Loyiha aholi uchun qulay shahar muhitini shakllantirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlik va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunbaev, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, tuman hokimlari, tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, loyiha va pudrat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida Chirchiq daryosining 24 kilometrlik qismi bo‘ylab hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasida qirg‘oqbo‘yi hududlarini har ikki tomonlama obodonlashtirish, zamonaviy turar joy va ishbilarmonlik markazlarini barpo etish, jamoat maskanlari hamda transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, poytaxtda sun’iy ko‘llar barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan 12 ta loyiha ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, “Daryo bo‘yi business city” loyihasi Chirchiq daryosi bo‘yidagi hududlar salohiyatidan samarali foydalanish, yangi turar joy va ishbilarmonlik hududlarini mavjud infratuzilma bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, Toshkent aholisi va mehmonlari uchun yangi dam olish maskanlarini yaratish imkonini beradi.
Loyihada aholi uchun qulaylik, transport qatnovini yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va ochiq jamoat joylarini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Taqdimot yakunida mutaxassislar tomonidan loyihaviy yechimlar atroflicha muhokama qilinib, aholi manfaatlari, xavfsizlik, ekologik talablar va iqtisodiy samaradorlikni hisobga olgan holda kontseptsiyani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.