ekspozitsiyalar hamda zamonaviy yondashuv asosida tashkil etilgan tematik stendlar namoyish etildi. Koʻrgazmalar forum ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotib, ilmiy va taʼlimiy aloqalar bilan bir qatorda madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Forumning foydali jihati Oʻzbekiston va Malayziya oliy taʼlim muassasalari rektorlari, prorektorlari hamda delegatsiyalari faol ishtirok etib, samarali hamkorlikka asos yaratganida ham yaqqol namoyon boʻldi.

Tadbirda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan 30 ga yaqin muhim kelishuvga erishildi. Jumladan, Buxoro davlat texnika universiteti hamda Sulton Idris nomidagi taʼlim universiteti, Tun Husseyn Onn nomidagi Malayziya universiteti hamda Melaka texnika universiteti oʻrtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Mazkur kelishuvlar oliy taʼlim tizimida tajriba almashish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, akademik mobillikni oshirish hamda zamonaviy taʼlim dasturlarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu forum ikki mamlakat oʻrtasida ilm-fan, taʼlim va innovatsiyalar yoʻnalishida yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim xalqaro platforma sifatida  eʼtirof etilmoqda. Bunga asoslar yetarli. Chunki kelishuv va muloqotlar, ­amaliy harakatlar shunga asos yaratadi.

Sadoqat SIDDIQOVA,

pedagogika fanlari boʻyicha

falsafa doktori, dotsent
Hamkorlik materiali