Har doim ham so‘zlariga quloq solavermasdim. Ba’zan onam suymagan o‘rtoğim uyga chaqirib kelsa, “Uyda yo‘q”, deb qaytarib yuborardi.
O‘shanda qattiq jahlim chiqardi, ammo vaqtning o‘zi onam haq ekanini isbotladi.
O‘sha vaqtlarda ko‘pchilik tengdoshlarimning ota-onasi ularni mana shunday nazorat
qilib turardi. Ota-onam kunning qaysi qismida, qayerda, kimlar bilan ekanimni,
taxminan bo‘lsa-da, bilardi. Albatta, ushbu nazorat bizning foydamizga xizmat
qilgan. Axir bejiz aytishmagan “Yaxshi bilan yursang, yetarsan murodda, yomon bilan
yursang, qolarsan uyatga”.
Ammo bugun davr boshqacha. Farzandingizni kim bilan do‘st ekani, nimalar
qilayotganini nazorat qilish deyarli imkonsiz. Masalan, yoningizda o‘tirib, ijtimoiy
tarmoqlar orqali turli xarakterdagi do‘stlari bilan yozishayotgan bo‘lishi mumkin.
Xalqimizda “Do‘sting kimligini ayt, sening kimligingni aytaman” degan ibora bor.
Farzandingizning do‘stlari kimligini bilmaganingiz bolangizni ham yaxshi
tanimasligingizni anglatadi. Bugungi davrda do‘stu dushman uyingiz eshigini qoqqib
kelmaydi, aksincha, profilingizdan sizga bog‘lanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda
ba’zan biz, kattalar firibgarlar tuzog‘iga tushib qolamiz. Hali sodda bolalarning
ularga aldanib, to‘g‘ri yo‘ldan adashib qolishi hech gap emas. Buning ustiga, “o‘rgimchak
tori” deya ta’rif beriladigan internet turli tuzoqlar, g‘araz niyatli odamlar
bilan to‘lib-toshgan. Onlayn qimor changali deysizmi, narkotik va psixotrop
moddalarning onlayn savdosimi, turli sharm-hayosiz kontentlar deysizmi —
barchasini ko‘rish mumkin. Xo‘sh, voyaga yetmagan farzandlarimizni bu illatlardan
asrash uchun nima qilamiz?
Dunyo hamjamiyati bu holat yaxshilikka olib bormasligi, davlat va jamiyat,
millat kelajagini so‘roq ostiga qo‘yishidan xavotirlanib, oldini olishning o‘ziga
xos tartib va me’yorlarini ishlab chiqmoqda. Ayrim davlatlar bunday kontentlarni
cheklashga zo‘r berayotgan bo‘lsa, ayrimlari voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlarini ijtimoiy
tarmoqlardan uzoqroq tutishga urinmoqda. Ba’zi mamlakatlar esa o‘z aholisi uchun
alohida ijtimoiy tarmoqlar yaratmoqda.
Turli qonuniy me’yorlar bilan kontent tarqatishni nazorat qilish mushkul.
Sababi, chek-chegarasiz internet olamida kontent yaratuvchilar ham talaygina.
Axborot oqimi ko‘pligi sabab baribir qaysidir sayt, ijtimoiy tarmoq kontentida,
albatta, qonun buzilishlari e’tibordan chetda qolmoqda. Yo bo‘lmasa, o‘zlarining
milliy ijtimoiy tarmog‘ini yaratgan mamlakatlarda ham ommabop tarmoqlardan
foydalanilayotganini kuzatish mumkin.
Xo‘sh, dunyo bosh qotirayotgan bu muammo oldida biz qanday yo‘l tutishimiz
kerak? Ushbu illatga qarshi kurashishda mamlakatimiz qay yo‘ldan bormoqda?
