Bilim va malakalarni baholash agentligining mazkur masala yuzasidan ma’lum qilishicha, sertifikat imtihonlariga tashkiliy jihatdan sifatli va benuqson tayyorgarlik ko‘rish, imtihonlarni adolatli va shaffof o‘tkazish, talabgorlar uchun yetarli shart-sharoit yaratish hamda natijalarni belgilangan muddatlarda e’lon qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 iyuldagi 411-son qarori bilan «Umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Mazkur o‘zgartirishlarga muvofiq, test sinovlarini o‘tkazish joylari, muayyan hududlar bo‘yicha o‘tirish o‘rinlari soni hamda imtihon sanalarini belgilash tartibi belgilangan.
Shundan kelib chiqib, 2026 yilning ikkinchi yarmi uchun quyidagi miqdorda o‘tirish o‘rinlari ajratilgan:
sentyabr oyida — 125 753 ta;
oktyabr oyida — 129 535 ta;
noyabr oyida — 112 335 ta;
dekabr oyida — 128 680 ta.
Jami 496 303 ta o‘tirish o‘rni belgilangan.
Shu bilan birga, milliy sertifikat imtihonlarini o‘tkazish davriyligi ham oshirilmoqda. Xususan, 2026 yil sentyabr–dekabr oylarida matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan 2 martadan, huquqshunoslik fanidan 1 marta, jami 15 ta imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Taqqoslash uchun, 2025 yilning sentyabr–dekabr oylarida jami 11 ta imtihon o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 255 217 nafar talabgor ishtirok etgan.
Ta’kidlanishicha, hududlar kesimida o‘tirish o‘rinlarini belgilash talabgorlarning imtihonda ishtirok etishini cheklash, to‘lovlarni kamaytirish yoki yuqori natija ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan talabgorlar sonini sun’iy ravishda qisqartirish maqsadini ko‘zlamaydi.
Mazkur tartibning asosiy maqsadi mavjud infratuzilma, texnik vositalar, xodimlar va nazorat resurslaridan oqilona foydalangan holda imtihonlarni barqaror va sifatli tashkil etish, hududlar bo‘yicha yuklamani maqbul taqsimlash hamda natijalarni belgilangan muddatlarda e’lon qilishni ta’minlashdan iborat.