Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Isparta shahridagi «Kommandos» togʻ-oʻquv mashqlar markazida tashkil etilgan musobaqa 10–21 may kunlari boʻlib oʻtdi.

Bellashuvda Oʻzbekiston, Turkiya, Turkmaniston, Pokiston, Kosovo, Ozarbayjon, Italiya, Gruziya, Bolgariya, Moʻgʻuliston, Ispaniya hamda Jazoir kabi 13 davlatdan 24 ta jamoa ishtirok etdi.

Musobaqada ishtirokchilar «Minora va qayiqdan oʻq otish», «Jangovar otish», «Yuqori aniqlikda otish», «Toʻsiq ortidan otish», «Havodagi vertolyotdan otish», «Oʻzini sinash», «Tunda nomaʼlum masofalarga oʻq otish» hamda «Syurpriz» shartlari boʻyicha mahoratini namoyish qildi.

7 ta shart boʻyicha toʻplangan ballar asosida eng kuchli 10 ta jamoa finalga yoʻl olgan. Hal qiluvchi bosqichda oʻzbekistonlik merganlar vazifalarni yuqori aniqlik va tezkorlik bilan bajarib, rekord natijalarni qayd etdi.

Qariyb 10 kun davom etgan bellashuvlar yakuniga koʻra, Oʻzbekiston jamoasi xorijiy davlatlar armiyalari orasida birinchi oʻrinni egallab, oltin medal bilan taqdirlandi.

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi ushbu musobaqada beshinchi bor ishtirok etmoqda. Jamoa 2022–2023 yillarda ikkinchi oʻrinni, 2024–2026 yillarda esa ketma-ket birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan.

Mutasaddilarga koʻra, bunday xalqaro musobaqalar harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish va oʻzaro bilim almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.