Universitetning oʻz mablagʻlari hisobidan 86,5 milliard soʻm yoʻnaltirilib, oʻquv binosidan tashqari Quyosh fizikasi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, Axborot-resurs markazi va 400 oʻrinli talabalar turar joyi barpo etildi.

Yangi majmuaning tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi direktori, senator Abdusaid Koʻchimov, “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Salim Doniyorov, respublika va viloyat miqyosidagi mehmonlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, faxriy ustozlar, professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni ochib bergan Botir Zaripov mamlakatda taʼlim va ilm-fanga qaratilayotgan eʼtibor, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda BuxDUdagi bunyodkorlik ishlarining ahamiyatiga toʻxtaldi.

“Bugungi tadbir faqat yangi oʻquv yilining boshlanishi emas. Bu — yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilayotgani, taʼlim va ilm-fanga qaratilayotgan ulkan eʼtiborning yana bir amaliy ifodasi, Buxoro taʼlim tizimi taraqqiyotidagi muhim qadamdir”, — dedi viloyat hokimi.

Yangi majmuada minglab talabalar uchun zamonaviy auditoriyalar, raqamli va innovatsion taʼlim muhiti yaratilgan. Bu sharoitlar yoshlarning sifatli taʼlim olishi, ilmiy-tadqiqot va ijodiy izlanishlar olib borishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Universitetning bugungi loyihasi bilan ishlar cheklanmaydi. Prezident tashabbusi bilan 30,2 gektar maydonda Buxoro davlat universitetining yangi zamonaviy kampusi barpo etilmoqda.

Yangi kampus tarkibida 20 ming oʻrinli oʻquv binolari va 5400 oʻrinli talabalar turar joylari qurilishi rejalashtirilgan.

Mazkur yirik loyiha universitetning taʼlim va ilm-fan salohiyatini kengaytirish, talabalar uchun zamonaviy va qulay muhit yaratish bilan birga, Buxoroni mamlakatdagi zamonaviy taʼlim va ilm-fan markazlaridan biri sifatida rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tadbirda Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Hamidov universitet jamoasi va talaba-yoshlarni yangi oʻquv yili bilan tabrikladi. U, ayniqsa, birinchi bosqich talabalarini “BuxDU talabasi” degan sharafli nomga sazovor boʻlgani bilan qutlab, ularni yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, puxta bilim egallash, ilmiy va ijodiy izlanishlarda faol boʻlishga chaqirdi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Salim Doniyorov esa yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, yuksak bilim va dunyoqarashga ega boʻlish hamda Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan yetuk mutaxassislar boʻlib kamol topishi muhimligini taʼkidladi.

Uning fikricha, bugungi talaba nafaqat oʻz kasbining bilimdoni, balki jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan, zamonaviy axborot muhitida oʻz oʻrniga ega boʻlgan va mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻsha oladigan mutaxassis boʻlib yetishishi kerak.

Tadbirda yangi oʻquv yilida taʼlim sifatini oshirish, ilmiy faoliyatni rivojlantirish hamda talabalarning zamonaviy bilim va kasbiy koʻnikmalarni egallashi uchun sharoitlarni yanada kengaytirish ustuvor vazifalardan biri ekani qayd etildi.

Tantanali marosimda yangi oʻquv binosining ramziy ochilish marosimi oʻtkazilib, faxriy mehmonlar tomonidan qizil lenta kesildi. Universitet jamoasiga yangi binoning ramziy kaliti tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir ishtirokchilari yangi oʻquv binosi va universitetda barpo etilgan zamonaviy infratuzilma obyektlari bilan tanishdi.