Ammo pala-partish, oʻzboshimchalik bilan davolanish organizmdagi hayotiy muhim aʼzolarda turli ogʻir darajadagi asoratlar yuzaga kelishiga sabab boʻlishi, toʻgʻri davolanish uchun qimmatli vaqt yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi kombustiologiya va toksikologiya boʻyicha bosh shifokori oʻrinbosari Mardon NARZIYEV bilan suhbatimiz shu haqda boʻldi.

— Har qanday dori xavfsiz emas, hatto retseptsiz beriladiganida ham qarshi koʻrsatmalar va nojoʻya taʼsirlar mavjud. Shunga qaramay, oʻzboshimchalik bilan davolanish va uning oqibatida yuzaga kelayotgan ogʻir asoratlar uchrab turibdi. Bu, tabiiyki, kasallik ustidan nazorat yoʻqolishi, inson salomatligiga tahdid solishi, ayrim hollarda noxush yakun topishi mumkin, shunday emasmi?

— Odamlar koʻpincha “Agar ogʻriq boʻlsa, men tabletka ichishim kerak” tamoyili asosida harakat qiladi va shifokor bilan maslahatlashmasdan dori-darmonni oʻzi tanlaydi. Natijada u kasallik alomatlarini davolaydi, ammo asl sababini bartaraf etmaydi. Masalan, yoʻtal virusli infeksiya va yurak yetishmovchiligi alomati boʻlishi mumkin. Notoʻgʻri tanlangan dori yordam bermaydi. Bundan tashqari, bu qimmatli davolanish vaqti yoʻqolishiga olib keladi.

Ayrim dorilar kutilmaganda allergik reaksiya yoki anafilaktik shok chaqirsa, baʼzilari jigar va buyrak faoliyatiga salbiy taʼsir qiladi. Boshqalari esa yurak ritmi buzilishiga olib kelishi mumkin.

Oʻzboshimchalik bilan davolanish shifoxonaga yotqizishni talab qiladigan jiddiy asoratlarga olib kelgan holatlar mavjud. Shuning uchun hatto retseptsiz beriladigan dorilarni qabul qilishda ham turli nojoʻya taʼsirlarni hisobga olish muhim.

Bir necha dorini birga qabul qilish har bir dorining taʼsirini sezilarli darajada oshirishi yoki susaytirishi mumkin. Oziq-ovqat va ichimliklar baʼzan dorilar soʻrilishini oʻzgartiradi. Tibbiy maslahatsiz qabul qilingan dori davolash samaradorligini pasaytirishi yoki organizm faoliyatini izdan chiqarish ehtimoli katta. Ayniqsa, qonni suyultiruvchi dorilarni oʻzboshimchalik bilan ichish mumkin emas. Sababi, qonning haddan ortiq suyuq boʻlishi jarohatlarda qon toʻxtamay qolishiga, insult va boshqa kasalliklar rivojlanishiga olib keladi. Yurak faoliyatiga taʼsir qiladigan dori-darmonlarni qabul qilish uchun, avvalo, bemorlar kardiolog-terapevt mutaxassislar koʻrigidan oʻtishi kerak. 

Aytaylik, yoʻtal va burun bitishi oʻtkir respirator virusli infeksiya (shamollash) tufayli yuzaga kelishi mumkin, bu koʻproq iliq suyuqlik ichish va uy sharoitida parvarish bilan davolanadi. Ammo u pnevmoniya va sinusit tufayli ham kelib chiqadi. Bu holatda antibiotik buyuriladi. Bemor yoki uning yaqini muayyan alomat sababini mustaqil ravishda aniqlashi maqbul hisoblanmaydi. Oddiy shamollash deb oʻylaganimiz ortida ham jiddiy xastalik boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

Yana bir holat. Odamlar sogʻliq bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelganda koʻpincha poliklinikaga murojaat qiladi. Shifokordan har bir kasalga individual yondashib, barcha jihatlarni inobatga olgan holda davo choralari tavsiya qilish talab etiladi. Afsuski, ayrim hamkasblarimiz bemorga kerak-keraksiz tekshiruvlar oʻtkazishi, shart boʻlmasa-da antibiotik buyurishi uchrab turibdi.

Oʻzboshimchalik bilan davolanishning salbiy oqibati uzoq muddatdan keyin ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Misol uchun, antibiotik va  gormonal dorilarning salbiy taʼsiri keyinroq seziladi. Antibiotik organizm uchun foydali mikroflorani yoʻq qilishi hamda jigar faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin. Antibiotikning asoslanmagan holatlarda keng qoʻllanishi oqibatida keyinchalik odamda asab tizimi izdan chiqishi kuzatilishi tibbiyotda isbotlangan. Chunki insonni ruhiy muvozanatda ushlab turadigan serotonin moddasi asosan ichakda ishlab chiqariladi. Ichakdagi mikroflora organizmimizga kerakli vitaminlarni oʻzlashtirishga yordam beradi.

