Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari nomini tildan qoʻymay takrorlayotgan va ularga taqlid qilayotgan turli davlatlardagi futbol ishqibozlari, bayrogʻimizni yelkasiga yopib, mundial oʻtayotgan shahar koʻchalarida jamoamizni qoʻllab-quvvatlayotgan turli millat vakillari, oʻzbek sportchilariga atab qoʻshiq aytayotgan qardosh ozarbayjon, qozoq va turk sanʼatkorlari... Sanayversak, adogʻi koʻrinmaydi.
Ha,
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbol tarixida yangi sahifa ochdi. Jamoamiz
JCH — 2026 dagi tarixiy debyut uchrashuvini oʻtkazdi. Meksika poytaxtidagi
Kolumbiya muxlislari bilan toʻlib-toshgan, sariq rangga burkangan Asteka
stadionida futbol boʻyicha XXIII jahon chempionatining “K” guruhi birinchi tur
uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Angliyalik taniqli hakam Entoni Teylor boshqargan bahs
kolumbiyaliklar foydasiga 3:1 hisobida yakunlangan boʻlsa-da, jamoamiz mundial
tarixidagi ilk oʻyinida kuchli raqibga munosib qarshilik koʻrsata oldi.
Eʼtiborli
jihati, Abbosbek Fayzullayev kiritgan gol Oʻzbekiston milliy terma jamoasining
jahon chempionatidagi ilk goli sifatida tarix sahifalariga qayd etildi. Shu
tariqa Abbosbek milliy futbolimiz solnomasiga oʻz nomini muhrlab qoʻydi.
Mundiallar
tarixida kutilmagan natijalar juda koʻp uchraydi. Hatto amaldagi chempion
sifatida maydonga tushgan jamoalar ham birinchi oʻyinda kutilmaganda
magʻlubiyat alamini totganiga misollar yetarli. Mutaxassislar taʼbiri bilan
aytganda, Oʻzbekiston jahon chempionatida debyutant jamoa. Uning ilk raqibi —
FIFA reytingida 16-oʻrinni egallab turgan Kolumbiya milliy termasi. Shunga
qaramay, vatandoshlarimiz muxlislaru mutaxassislarda iliq taassurot qoldirdi.
Har qanday raqibga qarshi turish, gol urish, u bilan tengma-teng toʻp surish
mumkinligini, hatto yanada yaxshi natijaga erishish imkoni borligini namoyish
qildi.
Ayniqsa,
oʻyindan keyin davlatimiz rahbari bildirgan fikrlar oldinda bizni kutayotgan
qizgʻin oʻyinlar arafasida sportchilarimiz uchun katta quvvatlov boʻldi.
Prezidentimiz milliy terma jamoamizning ishtirokini yuqori baholadi.
— Bu
Oʻzbekiston uchun tarixiy kun. Murosasiz, juda qizgʻin kechgan oʻyinda
futbolchilarimiz jahon mundialida birinchi marta juda katta tajribali jamoaga
qarshi kuchli xarakterini koʻrsatdi. Bu oson emas. Biz 34 yil kutgan voqea
boʻldi. Yigitlarimiz kuchli xarakteri, jismoniy tayyorgarligi va irodasini
yaqqol namoyon etdi. Biz uchun birinchi jahon chempionatida birinchi golimiz — bu
ham gʻalaba.
Biz
vatanparvar va fidoyi yoshlarimiz bilan gʻururlanamiz. Ular yangi
Oʻzbekistonning haqiqiy qahramonlari. Hali oldimizda juda koʻp imkoniyatlar
bor. Farzandlarim, qahramonlarimiz koʻp narsaga qodir ekanliklarini namoyish
qila olishdi. Ularga omad yor boʻlsin! Olgʻa, Oʻzbekiston! — dedi davlatimiz
rahbari.
Terma
jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaro oʻyindan soʻng matbuot anjumanida
bildirgan fikrlar ham diqqatga sazovor:
—
Futbolchilarimdan gʻururlanaman. Ular yaxshi oʻynadi. Bugun qiyin bahs kechdi.
Bunday stadionda, bunday muxlislar qarshisida oʻynash oson emas. Lekin bu
koʻproq motivatsiya berishi ham mumkin. Uchrashuv qiziqarli oʻtdi. Ikkinchi
boʻlimda biz oʻyinni oʻzgartirishga erishdik. Chap qanotdan imkoniyatlar
yaratdik. Nazoratni oʻz qoʻlimizga olishga harakat qildik, biroq gol oʻtkazib
yubordik. Men doim jamoamga oʻyin davomida faol harakat qilish kerakligini
aytib kelaman. Kolumbiya singari kuchli jamoalarga qarshi oʻynash katta kuch va
mahorat talab qiladi. Biz ushbu oʻyinni eslab qolamiz. Chunki bu tarixiy
bellashuv. Biz jahon chempionatidamiz. Bugungi oʻyin biz uchun yaxshi boʻldi
deb ayta olaman. Xatolar bor, ular ustida ishlaymiz.
Shu
oʻrinda Kolumbiya terma jamoasi bosh murabbiyi Nestor Lorensoning Oʻzbekistonga
qarshi oʻyindan keyin aytgan soʻzlariga ham quloq tutsak: “Mundialda zaif
jamoaning oʻzi yoʻq. Shu bois, har qanday raqibga hurmat bilan munosabatda
boʻlish kerak. Oʻzbekiston terma jamoasi soʻnggi yillarda juda yaxshi
natijalarga erishgan. U juda yaxshi tashkil etilgan jamoa. Tarkibida mahoratli
futbolchilar va kuchli murabbiy bor. Oʻzbekiston terma jamoasi qay tarzda
futbol oʻynashni yaxshi biladi”.
Endi
Fabio Kannavaro boshchiligidagi milliy terma jamoa ikkinchi tur doirasida
Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 23-iyun kuni Toshkent vaqti
bilan soat 22:00 ga belgilangan.
Darvoqe,
Meksika ommaviy axborot vositalari kechagi oʻyindan keyin Oʻzbekiston jamoasi
aʼzolari xarakteridagi qiziq jihatga eʼtibor qaratdi. Gap shundaki,
yigitlarimiz jahon chempionatidagi ilk uchrashuvga mezbonlik qilgan Meksika va
afsonaviy Asteka stadioniga minnatdorlik soʻzlarini yozib qoldirdi. Jamoa
kiyinish xonasidagi maxsus doskaga ispan tilida “Muchas gracias, México! Mucha
suerte en el Mundial!” (Katta rahmat, Meksika! Jahon chempionatida omad
tilaymiz!) degan soʻzlar yozilgan. Yozuv oxirida oʻzbekcha “Rahmat!” soʻzi ham
qoʻshib qoʻyilgan.
Sizlarga
ham rahmat, yigitlar! Guruh bahslarida omad yor boʻlsin! Olgʻa, Oʻzbekiston!
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri