Baliqchilikni rivojlantirish markazi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, umumiy foydalanishda bo‘lgan suv havzalarida taqiqlanmagan qurol va usullarda 5 kg gacha baliqni bepul ovlashga ruxsat etilgan. Bu tartib bekor qilinmaydi. Ya’ni 5 kg gacha baliqni bepul ovlash imkoni­yati pullik qilinmaydi.

Shu bilan birga, 122-son Farmonning 3-ilovasi 4-bandida sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm uchun tashkil etilgan xizmatlarni yagona tizimga jamlash hamda aholi uchun qulaylik yaratish ko‘zda tutilgan.

Mazkur tizim orqali sport-havaskor baliq ovlash uchun sharoit yaratgan xo‘jaliklar o‘z xizmatlarini ixtiyoriy ravishda yagona platformaga joylashtirishi mumkin.

Platformada suv havzasining joylashgan manzili, baliq ovlash uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud xizmatlar, bir kunlik baliq ovlash narxi, shuningdek, mavjud joylar va ularning bandligi haqidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.

Havaskor baliq ovlovchi esa «Fishermen ID» tizimi orqali o‘ziga qulay hududni tanlashi, mavjud sharoitlar va narxlar bilan tanishishi hamda bo‘sh joylarni oldindan band qilishi mumkin.

Band qilingan xizmat uchun to‘lov amalga oshirilgach, elektron QR-kodli chek taqdim etiladi. Fuqaro ushbu chek asosida belgilangan kunda borib, tashkil etilgan sharoitlardan foydalanishi mumkin.

Shunday qilib, mazkur tizimning joriy etilishi umumiy foydalanishda bo‘lgan suv havzalarida baliqni bepul ovlash imkoniyatini bekor qilmaydi va uni pullik qilishni nazarda tutmaydi.

Tizimning asosiy maqsadi — baliq ovlashni istagan fuqarolarga sport-havaskor baliq ovlash va ekoturizm uchun yaratilgan mavjud xizmatlar, ularning joylashuvi, sharoitlari, narxlari va bo‘sh joylari haqida yagona platforma orqali qulay va ochiq ma’lumot olish imkoniyatini yaratishdan iborat.