Forum davomida kompaniya AQShning 77 Construction USA Corp., Xitoyning China Huaneng Group, Hindistonning Adani Group, Yaponiyaning MUFG Bank, Germaniyaning AKA Bank, Xorvatiyaning Koncar va In Foro Viridi kompaniyalari, Jahon banki guruhi hamda Afgʻoniston Tashqi savdo vazirligi vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvlarda gidroenergetika tarmogʻiga yirik investitsiyalarni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunlariga koʻra, qator amaliy kelishuvlarga erishildi. Jumladan, 77 Construction USA Corp. bilan EPC+F va davlat-xususiy sheriklik formatlarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Pskom GES loyihasida ishtirok etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Jahon banki guruhi bilan Xoʻjikent GAES loyihasini rivojlantirish, MIGA kafolat mexanizmlaridan foydalanish va grant dasturlarini jalb qilish yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishib olindi.

China Huaneng Group bilan davlat-xususiy sheriklik asosida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Adani Group bilan esa qoʻshma ishchi guruh tuzish hamda istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, MUFG Bank va AKA Bank bilan yirik energetika loyihalarini uzoq muddatli moliyalashtirish mexanizmlari muhokama qilindi. Xorvatiyaning Koncar hamda In Foro Viridi kompaniyalari bilan kichik va oʻrta gidroelektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Bundan tashqari, Afgʻoniston tomoni bilan gidroenergetika uskunalarini yetkazib berish va loyihalash sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

"Oʻzbekgidroenergo" AJ taʼkidlashicha, mazkur forum kompaniyaning xalqaro hamkorlik geografiyasini yanada kengaytirish, strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va gidroenergetika tarmogʻini zamonaviy moliyaviy hamda texnologik yechimlar asosida rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.