U ilg‘or va ezgu fikrlar hamda ularni amalga oshirish yo‘lidagi intilishlar mahsuli o‘laroq bunyod etiladi. Shu ma’noda, barcha sohada yuz berayotgan o‘zgarishlar, islohotlar bevosita bilim bilan bog‘liq.
Ta’limga e’tibor, bilim olishning imkoniyatlari, shaxsni barkamol etib
tarbiyalash — bularning barchasi mamlakat taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilishi
kundek ravshan. O‘qitish sifatini oshirish usullari, samarali dasturlar yaratish va
amalda qo‘llashga oid ishlar tizimli tus olganining boisi ham shunda, aslida. Bilim
olish, malaka va shaxs rivojlanishining dastlabki bosqichi asosi esa maktab
ta’limida.
Umumta’lim maktablarini bitirish tantanasi kabi ularga qabul qilish ham
o‘ziga xos hayajonli va mas’uliyatli jarayon. Prezident maktablariga 2026/2027 o‘quv
yili uchun hujjatlar qabul i 25 maydan 14 iyungacha amalga oshiriladi.
Yurtimizda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat ta’lim muassasalari,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘ziga xos jihatlari bor.
Biroq yaqin yillarda tashkil topgani uchunmi, Prezident maktablari to‘g‘risida
ko‘pchilik tuzukroq tasavvur va tushunchaga ega emas. Ayrimlarda maktabning maqomi,
nufuzi, avvalo, nomlanishi bilan bog‘liq degan yanglish tasavvur mavjud. Aslida, shu
kabi bir yoqlama qarashlarga mazkur ta’lim muassasalarida bilim olayotgan
o‘quvchilar erishayotgan natijalar eng munosib javob.
Yuksak maqsad
muqaddimasi
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini
tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida respublikamizning barcha
hududlaridagi iqtidorli bolalarni aniqlash, ta’lim jarayonida ilg‘or
texnologiyalarni qo‘llagan holda ularni o‘qitish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizim
yaratish, iste’dodli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ma’nan
yetuk, intellektual jihatdan barkamol avlodni shakllantirish ko‘zda tutilgan. Qaror
ijrosi doirasida yurtimizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich shunday tipdagi
maktablar tashkil etildi. Hozir Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Qarshi,
Navoiy, Namangan, Nukus, Nurafshon, Samarqand, Farg‘ona, Xiva, Termiz va Toshkentda
— jami 14 ta Prezident maktabi faoliyat yuritib keladi.
Xo‘sh, bu ta’lim muassasalarining boshqa maktablardan farqi, aytaylik,
afzalligi nimlardan iborat?
Albatta, Prezident maktablari birgina ezgu istak, qaror, standart o‘quv
dasturi asosida tashkil etilmagan. Qator nufuzli tashkilotlar, xususan, Xalqaro
maktablar kengashi, “Pearson Edexcel” tashkilotining akkreditatsiyasidan
muvaffaqiyatli o‘tib, xalqaro maktab maqomiga erishgan. Bundan tashqari, SAT
(akademik baholash testi) xalqaro sertifikati hamda Cambridge va “Pearson
Edexcel”ning IGCSE, AS va A Level imtihonlarini o‘tkazadigan rasmiy markazlarga
aylantirilgan.
Prezident maktablari davlat tomonidan to‘liq moliyalashtirilib, unga
qabul 4-sinfni a’lo baholarga bitirgan o‘quvchilarning onlayn ariza topshirishi
bilan boshlanadi. So‘ng ikki bosqichda o‘tkaziladigan imtihon natijalariga ko‘ra eng
bilimdonlar saralab olinadi. Kirish imtihonlari natijasini Kembrij universiteti
mutaxassislari tekshirib baholaydi. Keyinchalik o‘qishga qabul qilinganlar ayni
tarmoq dasturi asosida o‘qitiladi. Xususan, tabiiy va aniq fanlarni chuqur
o‘rgatish, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish,
o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish ustuvor vazifa
etib belgilangan.
Darsliklarga tegishli fan bo‘yicha muhim ma’lumotlar to‘plami sifatida
qarash mutlaqo noto‘g‘ri. Maktablarda darsliklar tizimlashtirilgan bilimlar manbai
bo‘lib, davlat standartlariga mos kelishi kerak. Ular o‘quvchilarning yoshi inobatga
olingan holda va mustaqil, tanqidiy-tahliliy fikrlashga ko‘maklashadigan, rivojlantiradigan
shakl va mazmunda tayyorlanishi lozim.
— Prezident maktablari
darsliklari ilg‘or xalqaro tajriba (Cambridge Assessment) asosida, STEAM
yondashuvini qo‘llagan holda mutaxassislar tomonidan ishlab chiqiladi. Ular tanqidiy
fikrlash, ingliz tilida ta’lim va amaliy ko‘nikmalarga asoslanib, uzluksiz ta’lim
dasturi doirasida yangilanib boradi, — deydi Ixtisoslashtirilgan ta’lim
muassasalari agentligining darsliklar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Sulaymon
Nazarov. — Darslik tayyorlashning qator xususiyatlari mavjud. Jumladan, xalqaro
dasturlar, asosan, Kembrij ta’lim dasturi asosida tayyorlanadi. STEAM yondashuvi
deganda, darsliklarning fanlarni integratsiyalashgan holda o‘rgatishga qaratilgani
tushuniladi. Bu orqali mantiqiy va tanqidiy fikrlash tarzi rivojlantiriladi.
Ayni jihatdan o‘qituvchilarning o‘rni va ahamiyati alohida. Ular ilg‘or
texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etib, ta’limni modernizatsiyalash vazifalariga
mos holda har bir o‘quvchining ichki imkoniyatlarini ishga soladi.
— Oddiy umumta’lim maktablaridan tortib, barcha tipdagi ta’lim muassasalarida
pedagoglar va darsliklar mavzusi chambarchas ahamiyatga ega. Prezident
maktablarida ta’lim ikki asosiy o‘quv dasturi asosida olib boriladi: birinchisi —
xalqaro Kembrij o‘quv dasturi, ikkinchisi — milliy o‘quv dasturi. Kembrij dasturi
asosida o‘qitiladigan fanlar uchun darslik va o‘quv materiallari to‘g‘ridan-to‘g‘ri
Cambridge University Press tomonidan ta’minlanadi. Bu materiallar xalqaro
akademik standartlarga javob beradi va o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash, tahlil
hamda mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Milliy o‘quv dasturi asosida o‘qitiladigan fanlar uchun darsliklar esa davlat
tomonidan tasdiqlangan va taqdim etilgan o‘quv adabiyotlari asosida tashkil
etiladi, — deydi Toshkent shahridagi Prezident maktabi ijrochi direktori vazifasini
bajaruvchi Humoroy Ashirova. — Ayni paytda maktabimizda 38 pedagog faoliyat
yuritmoqda. Ulardan 27 nafari mahalliy, 11 nafari xorijiy mutaxassislar.
Xorijlik muallimlar turli mamlakatlardagi ilg‘or ta’lim tajribasini maktabimizga
olib kirib, xalqaro akademik muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu tarkib
milliy qadriyatlar va global ta’lim tajribasining muvozanatli uyg‘unligini
ta’minlaydi.