Gormonlarni uzoq vaqt qabul qilish boʻgʻim kasalliklari, koksartroz, jigar kasalliklari, gepatit koʻpayib ketishiga ham olib kelyapti. Gormonlarning yana bir salbiy taʼsiri, u endokrin kasalliklar, misol uchun, qandli diabet yuzaga kelishiga turtki berishi mumkin. Shuningdek, buyrak usti bezi yetishmovchiligiga sabab boʻlish ehtimolini ham istisno qila olmaymiz. Stressga moyillik kuchayadi.

Ayni paytda elektron retsept amalda. Karbamazepin, dimedrol, psixotrop dori retsept asosida beriladi. Shu sabab istagan odam uni sotib ololmaydi. Tajribamizdagi ogʻriqli bir holatga toʻxtalmoqchiman. Oʻz joniga qasd qilish holatlari oʻrganilganda, qon bosimini tushiradigan dorilar koʻp miqdorda isteʼmol qilingani maʼlum boʻlgan. Aynan shu guruhga kiruvchi dorilar ham retsept orqali berilishi yoʻlga qoʻyilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

— Antibiotiklarni nazoratsiz isteʼmol qilish keyinchalik qanday muammolarni keltirib chiqarishi mumkin? 

— Birinchi marta oʻylab topilganda penitsillin yalligʻlanishlarni samarali davolagan boʻlsa, hozir taʼsiri deyarli sezilmay qolgan. Koʻplab yangi avlod dorilar yaratildi, kuchli antibiotiklar isteʼmolga kiritildi. Gripp yoki oddiy shamollash belgilari kuzatilganda kuchli antibiotik tavsiya etish salbiy oqibatini koʻrsatdi. Organizmning chidamliligi juda pasayib ketdi. Bakteriyalar antibiotiklarga moslashib, ular taʼsir qilmaydigan shakllarga aylandi. Natijada oddiy infeksiyalarga ham baʼzan dori taʼsir qilmayapti.

Kelgusida infeksiyalar tufayli bemorlarni saqlab qolish qiyinlashishi mumkin. Bu esa oʻlim xavfini oshiradi. Iqtisodiy oqibatlari ham ogʻriqli. Kuchli va qimmat dorilar, oylab shifoxonada yotish va qoʻshimcha tibbiy muolajalar har qanday odamning tinkasini quritishi tabiiy. Chidamli bakteriyalar odamlar oʻrtasida keng tarqalib, epidemiyani yuzaga keltirishi mahalliy va xalqaro miqyosda sogʻliqni saqlash tizimiga muammo boʻlishi mumkin. Jarrohlik amaliyotlari, organ koʻchirish, kimyoterapiyada infeksiyalarning oldini olish qiyinlashadi.

Hozirgi paytda yangi antibiotik kashf etish dunyo tibbiyotida katta muammoga aylan­yapti. Bu pnevmoniya yoki boshqa yalligʻlanish kasalliklari paydo boʻlganda antibiotiklar samara bermasligi ehtimoli juda ham katta degani. Bu esa bemorni saqlab qololmaslikka olib kelishi mumkin.

Antibiotiklar nafaqat tirik mikroblarni, balki tirik hujayralarni ham oʻldirishi yoki  nekrozga uchrashiga olib kelishi hech gap emas. Antibiotikdan keyin buyrak qurib qolishi yoki yurakka taʼsiri koʻrsatishi koʻp kuzatilgan. Oʻpkada organizmning immunitetiga qarshi kurashadigan saprofit mikroblarini yoʻq qilishi, allergiya kuchayishiga sabab boʻlishi isbotlangan. Ayniqsa, yoshlarda kuzatilayotgan bronxial astma, allergik rinit yoki teri kasalliklari — bular antibiotiklarni pala-partish qoʻllash oqibatida yuzaga kelyapti.

Shamollashni dorisiz davolash oson boʻlmasligi mumkin, chunki uni keltirib chiqaradigan turli viruslar mavjud. Ammo shifokor bilan maslahatlashgan holda kasallikni antibiotiksiz, tabiiy yoʻl bilan yengishga harakat qilish lozim. Immunitetni qoʻllab-quvvatlash, toʻgʻri ishlashiga yordam berish uchun vitaminlar, minerallar, oʻtlar va immunitetni oshiruvchi boshqa qoʻshimchalardan foydalanilsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

Antibiotiklar viruslarga taʼsir qilmaydi. Virusli infeksiyalar, shamollashda koʻproq suyuqlik, misol uchun, naʼmatak, asalli choy, sharbat va shoʻrva ichish suvsizlanishning oldini oladi. Tomoqni iliq tuzli yoki isteʼmol sodasi solingan suv bilan tez-tez chayish foyda beradi. Koʻproq dam olish tavsiya etiladi. Shunda organizmning infeksiyaga qarshi kurashish imkoniyati ortadi. Xonani shamollatib turish va havoni namlash infeksiyaga qarshi samara beradi, isitma boʻlganda shifokor tavsiyasi bilan ogʻriq qoldiruvchi va isitma tushiruvchi dorilardan foydalanish mumkin.

