Unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati agentligi tizimidagi korxonalar ham ishtirok etmoqda. Ular o‘z mahsulotlarini «Made in Uzbekistan» yagona milliy brendi ostida namoyish qilmoqda.
O‘zbekiston mazkur xalqaro ko‘rgazmada Markaziy Osiyo mintaqasidan yagona ishtirokchi davlat sifatida qatnashmoqda.
Mudofaa sanoati agentligi ko‘rgazma doirasida so‘nggi yillarda ishlab chiqilgan innovatsion mahsulotlar va turli yo‘nalishlardagi ishlanmalarni taqdim etmoqda.
O‘zbekiston milliy stendidan mamlakatda ishlab chiqarilgan mudofaa mahsulotlari, jumladan, o‘q-dorilar, shaxsiy himoya vositalari, harbiy anjomlar, aviatsiya komponentlari, dronlar hamda ularga qarshi kurashish tizimlari o‘rin olgan.
Mahalliy mahsulotlar xalqaro mutaxassislar va xorijiy delegatsiyalar, xususan, Afrika qit’asi davlatlari vakillarida qiziqish uyg‘otmoqda.
Ko‘rgazmada «Made in Uzbekistan» brendi ostidagi harbiy va ikki xil maqsadda foydalaniladigan mahsulotlarni namoyish etish mahalliy mudofaa sanoati korxonalarining eksport salohiyatini kengaytirish, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan AAD 2026 ko‘rgazmasida dunyoning 30 dan ortiq davlatidan kelgan 350 dan ziyod yetakchi kompaniya ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida biznes-forumlar va aviashoudagi ko‘rgazmali chiqishlar ham tashkil etilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi milliy mahsulotlarni ko‘rgazma yakunlanadigan 20 sentyabrgacha namoyish etadi.