Joriy yilning 9–10 sentyabr kunlari Parij shahridagi «Grand Palais» majmuasida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan birinchi Xalqaro kosmik sammit bo‘lib o‘tdi.

Sammitda kosmik sohaning kelajagi, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, kosmik iqtisodiyot, ilm-fan va texnologiyalar, shuningdek, kosmik xavfsizlik masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari Bobur Xodjaev hamda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.

Sammitda 90 ta davlat va xalqaro tashkilot vakillari, qariyb 60 ta davlat va hukumat rahbarlari hamda vazirlar, shuningdek, kosmik agentliklar, astronavtlar, ekspertlar, startaplar va kosmik sohadagi 1000 dan ortiq yetakchi kompaniyalar vakillari qatnashdi.

Tadbir doirasida kosmik sohani rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kosmik faoliyat barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, sohadagi dolzarb muammolar va ularni birgalikda hal etish, ilg‘or tajriba hamda bilim almashish masalalari muhokama qilindi.

Sammit doirasida «Tez o‘zgarayotgan dunyo uchun yangi kosmik makon», «Kosmik xavfsizlik: Yevropadan javoblar» va «Kelajakdagi kosmik infratuzilma haqidagi qarashlar» mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi.

Shuningdek, «Global kosmik iqtisodiyot», «Xavfsizlik va hamkorlik» hamda «Fan va tadqiqotlar» yo‘nalishlarida panel muhokamalari tashkil etildi.

Sammitda 14 ta davlatdan 19 nafar taniqli astronavt ishtirok etdi. Ular orasida Fransiyadan Toma Peske, Italiyadan Samanta Kristofo­retti va Luka Parmitano, Germaniyadan Aleksandr Gerst va Mattias Maurer, Birlashgan Arab Amirliklaridan Sultan Al-Neyadi, Turkiyadan Alper Gezeravji ham bor.

Sammit kosmik sohaning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashish, mavjud imkoniyatlarni muhokama qilish hamda kelgusidagi hamkorlik uchun yangi aloqalarni shakllantirish imkonini berdi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan astronavtlarni qutlash marosimida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham ishtirok etdi.