—  Internet va ijtimoiy tarmoqlardagi tibbiy tavsiyalar haqida fikringizni bilmoqchi edim.

— Ilmiy dalillarsiz internet va ijtimoiy tarmoqlardagi “moʻjizaviy tuzalish” haqidagi fikrlarga ishonish kerak emas. Agar reklamada dori “tez”, “kafolatlangan” yoki “universal” davolashi vaʼda qilinsa, bu ehtiyotkorlik bilan yondashish uchun sababdir. Toʻgʻri, ayrim tavsiyalar malakali shifokorlar tomonidan beriladi. Baʼzan tabiblar, biologik faol qoʻshimcha sotuvchilar tavsiyalariga ham koʻzimiz tushadi. Ammo shifokor koʻrigi va nazoratisiz turli tavsiyalardan foydalanish oʻrinli emas. Bu bemorning ahvolini ogʻirlashtirib qoʻyishi mumkin.

Ayniqsa, keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda tana vaznini kamaytirish boʻyicha shubhali reklamalar koʻpayib ketdi. Ana shu targʻibotlarga ishonib tekshirilmagan muolajalarni olayotgan, natijada ogʻir ahvolga tushib qolayotgan yurtdoshlarimiz bizga tez-tez murojaat qilyapti. Bu ogʻriqli muammo. Hech qachon, hech narsa qilmay, yotgan holda ozish mumkin emas. Shifokor koʻrigi, bir qancha tekshiruvlardan soʻng muolaja olish, toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom turmush tarziga rioya qilish tavsiya etiladi.

Yurtdoshlarimizda tibbiy madaniyat, sogʻlom turmush tarzi qaror topishida shunga ixtisoslashgan markazlarning oʻrni alohida. Masalan, vazn ortishining oldini olish uchun, birinchi navbatda, jismoniy faollikni oshirish, toʻgʻri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, dorilarni tartibsiz va shifokor nazoratisiz qabul qilmaslik, stressga moyillikni pasaytirish tavsiya etiladi.

— Dori-darmon reklamasi odamlarning oʻzboshimchalik bilan davolanishiga qay darajada taʼsir koʻrsatadi?

—  Reklamaning taʼsiri yaxshigina sezil­yapti desak, xato boʻlmaydi. Reklama dorining foydasini taʼkidlaydi, natijada baʼzi odamlar uni xavfsiz va hamma uchun mos deb qabul qilishi mumkin. Bu esa shifokorga murojaat qilmay, dori ichishga undaydi. Reklama qilingan dorini ichish bilan tuzalib qoladigandek, inson oʻzida kasallikni yengib oʻtishga kuch topgandek tuyuladi. Bu dorini nazoratsiz, nojoʻya taʼsirlarini obdan oʻrganmasdan qabul qilishga olib boradi. Garchi kasallik alomatlari oʻxshash boʻlsa-da, har bir bemor individual, ichki imkoniyatlari turlicha. Shifokor tavsiyasisiz, oʻzi bilganicha dori ichishning oqibatlari ayanchli boʻlishi mumkin.

Biologik faol qoʻshimcha dori emas, kasallikni davolashga moʻljallanmagan. Har qanday dorini xarid qilishdan oldin axborot manbasini tekshirish muhim. Ishonchli reklama dori tarkibi, qarshi koʻrsatmalar va mutaxassis maslahati zarurligi haqidagi maʼlumotni oʻz ichiga oladi.

— Shifokor tashxisi nima uchun muhim?

— Mutaxassis kasallikni aniq belgilaydi. Bir xil belgilar turli kasalliklarda uchrashi mumkin. Misol uchun, isitma va yoʻtal oddiy shamollash, virusli infeksiyalar bilan birga boshqa jiddiy kasalliklarda ham uchrashi bor gap. Baʼzan inson oʻzini juda holsiz sezadi. Bu vitamin yetishmasligi, kamqonlik yoki onkologik kasalliklar belgisi boʻlishi ehtimoli bor. Buni tekshirmasdan turib aniq tashxis qoʻyib boʻlmaydi. Bosh ogʻrishining sabablari turlicha. Vaqtida aniqlangan sabab kasallik kuchayishi va surunkali tusga oʻtishi, salomatlikka, inson hayotiga xavf soladigan boshqa jiddiy xastaliklar yuzaga kelishining oldini oladi.

Dorini kichik bolalarning qoʻli yetmaydigan joyga qoʻyish kerak. Tajribamizda kattalarga buyurilgan dorini ichib, zaharlangan bolalar ham uchrab turadi. Baʼzan ota-onalarning beparvoligi, tibbiy madaniyat yetishmasligi tufayli sodir boʻladigan bunday voqealar ayanchli oqibat bilan yakun topadi. Bir oilaning quvonchi, hayotimiz davomchisi boʻlgan bolalar salomatligi hamma narsadan muhim. Unga daxl qilishga hech kimning haqqi yoʻq. Shunday ekan, dori-darmonni saqlash va qabul qilishga malaka va bilim bilan yondashmoq kerak.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.