— So‘nggi yillarda dunyo miqyosida bolalarning internet va ijtimoiy
tarmoqlardagi xavfsizligi masalasi faqat axloqiy muhokamalar doirasidan chiqib,
keng jamoat xavfsizligi va bola huquqlari masalasiga aylandi, — deydi “Oila va
gender” ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Rasulbek Hojiev. — Onlayn
zo‘ravonlik, kiberbulling, zararli kontent, firibgarlik, shantaj va noqonuniy
aloqalar kabi xavflar, shuningdek, platformalardagi “odatlantiruvchi dizayn”
(masalan, algoritmik tasmalar, cheklanmagan qisqa videolar (skroll) va avtomatik
tavsiyalar) bolalar psixologiyasi va xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda ham bu masala dolzarb bo‘lib, 2024 yilda qabul qilingan
“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bilan
bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, jumladan, kiberbullingdan himoya
qilish huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda
yosh cheklovlarini joriy etish profilaktik siyosatning muhim elementi sifatida
qaralishi mumkin. Mazkur sohada dunyo amaliyotini shartli ravishda ikki yo‘nalishga
ajratish mumkin: qat’iy taqiq va tartibga solish (regulyatsiya).
Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt
ochishiga cheklovda asosiy mas’uliyat platformalar zimmasiga yuklangan: ular yoshni
tekshirishi va bolalarni platformaga kiritishga yo‘l qo‘ymaslik uchun chora ko‘rishi
shart. Biroq amaliyot ko‘rsatmoqdaki, texnik jihatdan bu cheklovni aylanib o‘tish
mumkin.
Fransiya va Turkiyada esa shunga yaqin tashabbuslar muhokama qilinmoqda.
Har ikki davlatda ham 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun cheklovlar, shuningdek,
platformalar zimmasiga yoshni tekshirish va ota-ona nazoratini ta’minlash
majburiyatini yuklash nazarda tutilgan.
Umumiy xulosa shuki, global tendensiya bolani to‘liq taqiqlashdan ko‘ra, platformalarning bolalar oldidagi mas’uliyatini huquqiy majburiyatga aylantirish tomon harakat qilmoqda.
O‘zbekistonda bunday siyosatga ehtiyoj borligini bir necha omillar tasdiqlaydi. Avvalo, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, jumladan, kiberbulling huquqiy jihatdan tan olingan va unga qarshi davlat siyosati shakllantirilmoqda. Shuningdek, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishning 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyasi bu yo‘nalish ustuvor ekanini anglatadi.
Bundan tashqari, yoshni tekshirish mexanizmlari shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga
tahdid bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har qanday siyosat “ma’lumotlarni minimal
yig‘ish” tamoyili asosida qurilishi lozim. Bunday jarayonda eng maqbul yechim
bosqichma-bosqich yondashuv hisoblanadi. Fikrimizcha, mamlakatimiz uchun eng to‘g‘ri
yo‘l — bosqichli va muvozanatli regulyator siyosatini joriy etish.
Birinchi bosqichda bolalar uchun xavfli funksiyalarni cheklash talab etilishi
kerak. Masalan, noma’lum kishilar bilan yozishmalar, ochiq guruhlarga kirish,
geolokatsiya, algoritmik tavsiyalar va jonli efirlar kabi funksiyalar avtomatik
ravishda cheklanishi mumkin.
Ikkinchi bosqichda yoshni ishonchli aniqlash va ota-ona nazorati
mexanizmlarini joriy qilish lozim. Bu yerda platformalarga “oqilona choralar”
standartini belgilash, ota-onalar uchun nazorat panellari, vaqt cheklovlari va
kontent filьtrlarini ta’minlash muhim.
Yuqoridagi choralar samara bermagan taqdirdagina uchinchi bosqich sifatida
muayyan yoshgacha akkaunt ochishni cheklash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Voyaga yetmaganlarni ijtimoiy tarmoqlarda cheklash bo‘yicha dunyoda yagona
yondashuv yo‘q. Ayrim davlatlar qat’iy taqiqni tanlayotgan bo‘lsa, boshqalari
tartibga solish va nazoratni kuchaytirish orqali muammoni hal qilishga urunmoqda.
O‘zbekiston uchun eng samarali yo‘l to‘liq taqiqdan ko‘ra, platformalar
mas’uliyatini oshirish, yoshni tekshirish, ota-ona nazorati va xavfli funksiyalarni cheklashga
asoslangan bosqichma-bosqich siyosatni joriy etishdir. Bu yondashuv milliy qonunchilik
va strategik maqsadlarga ham mos keladi.
Sanjar EShMURODOV,
“Yangi O‘zbekiston”
muxbiri