2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, murojaatlar indeksi eng yuqori bo‘lgan tijorat banklari quyidagicha shakllangan:
- Biznesni rivojlantirish banki – 3,34;
- Anor Bank – 3,29;
- Mikrokreditbank – 3,23;
- AVO Bank – 2,16;
- TBC Bank – 2,06;
- Davr bank – 1,85;
- Tenge Bank – 1,72;
- Asakabank – 1,26;
- Turon Bank – 1,25;
- Agrobank – 1,22.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi banklar faoliyatida bir qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatadi. Xususan, bu bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha mijozlarga yetarli tushuntirish berilmasligi, murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob qaytarilmasligi, takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan kamchiliklarning bartaraf etilmagani, masofaviy xizmatlar, to‘lovlar, kreditlar va boshqa bank operatsiyalari bilan bog‘liq muammolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurligidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan Markaziy bank mazkur banklarga murojaatlar kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, takroriy shikoyatlarga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda ichki nazorat tizimlarini kuchaytirishni tavsiya qildi.
Markaziy bank alohida eslatib o‘tishicha, mazkur indeks banklarning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat bank mijozlari soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Shuningdek, hisobot choragi davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi va reytingga kiritilmaydi.