Keyingi yillarda mamlakatda isteʼmolchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ichki bozorda muomalaga chiqarilayotgan mahsulotlar xavfsizligini taʼminlash hamda tadbirkorlik subyektlari uchun adolatli va shaffof raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Biroq amalda inson hayoti, sogʻligʻi, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan nooziq-ovqat mahsulotlarini aniqlash, ularni muomaladan chiqarish va vakolatli davlat organlarining oʻzaro hamkorligini taʼminlash bilan bogʻliq munosabatlarni yagona huquqiy asosda tartibga soluvchi alohida qonun mavjud emas edi.

Yangi qonun bilan ushbu sohada yagona huquqiy mexanizm joriy etilmoqda.

Xususan, bozor nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari, vakolatli davlat organlari hamda iqtisodiy operatorlarning huquq va majburiyatlari, nazorat tadbirlarini oʻtkazish tartibi va taʼsir choralarini qoʻllashning aniq huquqiy asoslari belgilanmoqda.

Shuningdek, bozor nazoratini xavf-xatarlarni baholash asosida tashkil etish, nazorat xaridlarini amalga oshirish va mahsulotlarni laboratoriya sinovlaridan oʻtkazish mexanizmlari joriy etiladi.

Xavfli deb topilgan mahsulotlarni muomaladan chiqarish va chaqirib olish, shuningdek, bu haqda isteʼmolchilarni tezkor xabardor qilish tartibi ham belgilanmoqda.

Qonun bilan tadbirkorlik subyektlari — iqtisodiy operatorlarning huquqlari ham kafolatlanadi.

Jumladan, ularga:

  • bozor nazorati tadbirlarida ishtirok etish;
  • nazorat materiallari bilan tanishish;
  • nazorat jarayonida audio va videoyozuvlarni amalga oshirish;
  • vakolatli organlar qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqlari beriladi.

Senatorlarning taʼkidlashicha, mazkur kafolatlar tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Qonunning qabul qilinishi natijasida ichki bozorda xavfsiz va belgilangan talablarga javob beradigan mahsulotlar muomalada boʻlishini taʼminlash, isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoya qilish, davlat nazoratining ochiqligi va shaffofligini oshirish hamda halol tadbirkorlik muhitini mustahkamlash maqsad qilinmoqda.

Shuningdek, hujjat mamlakatda bozor nazoratining zamonaviy va samarali tizimini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Muhokama yakunida senatorlar “Bozor nazorati toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi.