Ikki mamlakatning agrar salohiyati, zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan ehtiyoji hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi mushtarak manfaatlari o‘zaro hamkorlik istaklarini birlashtiryapti. Shu yilning 21 sentyabr kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston—Eron qishloq xo‘jaligi biznes-forumi buni yana bir bor isbotladi.
Eron Islom Respublikasining Qishloq xo‘jaligi vaziri G‘ulomrizo Nuri Qizilje boshchiligidagi rasmiy delegatsiya, tegishli vazirlik va tashkilotlar vakillari, shuningdek, 100 nafardan ortiq eronlik tadbirkorlar tadbirning asosiy mehmonlariga aylandi. O‘zbekiston tomonidan ham mutasaddi vakillar qatori o‘ttizdan ziyod ishbilarmon katta qiziqish bilan qatnashib, biznes-forumning qizg‘in muloqot maydoni markazida bo‘ldi.
Tadbir aniq sohani qamrab olgani holda, tomonlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligidagi hamkorlikni rivojlantirish, yangi loyihalarni muhokama qilish hamda mavjud kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etishga qaratildi. Forum doirasida O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
— Eronlik hamkasblarimiz bilan bir qancha yo‘nalishlarda yangi hamkorlik loyihalarini boshlayapmiz va bu bo‘yicha kelishib oldik, — deydi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. — Xususan, zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligida dron texnologiyalarini keng qo‘llash, logistika infratuzilmasini takomillashtirish, bog‘dorchilik, chorvachilik, baliqchilik, urug‘chilik, karantin xizmatlari, veterenariya kabi qator sohalarda hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bunda bevosita tadbirkorlar bilan ish olib boriladi. Shu bois, ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan ishbilarmon doira vakillari biznes-forum maydonida jamlanib, ularning o‘zaro muloqoti, hamkorligi uchun katta platforma yaratildi.
O‘zbekiston katta agrar salohiyatga ega davlat. Eron esa qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida yaxshigina tajriba orttirgan, murakkab iqtisodiy va ijtimoiy sharoitga qaramasdan, qishloq xo‘jaligini zamonaviy bilim va texnologiyalar asosida rivojlantirib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga erishgan davlatlardan biri sifatida tilga olinadi. Bugun O‘zbekiston va Eronning agrar tarmoqdagi tajribasi o‘zaro imkoniyatlarni birlashtirib, yangi hamkorlik loyihalariga keng yo‘l ochmoqda.
Bu so‘nggi yillardagi raqamlarda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ayirboshlash hajmi 91 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 144,2 million dollarga yetdi. Joriy yilning sakkiy oyidagi o‘sish yanada yuqori — yanvar—avgust oylarida ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari o‘zaro savdosi 139,6 million daollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 45,7 foizga ko‘p. Ammo mutasaddilar bu hali yetarli ko‘rsatkich emasligi, ikki tomonda ham ushbu raqamlarni oshirish imkoniyatlari balandligini ta’kidlamoqda. Hamkorlikka keng urg‘u berilib, amaliy ishlarga faol kirishilgani boisi shunda.
Masalan, bugungi kunda Eronning “Fattahi Agricultural Machinery Company” kompaniyasi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 7 million dollarlik loyiha amalga oshirilyapti. Loyiha doirasida pnevmatik seyalkalar, diskli boronalar, don seyalkalari, urug‘ ekish mashinalari va osma kultivatorlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. “Sina Fanavaran Mandegar” kompaniyasi bilan esa qoramollar genetikasini yaxshilash, in-vitro embrionlar olish va embrion ko‘chirish texnologiyalarini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Eronning “Abziban Aqua” kompaniyasi bo‘lsa umumiy qiymati 13 million dollarlik loyihalar doirasida Toshkent, Namangan va Xorazm viloyatlarida osyotr hamda beluga baliqlarini yetishtirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishni yo‘lga qo‘ygan.
Ushbu aloqalarning natijadorligi aniq harakatlarga asoslanadi. Masalan, ikki davlat savdosida qanday mahsulotlarga talab yuqori ekani, qaysi yo‘nalishlarni izchil rivojlantirish zarurligini aniqlash muhim. Keyingi yillarda o‘zaro tashriflar, tadbirlar, biznes uchrashuvlarda shularga ko‘proq e’tibor qaratilyapti. Joriy yilning dastlabki sakkiz oyi tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistonning Eronga eksporti 60,8 million dollarni tashkil etgani holda, buning asosiy qismi dukkakli mahsulotlar, uzum va urug‘lik hissasiga to‘g‘ri keladi. Erondan import tarkibida esa hayvonlar ozuqasi, sut mahsulotlari, mevalar, quritilgan meva va sabzavotlar, qandolat hamda yong‘oq mahsulotlari asosiy o‘rinni egallayapti. Biroq, qishloq xo‘jaligi tobora rivojlanib borayotgan har ikki davlat uchun ham bu ancha kam, agrar bozorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish kerak. Eksport va import mahsulotlari turining ortishi tadbirkorlar uchun ham manfaatli bo‘ladi.
