Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev bilan muloqotda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklari yetkazildi.

«Qozogʻiston biz uchun shunchaki qoʻshni yurt emas, balki yaqin doʻst, ishonchli strategik hamkor va ittifoqchidir. Qosim-Jomart Kemelovichga iliq qabul va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik-birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash borasidagi qatʼiy intilishlari uchun chuqur minnatdorlik izhor qilaman», — dedi Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari.

Tashrif davomida Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Roman Sklyar bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tomonlar Oʻzbekiston–Qozogʻiston sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning izchil va toʻliq ijrosini taʼminlash maqsadida prezident administratsiyalari oʻrtasida yanada yaqin, tezkor va samarali hamkorlik mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar.

Shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi Davlat maslahatchisi Yerlan Karin bilan oʻtkazilgan muloqotda uzoq muddatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi. Xususan, madaniy diplomatiyani rivojlantirish, mamlakatlar oʻrtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashda yoshlarning oʻrni hamda yuqori texnologiyalar sohasidagi istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiya Ostona shahridagi «Ostona» xalqaro moliya markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilayotgan bir paytda Qozogʻistonning mazkur sohadagi tajribasini oʻrganish muhim ahamiyatga ega.



Tomonlar moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish va oʻzaro tajriba almashish orqali nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy Osiyoga investitsiyalar oqimini kengaytirish mumkinligini taʼkidladilar.