Hujjat aholi tinchligi, mamlakatimiz xavfsizligi, iqtisodiy barqarorligini mustahkam himoya qilish choralarini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan davlat chegarasi orqali tovar-moddiy boyliklar, xorijiy valyuta, qimmatbaho metallar va boshqa predmetlarni noqonuniy olib oʻtish, bojxona nazoratini chetlab oʻtish bilan bogʻliq javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Xususan, davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy qurilgan inshootlar, tunnellar yoki boshqa infratuzilmadan foydalangan holda bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish ogʻirlashtiruvchi holat sifatida belgilanyapti.

Shu bilan birga, davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy qurilgan inshootlar va tunnellardan foydalangan holda qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki davlat chegarasidan oʻtish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Qonun loyihasida davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy inshootlar va tunnellar qurish, infratuzilma barpo etish, ulardan foydalanish hamda mazkur faoliyatni moliyalashtirish uchun ham alohida jinoyiy javobgarlik joriy etilmoqda.