Poydevorga birinchi gʻisht qoʻyish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xoʻjaev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov, Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yon hamda Janubiy Koreyaning ROBOTIS kompaniyasi prezidenti Kim Byong Su ishtirok etdi.

1999 yilda tashkil etilgan ROBOTIS avtonom robototexnika sohasidagi jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya aktivlari 2,5 milliard dollarga baholanadi. Uning AQSh, Yaponiya va Xitoyda vakolatxonalari faoliyat yuritadi.

Kompaniya ishlab chiqqan texnologiyalardan Amazon, Microsoft, Apple, NASA, Google, Samsung va BMW kabi yirik xalqaro kompaniyalar keng foydalanadi.

Taʼkidlanishicha, mazkur strategik loyiha Oʻzbekiston sanoatini yuqori texnologiyalar bosqichiga olib chiqishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida mingdan ortiq malakali yangi ish oʻrni yaratilishi, shuningdek, ilgʻor xalqaro texnologiya va tajribalarni mamlakatga jalb etish ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislar fikricha, ushbu tashabbus Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoda robototexnika sohasining yetakchi markazlaridan biriga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.