Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi mintaqada saqlanib qolayotgan keskinlik va havo qatnovlarida davriy ravishda yuzaga kelayotgan oʻzgarishlar munosabati bilan vatandoshlarga murojaat qildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Diplomatik vakolatxona maʼlumotiga koʻra, Saudiya Arabistonida ichki vaziyat barqarorligicha qolmoqda. Jamoat xavfsizligiga tahdidlar yoki maxsus cheklov choralari qayd etilmagan.

Shu bilan birga, umumiy mintaqaviy vaziyat parvozlar logistikasi, tranzit yoʻnalishlari va kutish vaqtlariga taʼsir qilishi mumkin. Bu esa aviareyslarning kechikishi, yoʻlovchilarning boshqa reyslarga oʻtkazilishi yoki parvoz yoʻnalishlarining oʻzgarishiga olib kelishi ehtimoli bor.

Elchixona vatandoshlarga xorijga safar qilishdan oldin aviareyslar jadvali, parvoz yoʻnalishlari va tranzit qoidalaridagi oʻzgarishlarni tekshirishni tavsiya etdi.

Shuningdek, quyidagi xavfsizlik choralariga amal qilish soʻraldi:

  • Saudiya Arabistoni va Yaman oʻrtasidagi chegara hududlariga yaqinlashmaslik;
  • mahalliy hokimiyat organlarining xavfsizlik boʻyicha koʻrsatmalariga qatʼiy rioya qilish;
  • harbiy obyektlar va turli hodisalar oqibatlarini tasvirga olmaslik;
  • tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslik va rasmiy axborot manbalaridan foydalanish;
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo yoningizda olib yurish.

Oʻzbekiston elchixonasi va Bosh konsulxonasi vatandoshlarga zarur hollarda quyidagi raqamlar orqali bogʻlanishni tavsiya etdi.

Oʻzbekistonning Ar-Riyozdagi elchixonasi:

  • Telefon: +966 11 263 52 23
  • Konsul: Shuhrat Ibragimov
  • Telegram / WhatsApp: +966 56 721 77 31

Oʻzbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasi:

  • Telefon: +966 12 607 72 50
  • Konsul: Azimjon Qobiljonov
  • Telegram / WhatsApp: +966 59 439 08 50

Elchixona barcha vatandoshlarni ehtiyotkor boʻlishga, rasmiy axborotlarni kuzatib borishga hamda tinchlik va xavfsizlik qoidalariga qatʼiy amal qilishga chaqirdi.