Albatta, Muhtaram Prezidentimizning xalq uchun yaratayotgan imkoniyatlari inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Inson qadri yuksalgan joyda kelajak parloq bo‘ladi. Har bir qadamda yuksalish, rivojlanish, qurilish va obodonlashtirish jarayonlari avj olgan. 

Eng muhimi, hudud iqtisodiyotida yangi sanoat korxonalari va zamonaviy texnologiyalar kirib kelmoqda. Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, eksport geografiyasini kengaytirish va yashil energetikani rivojlantirishda Qoraqalpog‘iston sanoatining yangi qiyofasini shakllantirmoqda. Shu ma'noda bugungi bunyodkorlik ishlari nafaqat hozirgi iqtisodiy ehtiyojlarga, balki hududning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.

Mustaqilligimizning 35 yilligini tantanali nishonlash jaaryonida Qoraqalpog‘istonda jami 12 ob'ekt, shuning ichida 117 milliard so‘m mablag‘ hisobidan yangidan rekonstruksiya qilingan Turon futbol stadioni, 3,1 trillion so‘mlik 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi, 153 milliard so‘mlik Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi, 12 million dollarlik ohak ishlab chiqarish zavodi, xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtirilib, 167,7 milliard so‘m hisobidan rekonstruksiya qilingan Mang‘it suv tozalash inshooti, Nukus shahrida 15 million dollarlik gazoblok ishlab chiqarish korxonasi, Kegeylida 4 million dollarlik DVP mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi kabi ob'ektlar ishga tushirildi. Albatta, ushbu yirik loyihalar muhtaram Prezidentimizning odilona siyosati, boshqa davlatlar bilan yaxshi munosabatta bo‘lishi natijasida amalga oshirilmoqda. Investitsiyalar aholisi tinch, xalqi mehnatkash O‘zbekistonimizga, shu jumladan Qoraqalpog‘istonimizga kirib kelmoqda.

Shuningdek, Nukus tumani hududida 60 milliard so‘mlik parrandachilik kompleksi, Buyuk Britaniyaning 3,3 milliard so‘mlik Pearson Btec xalqaro ta'lim dasturi loyihasi, Nukus shahrida 21 milliard so‘mlik zamonaviy xususiy maktab, Taxiatosh tumanidagi 8,5 milliard so‘m hisobidan yangidan qurilgan 23-sonli umumta'lim maktabi, Chimboy tumanida 13,4 milliard so‘mlik yangi maktabgacha ta'lim tashkiloti foydalanishga topshirilishi so‘zimizning isboti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida energetika sohasi, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya yo‘nalishiga xorijiy investitsiyalarning faol jalb qilinishi, ishlab chiqarish quvvatlari sonini kengaytirmoqda. Nukus 2 — Osiyo taraqqiyot bankining quvvati 200 megavatt bo‘lgan yirik shamol energetikasi loyihalaridan biri hisoblanadi.

Qorao‘zak tumanida quvvati 200 megavatt bo‘lgan zamonaviy shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Yangi ob'ektning ahamiyatini uning ishlab chiqarish quvvati va yillik ko‘rsatkichlari ham yaqqol namoyon etadi. Stansiya to‘liq quvvatda ishlaganda yiliga qariyb 701 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu qariyb 292 ming xonadonning 1 yillik elektr energiyasi iste'moliga teng. E'tiborli jihati, majmuada 100 megavatt quvvatga ega energiya saqlash tizimi ham barpo etilgan. Zero, shamolning tezligi doimo bir xil emas. Energiya saqlash tizimi esa ishlab chiqariladigan elektr energiyasini zaxiralash va zarurat tug‘ilganda tarmoqqa uzatish orqali elektr ta'minoti barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Muhtaram Prezidentimizning «Bizning oliy va ezgu maqsadimiz – birgalikdagi fidokorona mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekiston tarkibida Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir» degan da'vati Qoraqalpog‘iston ahlini yangi marralar sari chorlaydi, har birimizda Vatanga xizmat qilish mas'uliyati va faxrini yanada oshiradi.   

Hurmatli Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashrifi xududning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini yanada oshirib, yangi imkoniyatlar yaratib beradi. Eng muhimi insonlar hayotini yaxshilashga xizmat qiladi.

Qonaqbay TURDЫBAeV,

Qoraqalpoq davlat universiteti professori,

filologiya fanlari doktori.