Bugun jahon iqtisodiyotida globallashuv jarayonlarining kuchayishi, elektron tijoratning jadal rivojlanishi, transchegaraviy savdoning kengayishi va mahsulotlar turining koʻpayishi ular xavfsizligini taʼminlashda yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.
Mazkur qonun mamlakatda texnik jihatdan tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, mahsulotlar xavfsizligini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan.
Hujjat Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik toʻsiqlar toʻgʻrisidagi bitimi hamda xalqaro ilgʻor amaliyot talablari asosida ishlab chiqilgan.
Qonunning muhim talablaridan biri — bozorga chiqariladigan barcha mahsulotlar xavfsiz boʻlishi shart.
Mahsulot xavfsizligi uchun ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va iqtisodiy operatorlar bevosita masʼul boʻladi.
Iqtisodiy operatorlarga mahsulot xavfini baholash, texnik hujjatlarni yuritish, tovarni identifikatsiya qilish, isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlarni hisobga olish va xavfli mahsulotlarni bozordan qaytarib olish kabi aniq majburiyatlar yuklanmoqda.
Yana bir muhim yangilik — bozor nazoratini xavf-xatarlarga asoslangan tarzda tashkil etish mexanizmi joriy qilinadi. Bu orqali xavfli mahsulotlarni tezkor aniqlash va ularni muomaladan chiqarish imkoniyati kengayadi.
Shuningdek, xavfli mahsulotlar haqida axborot almashish uchun milliy axborot almashinuvi tizimi tashkil etiladi.
Senatorlar fikricha, yangi tartiblar aholi hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish bilan birga, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Qonunning qabul qilinishi mamlakat texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, ichki bozorda xavfsiz mahsulotlar muomalasini taʼminlash va isteʼmolchilarning xavfli tovarlardan himoyasini kuchaytirish uchun huquqiy asos yaratadi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni maʼqulladi.