Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida Yevropa mintaqasida issiq havo to‘lqinlari oqibatida 200 mingdan ortiq odam vafot etgan. Eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari Italiya, Ispaniya, Germaniya va Gretsiyada qayd etilgan.

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan ishlab chiqilgan yangi ko‘rsatmalarda davlat idoralari va aholi uchun jazirama issiqning salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bayon etilgan.

Tashkilot aholiga quyidagi tavsiyalarga amal qilishni maslahat bermoqda:

  • Uyni salqin saqlash. Kechasi va ertalab havo salqin paytda xonalarni shamollatish, kunduzi esa, ayniqsa, quyosh tushadigan tomondagi deraza va pardalarni yopiq saqlash.
  • Suvsizlanishning oldini olish. Kun davomida chanqoq sezilmasa ham yetarli miqdorda, asosan suv ichish.
  • To‘g‘ri kiyinish. Tabiiy matodan tikilgan yengil va keng kiyimlar kiyish, tashqariga chiqqanda bosh kiyim va quyoshdan himoya vositalaridan foydalanish.
  • Kun tartibini moslashtirish. Eng issiq vaqtlarda — odatda soat 11:00 dan 17:00 gacha — ochiq havoda bo‘lmaslik va og‘ir jismoniy mehnatdan saqlanish.

Shuningdek, hujjatda issiq havo haqida erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish, ayniqsa, xavf guruhiga kiruvchi aholini o‘z vaqtida xabardor qilish muhimligi qayd etilgan.

JSST issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish, shaharlarda yashil hududlar maydonini kengaytirish, parklar barpo etish, daraxt ekish, daryolar, o‘rmonlar va botqoqliklarni asrab qolishni ham tavsiya etmoqda. Bu choralar aholi yashash hududlarida haroratni pasaytirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Tashkilot, ayniqsa, 65 yoshdan oshganlar hamda surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar jazirama issiq kunlarida alohida ehtiyotkor bo‘lishlari zarurligini eslatdi.