Yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida o‘z mehnati, intilishi va iste’dodi bilan yuksak natijalarga erishayotgan yoshlar saflari tobora kengayib bormoqda.

Shunday yoshlardan biri — Islomova Marjona. U 2003-yilda Jizzax viloyati, Jizzax shahrida tavallud topgan. Bolaligidan sportga mehr qo‘ygan Marjona suzish va suvga sakrash sport turlari bilan o‘n yil davomida muntazam shug‘ullandi. U suzish bo‘yicha birinchi razryad sohibasi, suvga sakrash bo‘yicha esa sport ustasi hisoblanadi. Faoliyati davomida bir necha bor O‘zbekiston chempioni bo‘lib, mamlakatimiz sportida munosib natijalarga erishdi.

2016-yilda Jizzax Olimpiya zaxiralari kollejida suzish yo‘nalishida tahsil oldi. 2021 yilda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat bosqichiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. Universitetda o‘qish davomida tashabbuskorligi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi bilan ajralib turib, Yoshlar ittifoqi faollari safidan o‘rin oldi. 2023-yilda Prezident tashabbusi bilan ta’sis etilgan Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldi. Shuningdek, magistratura bosqichiga 100 foizlik davlat granti asosida tavsiya etildi. 2024-yilda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy-tadqiqotlar instituti magistraturasiga sinxron suzish yo‘nalishi bo‘yicha 100 foiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.

Marjona Islomova bugungi kunda besh yildan buyon suzish bo‘yicha murabbiy sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shu vaqt davomida ko‘plab yosh sportchilarni tayyorladi, respublika va xalqaro musobaqalarda murabbiy sifatida ishtirok etdi. Biz Marjona Islomova bilan uning sportdagi yutuqlari, murabbiylik faoliyati va yoshlar uchun muhim bo‘lgan masalalar haqida suhbatlashdik.

— Marjona, sportga bo‘lgan qiziqishingiz qanday boshlangan?

— Bolaligimdan suvni yaxshi ko‘rardim. Ota-onam mening qiziqishimni qo‘llab-quvvatladi va sport bilan shug‘ullanishim uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdi. Shu ishonch menga kuch berdi. Keyinchalik mashg‘ulotlar mening hayotimning ajralmas qismiga aylandi va katta sportga qadam qo‘ydim. Suzish va suvga sakrash sport turi inson salomatligi uchun eng foydali yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Suzish nafaqat musobaqalar uchun, balki har bir insonning sog‘lom hayot kechirishi uchun ham juda muhim. U butun organizmni chiniqtiradi, barcha mushaklarni bir vaqtning o‘zida ishlatadi va insonni jismonan baquvvat qiladi.

— Sportda erishgan eng muhim yutuqlaringiz haqida so‘zlab bersangiz.

— O‘n yil davomida suzish va suvga sakrash bilan shug‘ullandim. Shu vaqt ichida bir necha bor O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Suzish bo‘yicha birinchi razryad, suvga sakrash bo‘yicha sport ustasi unvoniga ega bo‘ldim. Men uchun eng katta yutuqlardan yana biri — 2023 yilda Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi bo‘lganim va magistraturaga 100 foiz davlat granti asosida tavsiya etilganimdir. 2024 yilda esa Jismoniy tarbiya va sport ilmiy-tadqiqotlar instituti magistraturasiga davlat granti asosida qabul qilinganim men uchun katta sharaf bo‘ldi.

— Bugungi kunda murabbiy sifatida ham faoliyat olib boryapsiz. Bu kasb siz uchun nimani anglatadi?

— Murabbiylik men uchun juda mas’uliyatli kasb. Men faqat sportchi tayyorlashni emas, balki yoshlarni sog‘lom, irodali va intizomli inson qilib tarbiyalashni ham o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Shogirdlarimning har bir yutug‘i men uchun ham katta baxt.

— Suzishning inson salomatligi uchun qanday foydalari bor?

— Suzish eng foydali sport turlaridan biri hisoblanadi. U yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, nafas olish faoliyatini yaxshilaydi, immunitetni kuchaytiradi. Shuningdek, umurtqa pog‘onasidagi muammolar, skolioz, revmatizm kabi kasalliklarning oldini olishda va tiklanish jarayonida ham juda katta ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, suzish insonning ruhiy holatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mashg‘ulotlar stressni kamaytiradi, asab tizimini tinchlantiradi va insonni kun davomida tetik saqlaydi.

— Ko‘pchilik suvdan qo‘rqadi. Bu qo‘rquvni qanday yengish mumkin?

— Suvdan qo‘rqish tabiiy holat. Uni yengish uchun insonga vaqt va to‘g‘ri yondashuv kerak. Mashg‘ulotlar albatta tajribali murabbiy nazoratida, bosqichma-bosqich olib borilishi lozim. Avvalo suvga ishonch hosil qilish, to‘g‘ri nafas olish mashqlarini bajarish va oddiy harakatlardan boshlash muhim. Har bir kichik natija insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

Murabbiy sifatida men sportchilarning psixologik holatiga ham katta e’tibor beraman. Chunki qo‘rquvni yengish, avvalo, insonning ongi va ishonchidan boshlanadi. Bolalar va kattalar bilan ishlash jarayonida ularni ruhan qo‘llab-quvvatlash, motivatsiya berish va har bir harakatini to‘g‘ri baholash orqali suvdan qo‘rqishni bartaraf etish mumkin.

— Sport inson xarakteriga qanday ta’sir qiladi?

— Sport insonni intizomli, sabrli, mas’uliyatli va irodali qiladi. Mashg‘ulotlarda shakllangan fazilatlar keyinchalik hayotda ham katta yordam beradi. Shuning uchun har bir yoshga sport bilan muntazam shug‘ullanishni tavsiya qilaman.

— Yoshlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

— Hech qachon o‘zingizga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmang. Oldingizga katta maqsad qo‘ying va unga yetishish uchun doim mehnat qiling. Imkoniyatlardan unumli foydalaning, bilim oling, sport bilan shug‘ullaning. Eng muhimi, qiyinchiliklardan qo‘rqmang. Har bir katta g‘alaba ortida katta mehnat va sabr turadi.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday?

— Kelgusida xalqaro darajadagi malakali murabbiy bo‘lishni, yanada ko‘proq chempion sportchilarni tarbiyalashni va O‘zbekiston sportining rivojiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilganman. Eng katta orzum — shogirdlarimning xalqaro maydonlarda davlatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishidir.

Marjona Islomovaning hayot yo‘li mehnat, bilim, intilish va qat’iyat har qanday orzuga eltuvchi eng ishonchli yo‘l ekanini yana bir bor isbotlaydi. U nafaqat bir necha karra O‘zbekiston chempioni, balki iqtidorli murabbiy sifatida ham yuzlab yoshlarni sportga jalb etib, ularning sog‘lom, barkamol va irodali inson bo‘lib kamol topishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Uning fikricha, sport — faqat medallar yoki g‘alabalar emas, balki inson salomatligi, kuchli iroda, sog‘lom fikrlash va hayotga bo‘lgan ishonchni shakllantiruvchi eng muhim omillardan biridir. Ana shunday fidoyi, bilimli va tashabbuskor yoshlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam tayanchi va mamlakatimiz kelajagining ishonchli egalaridir.

Zulxumor Akbarova