Mazkur qaror bilan Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari hamda ular qoshida “Kasblar shaharchasi”ni tashkil etish va faoliyat yuritish tartibi tasdiqlanishi koʻzda tutilgan.
Qayd etilishicha, ichki va tashqi mehnat bozori uchun raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash maqsadida Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari tashkil etiladi.
Ushbu texnikumlarda amaldagi qonunchilikka muvofiq boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlanadi. Har bir guruhda 20 nafardan oʻquvchi tahsil oladi va qabul belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shuningdek, taʼlim jarayonlari ISO, WorldSkills kabi xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlar asosida tashkil etiladi.
Qaror loyihasida Ilgʻor texnikumlar hamda ularda faoliyat yuritayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish maqsadida reyting koʻrsatkichlarini joriy etish ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, texnikumlar qoshida “Kasblar shaharchasi” faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Uning asosiy maqsadi — maktab oʻquvchilarini toʻgʻri kasb tanlashga yoʻnaltirish, turli kasblarga qiziqish va mehr uygʻotish, shuningdek, kelgusidagi taʼlim yoʻnalishini ongli tanlashga koʻmaklashishdan iborat.
“Kasblar shaharchasi” quyidagi interaktiv zonalardan tashkil topadi:
— axborot-maslahat zonasi;
— texnologik zona;
— sanoat va muhandislik zonasi;
— servis va xizmat koʻrsatish zonasi;
— mahorat maydonchasi.