Sanʼatkor tavalludining 100-yilligi YUNESKO tomonidan keng nishonlanayotgani esa uning ijodiy merosini saqlash va rivojlantirishda yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Joylarda mazkur sana munosabati bilan ilmiy-amaliy seminar, xalqaro koʻrik-tanlovlar, madaniy tadbirlar oʻtkazilayotgani Oʻzbekiston xalq artisti Tavakkal Qodirovning oʻlmas ijodiy merosi iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashda oʻziga xos maktab vazifasini oʻtayotganini koʻrsatadi.
Bedazorda
tugʻilgan bola
Javzo oyining oʻrtalarida yoqqan yomgʻir
Xalfa adirliklaridan oqib Sultonobod qishlogʻining ekinzorlari boʻylab keladi.
Gʻarbdan esayotgan mayin shabada kishiga huzur bagʻishlaydi. Uzumzorlarda
chilgi endi chumak urgan, oʻrik gʻoʻralariga suv yugurgan. Bogʻlarda turfa
qushlarning sayroqi ovozi tinmaydi...
Sakkiz farzandining dogʻida yurak oldirib
qoʻygan ona toʻqqizinchi zurriyodini dunyoga keltirish uchun hech kimga, hatto
turmush oʻrtogʻiga ham bildirmay hovli etagidagi bedazorga qarab yurib borardi.
Toʻqqizinchi farzandini shu yer bagʻrida tugʻishga ahd qilgandi. Keksa momolar
irimiga koʻra, farzandi turmagan ona uydan tashqarida, hech kimning
nazoratisiz yolgʻiz tugʻishi kerakligini
bot-bot esga olib, toʻlgʻoq azoblariga tishini tishiga qoʻyib chidab, chaksa
terga botib borardi. “Farzandimni shu yerda tugʻaman. Tavakkal, yo yerniki
boʻlar, yoki meniki” xayolidan oʻtkazdi Toʻtibi. Birinchi bor qalbidan otilib
chiqqan “Tavakkal” soʻzi mushfiq ona
xotirasiga muhrlanib qoldi. Tugʻilajak farzandi oʻgʻil boʻlsa, ismini
Tavakkal deb qoʻyishni diliga tugdi...
Peshin namozini oʻqib, uy yumushlari bilan
andarmon boʻlib yurgan Turgʻun xolaning qulogʻiga ayol kishining qichqiriq
aralash ingragan ovozi eshitildi. Hamsoyasining ogʻiroyoqligi esiga tushib,
hovli tomon chopqilladi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, Toʻtibi chalqancha tushib
ingrab toʻlgʻanar, bedazorda qolgan
chaqaloq ingalab olamga talpinardi.
— Voy aylanayin, qoʻshni, nega
chaqirmadingiz, — deya toʻlgʻoq azobidan qutulib, koʻzlari bilan chaqalogʻini axtarayotgan
ayol boshini tizzalariga oldi, egnidagi nimcha bilan chaqaloqni oʻrab, ona
koʻkragiga berdi.
— Xudoyimga shukr,
qarang, polvongina oʻgʻil tugʻibsiz. Ovozining jarangi yetti mahallaga yetib
boradi-ya, — deya ukasi Qosimboyni mulla Qodir akaga oʻgʻilli boʻlganini aytish
uchun yubordi.
— Suyunchi!
Suyunchi bering, Toʻtibi opam oʻgʻil tugʻdilar...
Oʻsha kuni butun
Sultonobod qishlogʻida bayram boʻldi. Sakkiz farzanddan soʻng yorugʻ olamga
tirik kelgan goʻdakka Tavakkal deb ism qoʻyishdi. Barcha urf-odatlarga amal
qilinib, tarozining bir pallasiga chaqaloq, ikkinchi pallasiga bugʻdoy qoʻyilib,
doya enagadan sotib olindi. Turgʻun chevar xonadonma-xonadon yurib, qirq xil
yamoq yigʻdi va shu yamoqlardan chaqaloqqa atab quroq toʻncha tikib berdi.
Urf-odatlarga koʻra, farzandi turmagan onalar mana shunday udumlarga amal
qilishi kerak boʻlgan.
Bolalikdagi ilk qoʻshiq tugʻyoni
Abdujalilboyning
qishloq oʻrtasidagi hovlisi qoʻrgʻoni bilan maktabga berilgan boʻlib, mulla
Qodir akaning hovlisiga devor-darmiyon edi. Tavakkal maktab sari oshiqib
kelayotgan bolalarga havas bilan qarardi. Qani endi tezroq ulgʻaysa-yu, mahalla
bolalari qatorida maktabga borsa... Yugurik yillar koʻz yumguncha oʻtib ketdi.
Zehni oʻtkir, harakatchan Tavakkal oʻrta maktabning aʼlochi oʻquvchilari
qatoridan joy oldi. Qiyinchilik davrlar, hamma tirikchilik bilan ovora. Ukalari
yosh boʻlgani bois, uydagi mol-qoʻylarni boqish Tavakkalning zimmasida edi. Ana
shunday kunlarning birida maktabda badiiy havaskorlik toʻgaragi ochilib, uni
sozanda Gʻofirjon Hoshimov boshqara boshladi.
Tavakkal
kechqurunlari otasiga choyxona yumushlariga qarashardi. Bu yerda qishloqning
sozanda-xonandalari toʻplanib, turli konsert, askiya, oʻyin-kulgi kechalari
oʻtkazish odatga aylangandi. Yosh Tavakkal davralarda ijro etilgan har bir kuy,
qoʻshiqqa hamohang boʻlishga harakat qilardi. Qoʻshiqlarning avji pallasida
qoʻlidagi choynakni ham unutib, bir dam toʻxtab, kuy, qoʻshiq sehriga
choʻmardi. Sakkiz-toʻqqiz yashar bolaning sinchkov nigohlari, yonib turgan
koʻzlarini koʻrgan Gʻofir aka uni imlab yoniga chaqirdi.
— Qoʻshiq aytishga
qiziqasanmi? Qoʻlingda choynag-u, xayoling biz bilan. Istasang, ertaga
maktabdagi havaskorlar toʻgaragiga bor. Soz chalish, qoʻshiq kuylashni ham
oʻrganib olasan.
Shu sabab boʻlib
Tavakkal maktab badiiy havaskorlar toʻgaragining faol aʼzosiga aylandi. Bu
yerda musiqa asboblarini ushlash, sozlash, barmoqlari bilan qanday boshqarishni
oʻrgandi. Kichik jussali bolakayning tanbur va dutorga qoʻli yetmagani sababli
ustozlar unga dastlab doira chalish usullarini oʻrgatishdi. Mashgʻulotlarga
hammadan oldin kirishgan Tavakkal doira usuli bilan mumtoz qoʻshiqlar ijrosiga
berilib ketganidan ustozlari kelganini ham sezmay qoldi.
— Tortinmay kuyla,
men skripka bilan joʻr boʻlaman, — dedi Gʻofur aka. Tavakkal Fuzuliy gʻazali
bilan aytiladigan “Dugohi Husaniy” ashulasini sekin xirgoyisifat boshlab, oʻrta
pardada sekin-asta avj pardaga koʻtarildi. Yosh ijrochining doʻrillabroq
boshlagan ovozi oʻrta pardaga yetganda bir oz silliqlashdi, avjiga
koʻtarilganda esa ingichkaroq boʻlib oʻziga xos joziba bilan jarangladi.
Skripkada joʻr boʻlib, qoʻshiqni oxiriga qadar eshitgan ustoz yosh ijrochini
yanada qoʻllab-quvvatladi.
— Barakalla,
shunchalik yoqimli ovozing borligini bilmagan ekanman. Dugohni ham maromida
ijro etding, lekin bu ashula sening yoshingga ogʻirlik qiladi. Hozircha sal
yengilroq ashulalar aytishing kerak. Ustozlar kuylayotgan qoʻshiqlarni oʻrganib
olaver, ammo aytishga shoshilma. Ovozni bolalik, oʻsmirlik davridan asrash
kerak. Aytganlarimga amal qilib,
ovozingni asrab borsang, nafasing hech kimnikiga oʻxshamaydigan
yoqimli boʻladi.
