«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan «Ichki va tashqi migratsiyaning demografik jarayonlar va oila institutiga uzoq muddatli taʼsirini baholash» ilmiy loyihasi doirasida mamlakatdagi tugʻilish koʻrsatkichlarining uzoq muddatli prognozi amalga oshirildi.

Prognozga koʻra, Oʻzbekistonda tugʻilishlar soni kelgusi yillarda oʻsishda davom etadi. Jumladan, 2030 yilda 892,7 ming nafar, 2040 yilda 1 million 16,1 ming nafar, 2050 yilda esa 1 million 234,1 ming nafar chaqaloq tugʻilishi kutilmoqda.

Hududlar kesimida tugʻilishlar sonining eng yuqori oʻsish surʼatlari Toshkent viloyatida 62 foiz, Toshkent shahrida 61 foiz, Andijon viloyatida 48,6 foiz, Samarqand viloyatida 43,3 foiz va Namangan viloyatida 42,4 foizni tashkil etishi prognoz qilingan.

Tugʻilishning umumiy koeffitsienti boʻyicha esa oʻrta muddatda biroz pasayish, keyinchalik barqaror oʻsish tendensiyasi kutilmoqda. Respublika boʻyicha mazkur koʻrsatkich 2030 yilda 21,2 promille, 2040 yilda 20,8 promille va 2050 yilda 21,9 promilleni tashkil etishi mumkin.

2050 yilda tugʻilish koeffitsienti eng yuqori boʻlishi kutilgan hududlar orasida Surxondaryo viloyati 24,7 promille bilan yetakchilik qiladi. Keyingi oʻrinlarda Qashqadaryo viloyati — 23,8 promille, Namangan va Samarqand viloyatlari — 23,1 promille, Andijon viloyati — 22,9 promille hamda Toshkent shahri — 22,3 promille koʻrsatkich bilan qayd etilgan.

Mutaxassislar fikricha, tugʻilishlar sonining oʻsishi kelgusi yillarda taʼlim, sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʼlim, uy-joy, ijtimoiy xizmatlar va mehnat bozori infratuzilmasiga boʻlgan ehtiyojning ortishiga olib keladi.

Shu bois demografik oʻzgarishlarni oldindan baholash davlat resurslarini samarali taqsimlash, hududlarni kompleks rivojlantirish va inson kapitaliga yoʻnaltiriladigan investitsiyalarni strategik rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.