Ma’lum qilinishicha, mazkur shaxs Interpol kanallari orqali o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinib, qidiruvga berilgan. Uning joylashgan manzilini aniqlash va qo‘lga olish maqsadida xorijiy davlatlar Milliy markaziy byurolari bilan doimiy axborot almashinuvi va harakatlar muvofiqlashtirildi.
Xususan, Interpolning Tbilisi shahridagi Milliy markaziy byurosi bilan o‘tkazilgan hamkorlikdagi tadbirlar natijasida qidiruvdagi shaxs Gruziya hududida aniqlanib, qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, xalqaro qidiruv e’lon qilishdan tortib, ekstraditsiya jarayonini amalga oshirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi tomonidan tashkiliy-huquqiy va axborot jihatdan to‘liq hamrohlik qilingan.
Shuningdek, Gruziya Adliya vazirligi O‘zbekiston tomonidan kiritilgan iltimosnomani qanoatlantirganidan so‘ng, ekstraditsiya qilingan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi asosida Toshkent shahriga olib kelindi.
Hozirda u O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.