Astronomiya instituti mutaxassislari tarqalgan foto va videomateriallarni dastlabki tahlil qildi. Obyektning tashqi ko‘rinishi, harakat xususiyati va hosil qilgan izida meteor yoki bolidga xos belgilar mavjud emas. Kuzatilgan manzara ko‘proq raketa yoki uning yuqori bosqichi bilan bog‘liq hodisaga o‘xshaydi.
Hozircha eng katta moslik bugun Xitoyda amalga oshirilgan kosmik kema uchirilishga to'g'ri kelmoqda. 19-sentabr kuni Xitoyning Taiyuan kosmodromidan Long March-2D (Chang Zheng-2D) tashuvchi raketasi uchirildi. Raketa PIESAT-2 turkumidagi to‘rtta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqdi.
Dastlabki orbital hisob-kitoblar uchirish vaqti, raketaning orbitasi hamda Toshkent osmonida hodisa kuzatilgan vaqt va yo‘nalish o‘rtasida juda yaxshi moslik mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli hozirgi bosqichda eng ehtimolli tushuntirish - Toshkent osmonida kuzatilgan hodisa ushbu kosmik uchirishning raketa bosqichi yoki undan keyingi orbital jarayonlardan biri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Biroq hozircha kuzatilgan obyektni aynan Long March-2D raketasining muayyan qismi deb qat’iy identifikatsiya qilishga hali erta. Yangi uchirilgan obyektlar bo‘yicha xalqaro orbital kataloglarda zarur elementlar va hodisaga oid mustaqil identifikatsiya hali mavjud emas.
Hozirgi dastlabki xulosa shuki: Toshkent osmonida kuzatilgan yorqin hodisa meteor yoki bolidga xos emas.
Kamoliddin ERGASHEV,
Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi