Qisqa marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Vazir Ahmad Attaf Jazoir va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy aloqalarni yuqori baholab, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi munosabatlarni chuqurlashtirish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Iqtisodiy hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, Ahmad Attaf hozirgi vaqtda o‘zaro savdo hajmi tomonlar salohiyatidan ancha past ekanini qayd etib, tog‘-kon sanoati va geologiya, farmatsevtika hamda to‘qimachilik sanoati kabi tarmoqlarda ulkan imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Vazir aholisi 50 million kishilik Jazoirda O‘zbekiston to‘qimachilik kompaniyalari mahsulotlari ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yib, keyinchalik ularni ulkan Afrika qit’asiga bojsiz eksport qilish imkoniyati borligini ma’lum qildi. Shuningdek, u mamlakat iqtisodiy zonalarida savdo uylari, omborxonalar va ko‘rgazma zallarini (shou-rumlar) tashkil etish, ishbilarmonlar kengashini shakllantirish hamda hukumatlararo komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
Ta’lim, tibbiyot va parlamentlararo hamkorlik sohalaridagi aloqalarni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Vazir Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlar, shuningdek, mamlakatning izchil taraqqiyotidan yaxshi xabardor ekanini bildirdi.
Suhbat yakunida Ahmad Attaf O‘zbekiston TIV rahbarining Jazoirga tashrifini intiqlik bilan kutayotganini qayd etib, hamkasbiga o‘zining samimiy salomlarini yetkazishni so‘radi. Bundan tashqari, u O‘zbekiston elchisining Jazoirdagi faoliyatini samarali yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish va amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 47 yoshli elchi Mansurbek Qilichev Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bitiruvchisi. U 2002-yildan buyon O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlab, turli diplomatik lavozimlarda, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida, shuningdek, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida — Saudiya Arabistonidagi elchixonasi va Dubaydagi Bosh konsulxonasida faoliyat yuritgan. Mansurbek Qilichev 2021-yil oktyabr oyidan buyon O‘zbekistonning Misrdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimida ishlab kelmoqda.