Forum Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (ICESCO) hamkorligida tashkil etilmoqda.

Anjumanda 50 dan ortiq mamlakatdan qariyb 300 nafar xorijiy mehmon — davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, islomshunos olimlar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Forum davomida islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, taʼlim, madaniyat va maʼnaviy meros rivojiga qoʻshgan hissasi, sivilizatsiyalararo muloqot, diniy bagʻrikenglik, madaniy diplomatiya, qoʻlyozmalarni asrash va raqamlashtirish kabi mavzular muhokama qilinadi.

Dasturdan 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yigʻilish va 6 ta sohaviy shoʻba yigʻilishi oʻrin olgan. Shuningdek, kitoblar taqdimoti, qoʻlyozmalar va islom sanʼati koʻrgazmalari, xalqaro uchrashuvlar hamda hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Samarqandda Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya, Termizda esa Imom Termiziyning ilmiy merosiga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtadi. Shuningdek, Imom Moturidiy taʼlimotiga bagʻishlangan ilmiy muhokamalar ham tashkil etiladi.

Forum doirasida ishtirokchilar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va boshqa tarixiy-maʼrifiy obyektlarga tashrif buyuradi.

Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, mazkur forum Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasi ilmiy-maʼrifiy merosini xalqaro miqyosda targʻib qilish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.