Har bir mamlakatning reytingdagi o‘rni to‘rtta asosiy toifaga birlashtirilgan. Bu 24 ta ko‘rsatkichni hisobga olgan holda kompleks baholash orqali aniqlanadi: moliya va soliqqa tortish, hayot sifati va salomatlik, xavfsizlik va barqarorlik, shuningdek, ko‘chib o‘tish va o‘zini namoyon qilish imkoniyatlari. Natijalar bir nechta kutilmagan syurprizlarni taqdim etadi: dunyoning eng boy davlatlaridan ba’zilari birinchi o‘ntalikdan ancha tashqarida.
Birinchi o‘rinni 72,8 ball bilan Estoniya egallagan. Singapur (72,6) va Malayziya (72,0) undan biroz ortda qolmoqda. Estoniyaning yetakchiligi, ayniqsa, mamlakat aholisi atigi 1,3 millionga yaqin ekanligini hisobga olsak, e’tiborga loyiq. U, ayniqsa, samarali huquqiy tizim, rivojlangan startap ekotizimi va yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasining pastligi tufayli xavfsizlik va yashash sharoitlari bo‘yicha yuqori natijalarni ko‘rsatmoqda. Boltiqbo‘yining boshqa davlatlari ham eng yaxshi 20 talikka kirdi: Litva 71,0 ball bilan 10-o‘rinni, Latviya esa 68,7 ball bilan 18-o‘rinni egalladi. Jahon reytingida birinchi yigirmatalikka kirgan davlatlarning teng yarmi Yevropadan o‘rin olgan. Ular orasida Portugaliya (71,6), Chexiya (69,9) va Malta (69,8) bor.
Yevropa mamlakatlari tibbiy yordamning yuqori sifati va umuman hayot sifatining yaxshi ko‘rsatkichlari tufayli ustunlikka ega. Shu bilan birga, Janubiy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida yashashning nisbatan qulayligi Bolgariya va Kiprga har biri 69,7 ball bilan Shimoliy va G‘arbiy Yevropadagi ba’zi taniqli raqobatchilardan o‘zib ketish imkonini beradi.
Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari ham yaxshi o‘rinlarni egallab turibdi. Tayvan (71,4) dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi, Bruney (69,3) va Yaponiya (69,1) ham kuchli yigirmatalikka kirdi.
Jahon reytingida oxirgi 20 ta o‘rnidan 13 tasi Afrika davlatlariga to‘g‘ri keladi, deb xabar berdi naked-science.ru.
Afrika davlatlari orasida eng yomon natijani Janubiy Sudan (42,3) ko‘rsatdi. Biroq jahon reytingida so‘nggi ikki o‘rin Afg‘oniston (39,5) va Yamanga (41,4) nasib etdi.
Ro‘yxatning quyi qismida joylashgan ko‘plab mamlakatlar avtoritar boshqaruv, siyosiy beqarorlik yoki zaif davlat institutlariga duch kelmoqda. Masalan, Afg‘oniston va KXDR (44,4) bir vaqtning o‘zida bir nechta mezonlar bo‘yicha past ko‘rsatkichlarni namoyish etmoqda, Gaiti (47,3) esa davlat hokimiyatining jiddiy inqirozi oqibatlarini boshdan kechirishda davom etmoqda.
Mulk huquqlarining zaif himoyasi, shuningdek, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash va barqarorlikning past ko‘rsatkichlari reytingning eng quyi pog‘onasida joylashgan mamlakatlarning pozitsiyasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Rossiya 58,9 ball to‘plab, 184 davlat orasida 121-o‘rinni egalladi va reytingning quyi yarmida qolgan.