Ko‘plab hududlarda ko‘chalar, yer osti o‘tish joylari va tunnellar suv ostida qoldi, yo‘llarda avtomashinalar qolib ketdi. Ba’zi hududlarda ko‘chkilar sodir bo‘ldi va daraxtlar ag‘anab tushdi.

Sariyer tumanining Ayazaga dahasi suv toshqinidan eng ko‘p zarar ko‘rdi. U yerda joylashgan uylar va ofislardan aholi evakuatsiya qilindi.

Kuchli yomg‘ir jamoat transportida ham jiddiy muammolarga sabab bo‘ldi. Kechki tig‘iz paytda yo‘l tirbandligi 89% ga yetdi, deb xabar berdi vesti.az.

Istanbulda jami 1277 ta suv toshqini holati qayd etildi. Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) va 112 shoshilinch xizmatiga 2518 ta qo‘ng‘iroq kelib tushdi.

Yomg‘ir tufayli ertaga Istanbul maktablarida darslar bekor qilindi. Istanbul gubernatori Davut Gyul aholiga o‘ta zarurat bo‘lmaganda uylaridan chiqmaslikni maslahat berdi.

Bundan tashqari, soat 21:00 dan boshlab mototsikl harakati taqiqlandi.

Turkiyadagi o‘zbekistonliklar noqulay ob-havo sabab ogohlantirildi. Istanbul, Yalova va Kojaeli viloyatlarida kuchli yomg‘ir va shamol sabab suv toshqinlari xavfi yuzaga kelishi mumkin. O‘zbekistonliklardan ehtiyot choralariga rioya qilish so‘raldi.