— Besh gektar maydonga ega issiqxonada gul yetishtirish bilan shug‘ullanamiz, — deydi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Royal roses” MCHJ vakili Sardor To‘xtayev. — Lola, atirguldan tortib, mavsumga qarab noyob gullargacha yetishtirib, ichki bozoga chiqaramiz. Eksportdagi aossiy hamkorlarimiz esa qo‘shni Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlari. Eron haqida sira o‘ylab ko‘rmagandik ochig‘i. Lekin bilishimizcha, Eronda qishloq xo‘jaligi, xususan, gulchilik rivojlangan. Eksportchi hamkorlar topish maqsadida biznes-forumda ishtirok etdik. Chunki mamlakatimiz ichki bozorida ham, qo‘shni davlatlar bozorida ham gulga talab katta. Ba’zan mavsum va boshqa omillar sabab katta buyurtmalarga imkonimiz yetmaydi. Shunday vaqtda Erondan gullarni import qilib, uchinchi davlatga sotishni rejalashtiryapmiz. Qolaversa, urug‘chilik, ko‘chatchilik yo‘nalishlarida ham Eron bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotganini eshitib quvondik. Chunki bizning yo‘nalishda ham bunga talab bor. Masalan, biz lola gulining piyozini Gollandiyadan olib kelib yetishtiramiz. Agar bu ishlar o‘zimizda yo‘lga qo‘yilsa, tadbirkorlar vaqt va xarajatni tejab qoladi.
Tadbirkorlarning aksariyati Eron bilan hamkorlik yangi yo‘nalish ekanini ta’kidlab, katta qiziqish bildirmoqda. Eronlik tadbirkorlar ham forum doirasidagi o‘zaro B2B muloqotlariga faol kirishib ketdi. Aksariyati bir-birini osongina tushunib, hatto, tarjimonlarsiz tezda til topishib ketganiga guvoh bo‘ldik. O‘zaro hurmat, ishonch va do‘stlik rishtalari ularni kengroq hamkorlikka chorlamoqda.
— O‘zbekistonda faoliyat olib borayotganimga 20 yildan oshdi, — deydi Toshkent viloyatidagi “Qibray tovuq” kompaniyasi bosh direktori, eronlik tadbirkor Mostafa Pour Arab. — Lekin avvallari ikki davlat tadbirkorlarining hamkorligi uchun bunchalik keng imkoniyat bo‘lmagan. Keyingi yillarda hamkorligimiz kengayib boryapti. Ayniqsa, biznes-forum doirasida bunga alohida urg‘u berildi. Bu biz uchun ham yangi imkoniyatlarni ochyapti. Korxonamiz go‘sht uchun mo‘ljallangan jo‘jalar yetishtirib, mahsulotlarni O‘zbekiston bozoriga yetkazib beradi. Yiliga 6 million donadan ortiq broller jo‘jalar ishlab chiqaramiz. Endilikda, yangi ishlab chiqarish liniyalarini olib kelib, faoliyatimizni yanada kengaytirish haqida o‘ylayapmiz. Muloqotlar davomida yangi hamkorlar bilan muzokaralar olib bordik.
Ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasidagi uchrashuv va biznes muloqotlar forumning muhim qismiga aylandi. Unda eronlik va yurtimiz tadbirkorlari faol muzokaralarga kirishib, o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etish, yangi biznes hamkorlarni topish, eksport-import yo‘nalishlarini kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini muhokama qilish hamda mavjud loyihalarni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Qator yangi yo‘nalishlar, xususan, agrodron, chorvachilik genetikasi, akvakultura tarmoqlarida boshlanayotgan yirik investitsiya loyihalari ham ko‘rib chiqildi.
Shunday qilib, O‘zbekiston va Eron o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik sari muhim qadam tashlanyapti. Forum doirasida ikki mamlakat ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Asosiy e’tibor ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli dastur ishlab chiqish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va biznes vakillari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga qaratildi. Tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikka urg‘u berilyapti.
Forum doirasida bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik bitimlari imzolandi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri