Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament axborot xizmati maʼlum qildi.

Soliq qoʻmitasi hamkorligida oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida 6 ta masʼuliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) masʼul shaxslari va boshqalar 32,6 milliard soʻmlik qoʻshilgan qiymat soligʻini byudjetdan qaytarib olgani, shuningdek, 195,9 milliard soʻmlik mahsulotlarni naqd pulga sotib, savdodan tushgan mablagʻlarni bankka topshirmasdan juda koʻp miqdordagi savdo qoidalarini buzgani aniqlangan.

Tekshiruv xulosalariga koʻra, ushbu harakatlar oqibatida 42,5 milliard soʻmlik soliqlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlangan.

Shuningdek, tekshiruvda Toshkent viloyati soliq boshqarmasining ayrim masʼul shaxslari mazkur korxonalarda oʻtkazilgan audit tekshiruvlari dalolatnomalarini rasmiylashtirishda 5,2 milliard soʻmlik soliqlarni hisoblamasdan rasmiylashtirgani maʼlum boʻlgan. Bu esa davlat va jamiyat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.