Bu haqda quyi palata axborot xizmati maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan boʻlib, Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi oʻrni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.

Loyihaga muvofiq, Prezident Administratsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi. Shuningdek, Administratsiyaga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya rahbari boshchilik qiladi.

Hujjatda Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilmasi, davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorligi, shuningdek, mansabdor shaxslar hamda xodimlar faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasida Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlarining komplaens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan hamkorligiga oid normalar ham aks etgan.

Loyihani tayyorlash jarayonida AQSh, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Tayvan, Qozogʻiston va Turkmaniston kabi davlatlar tajribasi oʻrganilgani qayd etildi.

Munozaralar yakunlari boʻyicha qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilinib, koʻrib chiqish uchun Senatga yuborildi.