Tavakkal shu kuni
ilk bor hamqishloqlari oldida qoʻshiq kuyladi. Qoʻshiq avvalidagi bir oz
hayajon asta-sekin unutildi. U usta
xofizlardek maromiga yetkazib qoʻshiq ijro
etdi. Qoʻshiq tugaganidan soʻng atrofni
olqishlar, maqtovlar tutib ketdi. “Baraka top!”, “Otangga rahmat!” degan
xitoblar yangradi.
Oʻgʻlining ijro
mahorati mulla Qodir aka uchun kutilmagan yangilik edi. Tavakkal musiqa
toʻgaragiga qatnab yurganiga unchalik roʻyxushlik bermay, Toʻtibi xolaga
“Urugʻimizda nogʻorachi bormidi, nima qiladi childirma chalib. Men oʻgʻlim
oʻqib, kelajakda odamlar ogʻirini yengil qiladigan kishi boʻlib oʻsishini orzu
qilaman”, derdi. Bugungi davrada oʻgʻlining shirali ovozda aytgan qoʻshiqlarini
tinglab, ich-ichidan gʻururlandi.
— Mayli,
boʻladigan boʻlsang chin maʼnodagi sanʼatkor boʻl, ustozlar izmidan chiqmay,
hamisha el ardogʻida boʻlgin, — deya oq fotiha berdi...
Qoʻshiq, kuy
ilmiga tashnalik yosh hofizni Fargʻona sanʼat bilim yurti sari yetakladi. U
oʻsha davrlarda xalqimizga yaxshigina tanilib qolgandi. Shu bois, viloyat
oʻzbek teatriga ishga taklif qilinib, 20 yil davomida shu jamoada samarali
mehnat qildi. “Bizni tashlab”, “Fasli navbahor oʻldi”, “Shunchamidi”, “Kecha oydin”,
“Gulgʻuncha”, “Jamollaringdan”, “Arzimni aytdim”, “Soʻzi shirin yorimdan”,
“Oʻzbekistonim”, “Fargʻonam mening”, “Bar mulki dilam”, “Oʻrgilay” singari
oʻnlab mashhur qoʻshiqlari hanuz shinavandalar qalbida.
Ustozning ijodiy
koʻlami juda sermazmun boʻlib, yuzdan ortiq ijrosi respublika
teleradiokompaniyasining oltin fondidan oʻrin olgan. Ayniqsa, 90-yillarda
Abduhoshim Ismoilovning ansambli bilan yigirmadan ortiq qoʻshigʻini yangidan
yozdi. Koʻp seriyali videofilm, telefilm uchun videotasmaga tushirildi.
1989-yilda sanʼatdagi ulkan xizmatlari uchun “Oʻzbekiston xalq artisti”
unvoniga sazovor boʻldi. Umrining oxirigacha Fargʻona davlat universiteti
professori lavozimida ilmiy pedagogik faoliyat bilan shugʻullandi. 1996-yil
13-aprel kuni 70 yoshida bu dunyoni tark etdi.
Ustozning bosib
oʻtgan hayot yoʻliga nazar tashlar ekanmiz, gohida muvaffaqiyat, gohida hayot
tashvishlari bilan oʻtgan umr bekatlarini tasavvur qilamiz. U qayerga bormasin,
halol mehnati bilan qoʻshiq shinavandalari olqishlariga, hurmat-eʼtiboriga
sazovor boʻlgan. Buyuk sanʼatkor hamisha hayotga, qoʻshiqqa, odamlarga tashna
boʻlib yashadi. Sanʼat deb atalmish ummonning sermashaqqat toʻlqinlarini kuylab
oʻtdi. Uning qoʻshiqlari kirmagan xonadon yoʻq. Hofizlik sanʼatida “Tavakkal
akaning yoʻli” degan eʼtirofga sazovor boʻldi. Yuzlab shogirdlar bu uslubdan
hanuzga qadar bahramand boʻlyapti. “Oʻzbekiston xalq artisti” yuksak unvoni
berilishi va vafotidan 25 yil oʻtib, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni
bilan taqdirlanishi ustozning sanʼat sohasidagi ulkan ishlariga munosib mukofot
boʻldi.
Sultonali MANNOPOV,
Fargʻona davlat universiteti
professori,
Oʻzbekiston xalq artisti