Avval mazkur yoʻlning qarama-qarshi tomonida kapital taʼmirlash va yangi asfalt qoplamasini yotqizish ishlari yakunlangan edi. Endi esa ishlar yoʻlning ikkinchi tomonida davom ettirilib, yuqori sifatli asfalt qoplamasi yotqiziladi.
Shu munosabat bilan 2026-yil 6-avgust soat 23:00 dan 10-avgust soat 08:00 gacha Kichik halqa avtomobil yoʻlining Bunyodkor shoh koʻchasi bilan kesishmasidan Arnasoy koʻchasi bilan kesishmasigacha boʻlgan taʼmirlanayotgan qismi transport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.
Taʼmirlash ishlari davomida avtotransport vositalari oqimi yoʻlning qarama-qarshi tomoniga yoʻnaltiriladi va harakat tasdiqlangan vaqtinchalik sxema asosida tashkil etiladi.
Shuningdek, tez tibbiy yordam xizmatining maxsus avtotransport vositalari uchun alohida vaqtinchalik harakat yoʻnalishi tashkil etiladi.
Mutasaddilar haydovchilardan yoʻl belgilariga qatʼiy rioya qilish, tezlikni pasaytirish hamda harakat yoʻnalishini oldindan rejalashtirishni soʻramoqda.
Qayd etilishicha, vaqtinchalik cheklovlar yoʻlni sifatli kapital taʼmirlash, yangi asfalt qoplamasini yotqizish va ishlarni xavfsiz yakunlash maqsadida joriy etilmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolardan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaqtinchalik noqulayliklarga tushunish bilan yondashish soʻraldi.