Yangi tartib 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab amal qiladi.

Magistratura dasturlari qancha muddat davom etadi?

Magistrlar:

— ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yo‘naltirilgan — kamida 1 yil;

— ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan — kamida 2 yil muddatda tayyorlanadi.

Ta’lim qanday tashkil etiladi?

Magistraturada ta’lim:

— kunduzgi;

— kechki;

— masofaviy shakllarda tashkil etilishi mumkin.

Amaliy dasturga yo‘naltirilgan magistraturada talabalar umumiy kurslar bo‘yicha birlashgan ma’ruzalar orqali nazariy bilim oladi hamda mutaxassislikka mos tashkilotlarda amaliyot o‘taydi.

Ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan magistraturada esa nazariy bilimlar bilan bir qatorda fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlari hamda ilmiy-ijodiy ishlar amalga oshiriladi.

Bitiruvchilar uchun qanday talablar belgilanadi?

Amaliy dasturga yo‘naltirilgan magistratura bitiruvchilari mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib:

— loyiha ishi;

— konstruktorlik loyihasi;

— startap loyihasi;

— ratsionalizatorlik g‘oyasi;

— amaliy-ijodiy asar

yoki boshqa turdagi ishni tayyorlaydi va himoya qiladi.

Ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan magistratura bitiruvchilari esa magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi va himoya qiladi.

Magistrlik dissertatsiyasiga qo‘yiladigan yangi talablar:

— ilmiy rahbar xulosasi taqdim etiladi;

— plagiatga yo‘l qo‘yilmaganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma yoki sertifikat taqdim etiladi;

— dissertatsiya “Yashirin ekspert taqrizi”dan o‘tkaziladi.

Shuningdek, magistrlik dissertatsiyasining mavzusi, qisqacha annotatsiyasi va himoya kuni oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Yana qanday imkoniyatlar yaratiladi?

Magistrlarni ish beruvchi tashkilotlar talablari asosida maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Magistrlik dissertatsiyalarining himoyasi esa ilmiy tadqiqot xususiyatidan kelib chiqib:

— oliy ta’lim tashkilotida;

— Fanlar akademiyasida;

— tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot tashkilotlari yoki ishlab chiqarish korxonalarida

tashkil etilishi mumkin.

Bundan tashqari, oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zaro kelishuviga ko‘ra, ikki nafar talaba hamkorligida, fanlararo bog‘liqlik asosida magistrlik dissertatsiyasini tayyorlashga ruxsat etiladi.

Ilmiy maqola e’lon qilgan magistrlar ham rag‘batlantiriladi.

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab o‘qish davrida Scopus yoki Web of Science ma’lumotlar bazalarida indekslanuvchi jurnallarda maqola e’lon qilgan magistratura talabalarini belgilangan tartibda rag‘batlantirib boriladi.