Hozir Prezident maktablari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari
agentligi tizimiga kiritilgan. Tizim ta’lim mazmuni, boshqaruv shakli, xalqaro
dasturlar integratsiyasi va o‘quv muhitining kompleks ravishda ishlab chiqilgani
bilan o‘ziga xos va noyob.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda Prezident maktablariga muayyan
darajada o‘xshash modelda faoliyat yurituvchi ta’lim muassasalari bor. Ular iqtidorli
o‘quvchilarni tanlov asosida qabul qilishi, davlat tomonidan moliyalashtirilishi,
zamonaviy laboratoriyalar va kuchli STEАM yo‘nalishiga egaligi hamda xalqaro
universitetlarga tayyorlash imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Bunday maktablarda
ta’lim ilmiy tadqiqot, innovatsiya va mustaqil fikrlashni rivojlantirishga
qaratilgan. Jumladan, Turkiyaning Fen Liseleri, Janubiy Koreyaning Science High
Schools, Singapurning NUS High School of Mathematics and Science,
Qozog‘istonning Nazarbayev Intellectual Schools hamda Birlashgan Arab
Amirliklarining Applied Technology Schools maktablari ana shunday yuqori
maqomdagi ta’lim muassasalari. Boshqa davlatlardagi nufuzli maktablar ayrim
jihatlari bilan biz so‘z yuritayotgan ta’lim dargohlariga o‘xshash bo‘lsa-da, to‘liqcha
bir xil emas, ya’ni Prezident maktablari kabi barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan
yagona kompleks tizim emas.
Maqomga munosib
natijalar
Prezident maktablarining Xalqaro maktablar kengashiga a’zo bo‘lishi
ta’lim muassasasining xalqaro darajada tan olinganidan darak. Bu ushbu tipdagi
maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilarning chet eldagi nufuzli universitetlarda o‘qish
uchun grant yutish imkoniyatini yanada oshiradi. Fikrimizning isboti o‘laroq, xorijiy
universitetlarga o‘qishga to‘liq grant asosida qabul qilinayotgan yoshlar safi yil
sayin ortib borayotganini ko‘rsatish mumkin. Misol uchun, 2023 yilda Namangan
shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi dunyo reytingida 4-o‘rinda turadigan
Garvard universitetiga, 2024 yilda Toshkent shahridagi Prezident maktabi
bitiruvchisi Garvard va Prin cton universitetlariga 100 foizlik grant asosida
o‘qishga qabul qilindi. 2025 yilda Guliston shahridagi Prezident maktabi
bitiruvchisi Chikago universitetiga, Nukus shahridagi Prezident maktabi
bitiruvchisi esa Pechak ligasiga kiruvchi Braun universitetiga grant yutib oldi.
Joriy o‘quv yilida ham Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi
Dilafruz Sobirova Garvard universitetida 100 foizlik grant asosida ta’lim olish
imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu kabi yutuqlar yildan yilga ortib bormoqda. Ular
ko‘pchilik va bunday intilish muntazam davom etmoqda.
Shuningdek, Toshkentdagi Prezident maktabi “Zayed Sustainability Prize”
mukofotining “Global o‘rta maktablar” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Ushbu maktabning
ikki o‘quvchisi Pahlavon G‘ulomov va Asilbek Ashrapov hamda ularning ustoz i
So‘hibxon Azizovning yomg‘ir suvini ichishga yarokli darajagacha qayta ishlash bo‘yicha
loyihasi birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Tanlovga 156 davlatdan jami 5980 ta
ariza kelib tushganini e’tiborga olsak, bu yutuq zalvori ancha baland ekaniga
ishonch hosil qilamiz.
Prezident maktablari qisqa muddatda xalqimiz, ota-onalar va
o‘quvchilarning ishonchi hamda e’tirofiga sazovor bo‘lib ulg urdi. Yaratilgan
imkoniyatlar va erishilayotgan yutuqlar esa ularda o‘qishga talabgorlar soni yil
sayin oshishiga sabab bo‘lyapti. Birgina Toshkent shahridagi Prezident maktabi
misolida aytsak, o‘tgan yilgi qabul natijalariga ko‘ra, bitta o‘rin uchun 108
nomzod hujjat topshirgan. Bu esa tanlov juda yuqori darajada ekani va jamoatchilik
ishonchi yildan yilga mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Rustam BOYTO‘RA,
“Yangi O‘zbekiston”
muhbiri